Hayitda ota o‘g‘liga oyoq kiyim olib berish uchun bozorga olib bordi. Do‘konda o‘g‘li bir oyoq kiyim yoqqanday bo‘ldi. Shu payt do‘kon yonidan bir bola narsa sotib o‘tib qoldi. U do‘konga mo‘ralab, sotayotgan yeguligidan olishga chorlarkan, otasi oyoq kiyim olib berayotgan bolaga havaslanib qarab qoldi. Ota o‘g‘lining e’tibori tengdoshiga tushganini ko‘rdi. O‘g‘li uning eskirib ketgan kiyim-boshiga qarab, achinganini sezdi. Boyagina o‘ziga yoqqan oyoq kiyimni kiyib, shodlangan chehrasi mayuslashdi.
Ota o‘g‘lidan: “U bolani ham xursand qilmoqchimisan?”, deb so‘radi. O‘g‘lining yuz-ko‘zlari quvonchdan porladi: “Otajon! Unga ham shu oyoq kiyimdan olib berasizmi?” deya otasini quchoqlab minnatdorlik bildirdi. Ota narsa sotib yurgan bolani chaqirdi. O‘g‘liga olib bergan oyoq kiyimdan unga ham olib, kiydirdi. Bola oldiniga ishonqiramadi.
So‘ng xursand bo‘lganidan yig‘lab yubordi. Bu saxovatli amakiga rahmat aytib, qo‘lini o‘pmoqchi bo‘ldi. Amaki esa uning boshini silab: “Hayit muborak bo‘lsin, bolam!” dedi. “Sizga ham bayram muborak bo‘lsin, pullaringiz bundan ham ko‘paysin!” deya tezda javob qaytardi bola. Ota zimdan o‘g‘liga qaradi. Uning xursandligini ko‘rib, Alloh taologa shunday salim qalbli farzand bergani uchun shukronalar aytdi. O‘ylab qarasa, u o‘g‘liga hayitlik uchun bir oyoq kiyim olib beribdi. O‘g‘li esa unga bebaho narsalar – yaxshilik qilishning huzuri va shukronalik tuyg‘usini hadya qilibdi.
Haqiqiy hayitlikni Alloh taolo uchovlariga ham ato etibdi.
Yaxshilik qilish bandani jannatga olib borishi Qur’oni karim va hadisi shariflarda juda ko‘p aytilgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Sizlardan birortangiz o‘zi yaxshi ko‘rgan narsasini birodariga ravo ko‘rmaguncha mo‘min bo‘la olmaydi”, deganlar.
Akbarshoh Rasulov
Rossiyaning qator onlayn nashrlarida YUNЕSKOning Parijdagi Bosh qarorgohida “Islom sivilizatsiyasi: Movarounnahrning buyuk ma’naviy va ilmiy merosi hamda ma’rifat ufqlari” mavzusida bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyaga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Xususan, “News of Russia” nashridagi maqolada qayd etilishicha, O‘zbekiston Markaziy Osiyoning boy ilmiy va ma’naviy merosini xalqaro miqyosda o‘rganish, asrash va keng targ‘ib etish borasidagi tashabbuslarini izchil davom ettirmoqda.
Parij shahridagi YUNЕSKO shtab-kvartirasida bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasi: Movarounnahrning buyuk ma’naviy va ilmiy merosi hamda ma’rifat istiqbollari” mavzusidagi xalqaro konferensiya ushbu yo‘nalishdagi muhim tadbirlardan biri bo‘ldi.
Anjumanda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) raisi Firdavs Abduholiqov Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan xalqaro dasturlarni taqdim etdi.
Dasturlarda Movarounnahr allomalarining ilmiy-ma’naviy merosini jahon hamjamiyatiga keng tanitish, tarixiy manbalarni raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalar yordamida ularni o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tilgan.
“Russia News” nashrida ham mazkur xalqaro konferensiya haqida material e’lon qilindi. Muallifning ta’kidlashicha O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar 2025 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida ilgari surilgan g‘oyalar bilan hamohangdir.
Bildirilgan tashabbuslar Markaziy Osiyoning ilmiy va ma’naviy merosini xalqaro miqyosda tadqiq etish hamda mamlakatlar va ilmiy muassasalar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Nashrda yozilishicha, Movarounnahr asrlar davomida ilm-fan, falsafa, islom tafakkuri va ma’rifatning yirik markazlaridan biri bo‘lgan. Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy va Imom al-Moturidiy kabi buyuk allomalarning asarlari bugun ham diniy bilimlar, axloq, ta’lim tarixi va madaniyatlararo muloqotni o‘rganishda muhim manba hisoblanadi.
Bu jarayonda Rossiya bilan ilmiy aloqalar ham alohida ahamiyatga ega. Ikki mamlakat olimlari o‘rtasidagi ko‘p yillik akademik hamkorlik, Rossiya kutubxonalari va arxivlarida saqlanayotgan Sharq qo‘lyozmalari Markaziy Osiyo tarixini chuqur o‘rganish uchun muhim imkoniyat yaratadi.
Parijdagi konferensiya Markaziy Osiyo merosini xalqaro ilmiy makonga olib chiqish, turli mamlakatlar olimlari o‘rtasidagi muloqotni kengaytirish va yangi qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan sa’y-harakatlarning bir qismi hisoblanadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati