Hayitda ota o‘g‘liga oyoq kiyim olib berish uchun bozorga olib bordi. Do‘konda o‘g‘li bir oyoq kiyim yoqqanday bo‘ldi. Shu payt do‘kon yonidan bir bola narsa sotib o‘tib qoldi. U do‘konga mo‘ralab, sotayotgan yeguligidan olishga chorlarkan, otasi oyoq kiyim olib berayotgan bolaga havaslanib qarab qoldi. Ota o‘g‘lining e’tibori tengdoshiga tushganini ko‘rdi. O‘g‘li uning eskirib ketgan kiyim-boshiga qarab, achinganini sezdi. Boyagina o‘ziga yoqqan oyoq kiyimni kiyib, shodlangan chehrasi mayuslashdi.
Ota o‘g‘lidan: “U bolani ham xursand qilmoqchimisan?”, deb so‘radi. O‘g‘lining yuz-ko‘zlari quvonchdan porladi: “Otajon! Unga ham shu oyoq kiyimdan olib berasizmi?” deya otasini quchoqlab minnatdorlik bildirdi. Ota narsa sotib yurgan bolani chaqirdi. O‘g‘liga olib bergan oyoq kiyimdan unga ham olib, kiydirdi. Bola oldiniga ishonqiramadi.
So‘ng xursand bo‘lganidan yig‘lab yubordi. Bu saxovatli amakiga rahmat aytib, qo‘lini o‘pmoqchi bo‘ldi. Amaki esa uning boshini silab: “Hayit muborak bo‘lsin, bolam!” dedi. “Sizga ham bayram muborak bo‘lsin, pullaringiz bundan ham ko‘paysin!” deya tezda javob qaytardi bola. Ota zimdan o‘g‘liga qaradi. Uning xursandligini ko‘rib, Alloh taologa shunday salim qalbli farzand bergani uchun shukronalar aytdi. O‘ylab qarasa, u o‘g‘liga hayitlik uchun bir oyoq kiyim olib beribdi. O‘g‘li esa unga bebaho narsalar – yaxshilik qilishning huzuri va shukronalik tuyg‘usini hadya qilibdi.
Haqiqiy hayitlikni Alloh taolo uchovlariga ham ato etibdi.
Yaxshilik qilish bandani jannatga olib borishi Qur’oni karim va hadisi shariflarda juda ko‘p aytilgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Sizlardan birortangiz o‘zi yaxshi ko‘rgan narsasini birodariga ravo ko‘rmaguncha mo‘min bo‘la olmaydi”, deganlar.
Akbarshoh Rasulov
|
Ushbu asar vatanimizning XX asrdagi fojiali va murakkab tarixini haqqoniy hamda xolis yoritib bergan noyob manba sifatida xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etiladi. Unda sobiq SSSR va o‘sha davrdagi Xitoyning Markaziy Osiyo hamda Sharqiy Turkistonda olib borgan siyosati atroflicha yoritilgan bo‘lib, uyg‘ur, o‘zbek, qozoq, qirg‘iz va boshqa musulmon xalqlarining ozodlik va mustaqillik uchun olib borgan kurashlari aks ettirilgan. Asli chig‘atoy turkiy tilida yozilgan bu bitik Fransiyaning taniqli sharqshunosi va sog‘uniyshunos professori Stefan Dudyuanyon (Stéphane A. Dudoignon) tomonidan 2024–2026 yillar davomida fransuz tiliga tarjima qilindi va nashrga tayyorlandi. Tarjima jarayonida professor S. Dudyuanyon Alixonto‘ra Sog‘uniy hazratlarining farzandi Qutlug‘xon aka Sog‘uniy bilan yaqindan va faol hamkorlik qildi. Ta’kidlash joizki, professor 2023 yili Toshkentga tashrif buyurib, Qutlug‘xon aka bilan birgalikda Alixonto‘ra Sog‘uniy yashab o‘tgan xonadon va ko‘chalarni ko‘zdan kechirgan, shuningdek, alloma dafn etilgan “Shayx Zayniddin” qabristonini ziyorat qilgan edi. |
|
||
|
Fransiya Milliy ilmiy tadqiqotlar markazi (CNRS) katta ilmiy xodimi, tarixchi hamda o‘zbek adabiyoti va tarixi bo‘yicha yetakchi tadqiqotchilardan biri bo‘lgan professor Stefan Dudyuanyon Markaziy Osiyodagi islom tarixi, jamiyatlar hayoti, tasavvuf yo‘nalishlari va mintaqadagi tarixiy shaxslar merosini o‘rganish bilan shug‘ullanib keladi. Olim “Turkiston qayg‘usi” asari yevropalik o‘quvchilar uchun yanada tushunarli va manbashunoslik nuqtayi nazaridan mukammal bo‘lishi uchun kitobga 400 sahifadan ziyod keng qamrovli sharhlar ilova qildi. Chuqur tahlillarga boy ushbu sharhlar amerikalik, buyuk britaniyalik va yapon turkologlari tomonidan juda yuksak baholandi hamda maxsus mukofotga tavsiya etildi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu kitob G‘arb dunyosi uchun Markaziy Osiyo va Sharqiy Turkiston tarixini o‘rganishda muhim fundamental manba bo‘lib xizmat qiladi. |
|||
Ayni kunlarda “Turkiston qayg‘usi” asari Parij kitob yarmarkasida namoyish etilmoqda va yevropalik kitobxonlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Alixonto‘ra Sog‘uniyning o‘g‘li Qutlug‘xonto‘ra akaning ta’kidlashicha, fransuz tilidagi ushbu nashr asarning Yevropa bo‘ylab keng tarqalishidagi ilk muhim qadamdir. Navbatdagi bosqichda asarni ingliz tiliga tarjima qilish va nashr etish rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu loyiha ham qisqa fursatlarda amalga oshirilishi kutilmoqda.
Alixonto‘ra Sog‘uniy merosining fransuz tilida chop etilishi va xalqaro e’tirofga erishishi nafaqat milliy tariximizni tiklash yo‘lidagi ulkan yutuq, balki o‘zbek ilm-fani va madaniyatining jahon maydonidagi yana bir muvaffaqiyatidir. "Turkiston qayg‘usi"ning xorijiy tillardagi talqini dunyo jamoatchiligiga Markaziy Osiyo xalqlarining haqiqiy tarixi, ozodlik va ma’rifat yo‘lidagi fidokorona kurashini xolis yetkazishda bebaho ko‘prik vazifasini o‘taydi.
Odil OLIMJONOV, iqtisodiyot fanlari doktori, professor
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati