Muhtaram Prezidentimizning «Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi» g‘oyasi asosida saxovat tadbirlari poytaxtimizda davom etyapti.
Bu jarayonda o‘zga millat vakillariga alohida e’tibor qaratilayotir.
Bugun, Ramazonning 24-kuni (24 mart) Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida poytaxtimizdagi «Shayx Zayniddin» jome masjidida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda tumanlar bosh imom-xatiblari, imom-domlalar ishtirokida homiylarni jalb qilgan holda tumandagi 100 ga yaqin kam ta’minlangan, boquvchisiin yo‘qotgan, ehtiyojmand, nogironi bor oilalar holidan xabar olindi.
Abduqahhor domla «Ko‘kcha» mahallasiga tashrif buyurib, mahalla faollari bilan u yerdagi 5 ta yakka-yolg‘iz yashayotgan, nogiron parvarishlanayotgan xonadonga quvonch ulashilib, ehsonlar tarqatdilar.
Imom-xatiblar esa tumandagi boshqa mahallalarga bordilar.
Peshin namozidan so‘ng imom-domlalar «Shayx Zayniddin» jome masjidiga qaytib, amalga oshirilgan ezgu ishlar yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.
Yaxshilik, xayr-saxovat, mehr-oqibat, silai rahm kabi ulug‘ fazilatlar doimo insonga ziynat bo‘lib kelgan. Bunday olijanob xislatlarni o‘zida mujassam eta olgan insongina el-yurtning og‘irini yengil qila oladigan fazilatli shaxs hisoblanadi.
Alloh taolo Qur’on karimda: «Ehson-yaxshilikning mukofoti faqat ehson va ezgulik bo‘lajak» (Rohman surasi, 60-oyat), deb o‘zgalarga yaxshilik qiluvchilarga dunyo va oxiratda ulkan mukofotlar borligini ma’lum qilgan.
Alloh taolo ehsonlarni qabul qilsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni
Mamlakatimizda ilm-fan sohasini rivojlantirish, xalqimizning ilmiy-intellektual salohiyatini yuksaltirish borasidagi ko‘p yillik samarali mehnati, xususan, sharqshunoslik va manbashunoslik yo‘nalishidagi fundamental tadqiqotlari bilan muhim ishlanma va loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, boy ilmiy merosimizni o‘rganish va targ‘ib etishga qo‘shgan katta hissasi, iqtidorli yosh olimlarni tayyorlash, navqiron avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash yo‘lidagi ibratli faoliyati hamda tavalludining 80 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Ibrohimov Ne’matullaga «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi» faxriy unvoni berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh.Mirziyoyev