Ramazon boshqa oylar kabi oddiy o'tib ketmasligi kerak. Shu ma'noda quyida Ramazonda qilinadigan ayrim amallar haqida qisqa to'xtalib o'tamiz.
Qarindosh-urug' va beva-bechoralar holidan xabar olish.
Bu ishni yil bo'yi qilish kerak. Ammo silai rahm va mehr-muravvat ko'rsatish Ramazonda yanada maqsadga muvofiq. Bunda faqat moddiy jihat asosiy o'rinda bo'lmaydi. Balki imkonini topganlar moddiy tarafdan, boshqalar yaxshi muomala, ochiq chehra va tabassum, ikki og'iz shirin so'z bilan bo'lsa ham odamlar qalbiga xursandchilik kiritishlari, beva-bechoralar ko'nglini tog'dek ko'tarishlari mumkin.
Bu oyda imkoni borlar qiynalgan, qarovchisini yo'qotgan miskin va bechoralarga moddiy tarafdan yordam bersalar, ularning duosi sharofatidan dunyo va oxirat ishlariga baraka kiradi. Ko'pchilik Ramazonda iftorlik qilib kimo'zarga o'ynaydi. Aslida iftorlikning eng yaxshisi haqdorlarga taom berish va ularni libos bilan ta'minlashdir. Mana shunisi Alloh dargohida husni maqbul bo'ladi.
Gina-kuduratlarga barham berish.
Ramazon kishilar o'rtasidagi adovat, janjal, arazlashish, gina-kuduratlarga barham berish oyidir. Sababi do'stu yor, aka-uka, opa-singil, qaynona-kelin o'rtasida nizo bo'la turib, tutilgan ro'zalar, qilingan xatmi Qur'on va boshqa savobli ishlar mukammal bo'lmaydi. Balki hamma ishni orani isloh qilishdan boshlash kerak. Bunda bir taraf ikkinchi tarafdan o'zini past olib, aybi bo'lmasa ham isloh taklifi bilan chiqsa juda yaxshi bo'ladi. O'zi birov bilan urushmagan taqdirda ham qaysi bir banda arazlashganlar orasini isloh qilsa, katta ajr va martabalarga erishadi.
Bo'ynidagi qarzlarni to'lash.
Albatta agar imkoningiz bo'lsa, kechiktirmay darrov olingan qarzni qaytaring. Shunda qarz bergan odam ham xursand bo'ladi, qalbingizga xotirjamlik kiradi. Agar imkoningiz bo'la turib, qarzni cho'zib yursangiz katta gunohga qolasiz, qarz bergan odamga zulm qilgan, uning haqqini eb yurgan bo'lasiz.
Shu o'rinda imorat qurgan, biron qurilish qilayotgan kishilar ustalar haqqini berishni unutgan yoki paysalga solib yurgan bo'lsalar, usta haqini berishlari lozimligini ham alohida eslatib o'tamiz. Hizmat qilgan odam haqini bermay cho'zib yurish musulmon odamga to'g'ri kelmaydigan ishdir. Zero, hadisi shariflarda to'lashga imkoni bor bo'la turib qarzini paysalga solib yurish zulm ekanligi ta'kidlanadi.
Qarz masalasi ochilganida beixtiyor odamlarning davlatdan qarzdorligi yodga keladi. Davlat bizga suv, gaz, elektr energiyasi kabi hayotiy muhim narsalarni etkazib beradi. Buning uchun ular haqqini to'lab qo'yish ham kerak. To'g'ri bu ne'matlarning yaratuvchisi Alloh.
Bunga shak-shubha yo'q. Ammo oddiy odam davlat yordamisiz erdan gaz qazib ololmaydi, suvga to'g'on o'rnatib, o'z xohishicha energiya chiqara olmaydi yoki tog'dan kelayotgan suvni tozalab, o'z uyigacha olib kelolmaydi. Bu davlatning ishi. Bu ishlar o'z-o'zidan bo'lmaydi. Buning uchun sarf-xarajat qilish, ishchilarga oylik berish kerak. Biz to'laydigan pullar mana shunday harajatlarga ketadi. Hullas, Ramazonda davlat oldidagi qarzlarimizni ham to'lab qo'yishimiz lozim.
Mahallalar pokizaligiga e'tibor berish.
Mahallalar, ko'cha-ko'y va uylarimiz obodligi, pokizaligi bilan Ramazonning fayziga fayz qo'shiladi. Sababi poklik imondandir. Bu ishni Ramazondan boshqa vaqtlarda ham qilish kerak. Ammo Ramazonda tozalikka, poklikka yana ham e'tiborliroq bo'lish talab etiladi. Avvallari momolarimiz Ramazondan oldin uy ko'tarar qilishardi. Mana shu ezgu amalni davom ettirish biz avlodlar burchidir. Bunda erkaklar bosh-qosh bo'lib, ayollar bilan hamkorlikda, ahillikda ish olib borsalar maqsadga muvofiq bo'ladi. Poklik deganda faqat uylar pokligi emas, balki libos, qolaversa qalb pokligi ham nazarda tutiladi.
Odilxon qori Yunusxon o'g'li
Shu yil, 12 may kuni Namangan viloyati bosh imom-xatibining birinchi o‘rinbosari Obidxon domla Ikromov boshchiliklarida viloyat vakilligi xodimlari, tumanlar bosh imom-xatiblari hamda "Haj – 2024" ziyoratchilaridan iborat tuzilgan ishchi guruhi a’zolari uchun Namangan viloyati Yangi Namangan tumanidagi “Imom Buxoriy“ jome masjidida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda ishchi guruh a’zolari hamda mahallalarda ma’naviyat targ‘ibotchisi bo‘lgan hojilar bilan Yangi Namangan tumanida amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilinib, tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Ishchi guruh faoliyatining asosiy yo‘nalishlari sifatida quyidagilar belgilandi:
birinchi yo‘nalish – imom-xatibning “Haj-2024” ziyoratchilarini ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga faol jalb etish;
ikkinchi yo‘nalish – imom-xatibning masjidni boshqarish faoliyatini yaqindan o‘rganish, maslahat va ko‘mak berish;
uchinchi yo‘nalish – imom-xatib uchun namuna tarzida peshin namozi vaqtida masjidga kelganlarga dolzarb mavzuda ma’ruza qilib berish.
Ishchi guruh a’zolari yuqoridagi yo‘nalishlar bo‘yicha Yangi Namangan tumanida faoliyat olib bordi.
Shuningdek Ishchi guruh a’zolari Yangi Namangan tumani masjidlari hududidagi mahallaning bir necha xonadonlariga kirib, u yerda yashayotganlardan hol-ahvol so‘raldi. Xonadondagi yoshlarni ta’lim tarbiyasi bilan tanishildi, ularning muammolari o‘rganildi, taklif fikr, mulohazalari tinglandi va mahallalarda namunaviy bo‘lgan oilalarga kirib keksalardan yurtimiz haqqiga duoi hayrlar olindi.
Imom-xatiblar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan Ishchi guruh faoliyati viloyatning boshqa tumanlarida ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati