Ustoz ulamoi kiromlarimiz aytadilar:
“Juda oz bo‘lsa ham,
kuniga sadaqa qilishni odat qiling!"
Chunki "SADAQA – RADDI BALO".
(Kalomulloh – Qur’oni Karimning oyati karimalari va Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning muborak hadisi shariflaridan).
Ibrohimjon domla INOMOV
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Men padari buzrukvorim rahmatullohi alayhdan eshitganman: «Shayx Abdulqodir Jiyloniy rahmatullohi alayhning bir o‘g‘illari bor edi. Uni hazrat qayergadir ilm tahsil qilish uchun yubordilar. U olim bo‘lib qaytdi. Shayx Abdulqodir Jiyloniy rahmatullohi alayhning bir majlislari bo‘lar edi. Majlisga hazratga yaqin kishilar kelardi. Hazrat ularga nasihat qilib turardilar. O‘g‘illari kelganida, hazrat unga: «Birodar, sen butkul yangi ilm hosil qilib kelgansan, bugun ularga sen va’z qil», dedilar. U judayam tetik edi.
Hazratning taklifini bajonudil qabul qildi. Majlis hali jam edi. U va’z aytdi. Odamlar tinglayverdilar, tinglayverdilar. Lekin ta’sirlanmadilar. Oddiy bir olimning gapini eshitdilar. Shundan keyin hazrat tashrif buyurdilar va o‘tirib, bor-yo‘g‘i shunday bir jumla aytdilar: «Birodar, biz bugun ro‘za tutishni iroda qilgan edik. Kechasi saharlikda ichamiz deb sut saqlab qo‘ygan edik. Lekin taqdirni qarangki, mushuk sutni ichib ketdi va biz ro‘za tuta olmadik».
Bor-yo‘g‘i shu gapni aytdilar. Gaplari qattiq ta’sir qildi. Keyin hazrat o‘g‘illariga bunday dedilar: «Qara, sen soatlab va’z qilding. Ularga hech narsa qilmadi. Men bor-yo‘g‘i bir og‘iz gapirdim, odamlarning qalblariga ta’sir etdi. Sen ilm o‘rganib kelding. Lekin endi qalb dardini paydo qil, qalbingni Allohga qaytarishga, ya’ni bog‘lashga harakat qil. Keyin sening bir so‘zing, u fasohatli-balog‘atli bo‘lsa-bo‘lmasin farqi yo‘q, odamlarning qalblariga, ruhiyatlariga ta’sir qiladi».
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan