Muhtaram Prezidentimizning «Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi» g‘oyasi asosida saxovat tadbirlari poytaxtimizda davom etyapti.
Bu jarayonda o‘zga millat vakillariga alohida e’tibor qaratilayotir.
Bugun, Ramazonning 24-kuni (24 mart) Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida poytaxtimizdagi «Shayx Zayniddin» jome masjidida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda tumanlar bosh imom-xatiblari, imom-domlalar ishtirokida homiylarni jalb qilgan holda tumandagi 100 ga yaqin kam ta’minlangan, boquvchisiin yo‘qotgan, ehtiyojmand, nogironi bor oilalar holidan xabar olindi.
Abduqahhor domla «Ko‘kcha» mahallasiga tashrif buyurib, mahalla faollari bilan u yerdagi 5 ta yakka-yolg‘iz yashayotgan, nogiron parvarishlanayotgan xonadonga quvonch ulashilib, ehsonlar tarqatdilar.
Imom-xatiblar esa tumandagi boshqa mahallalarga bordilar.
Peshin namozidan so‘ng imom-domlalar «Shayx Zayniddin» jome masjidiga qaytib, amalga oshirilgan ezgu ishlar yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.
Yaxshilik, xayr-saxovat, mehr-oqibat, silai rahm kabi ulug‘ fazilatlar doimo insonga ziynat bo‘lib kelgan. Bunday olijanob xislatlarni o‘zida mujassam eta olgan insongina el-yurtning og‘irini yengil qila oladigan fazilatli shaxs hisoblanadi.
Alloh taolo Qur’on karimda: «Ehson-yaxshilikning mukofoti faqat ehson va ezgulik bo‘lajak» (Rohman surasi, 60-oyat), deb o‘zgalarga yaxshilik qiluvchilarga dunyo va oxiratda ulkan mukofotlar borligini ma’lum qilgan.
Alloh taolo ehsonlarni qabul qilsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati
Savol: Assalomu alaykum. Men ko‘pincha jamoat transportlaridan foydalanaman. Shunday holatga ko‘p guvoh bo‘lib qolmoqdaman: maktab yoshidagi ayrim bolalar, hatto ba’zi kattalar ham plastik kartasini to‘lov uskunasiga tutadi, lekin pul yechilmaydi. Yo kartasi ishlamaydi yoki puli yo‘q. Shu holatda kira haqini to‘lmay, tushib ketmoqdalar. Shu ish joizmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q, bu ish joiz emas. Chunki bu haqdorga haqini bermaslik va o‘zgalar haqqini nohaq yeyishdir.
Alloh taolo o‘z Kalomida bizlarni ogohlantirib, bunday degan: “Mol (va boylik)laringizni o‘rtalaringizda botil (yo‘llar) bilan yemangiz!” (Baqara surasi, 188-oyat).
Shuning uchun bolani yoshlikdan birovning haqidan hazar qilishga o‘rgatish lozim. Arzimagan pulku, deyish gunohni kichik sanashdir. Buning ustiga o‘zganing haqqining katta yo kichigi bo‘lmaydi. Haq egasi kechmagunicha, Alloh taolo ham bunday gunohni kechirmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.