Hayitda ota o‘g‘liga oyoq kiyim olib berish uchun bozorga olib bordi. Do‘konda o‘g‘li bir oyoq kiyim yoqqanday bo‘ldi. Shu payt do‘kon yonidan bir bola narsa sotib o‘tib qoldi. U do‘konga mo‘ralab, sotayotgan yeguligidan olishga chorlarkan, otasi oyoq kiyim olib berayotgan bolaga havaslanib qarab qoldi. Ota o‘g‘lining e’tibori tengdoshiga tushganini ko‘rdi. O‘g‘li uning eskirib ketgan kiyim-boshiga qarab, achinganini sezdi. Boyagina o‘ziga yoqqan oyoq kiyimni kiyib, shodlangan chehrasi mayuslashdi.
Ota o‘g‘lidan: “U bolani ham xursand qilmoqchimisan?”, deb so‘radi. O‘g‘lining yuz-ko‘zlari quvonchdan porladi: “Otajon! Unga ham shu oyoq kiyimdan olib berasizmi?” deya otasini quchoqlab minnatdorlik bildirdi. Ota narsa sotib yurgan bolani chaqirdi. O‘g‘liga olib bergan oyoq kiyimdan unga ham olib, kiydirdi. Bola oldiniga ishonqiramadi.
So‘ng xursand bo‘lganidan yig‘lab yubordi. Bu saxovatli amakiga rahmat aytib, qo‘lini o‘pmoqchi bo‘ldi. Amaki esa uning boshini silab: “Hayit muborak bo‘lsin, bolam!” dedi. “Sizga ham bayram muborak bo‘lsin, pullaringiz bundan ham ko‘paysin!” deya tezda javob qaytardi bola. Ota zimdan o‘g‘liga qaradi. Uning xursandligini ko‘rib, Alloh taologa shunday salim qalbli farzand bergani uchun shukronalar aytdi. O‘ylab qarasa, u o‘g‘liga hayitlik uchun bir oyoq kiyim olib beribdi. O‘g‘li esa unga bebaho narsalar – yaxshilik qilishning huzuri va shukronalik tuyg‘usini hadya qilibdi.
Haqiqiy hayitlikni Alloh taolo uchovlariga ham ato etibdi.
Yaxshilik qilish bandani jannatga olib borishi Qur’oni karim va hadisi shariflarda juda ko‘p aytilgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Sizlardan birortangiz o‘zi yaxshi ko‘rgan narsasini birodariga ravo ko‘rmaguncha mo‘min bo‘la olmaydi”, deganlar.
Akbarshoh Rasulov
Taqdimotda adabiyot vakillari, tarixchi olimlar, taniqli jurnalistlar hamda ziyolilar ishtirok etib, asarning tarixiy-ma’rifiy ahamiyati va milliy adabiyotimizdagi o‘rni xususida fikr-mulohazalarini bildirdi.
Abu Bakr Qaffol Shoshiy nomi Toshkentning ko‘p asrlik ilmiy-ma’rifiy tarixi bilan chambarchas bog‘liq. Uning hayoti va merosi xalqimizning ilm-fan, ma’naviyat va madaniyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini yodga soladi. Hastimom majmuasi esa bugungi kunda ham poytaxtimizning muhim tarixiy va ziyoratgoh maskanlaridan biri sifatida qadrlanadi.
Taqdimotda taniqli shoir, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Salim Ashur kitob milliy so‘z san’atimizda o‘ziga xos voqea bo‘lganini ta’kidladi. Adabiyotshunos olim Suvon Meli esa Toshkent tarixiga bag‘ishlangan bunday asarning yaratilishini savobli va xayrli ish sifatida baholadi. Uning ta’kidlashicha, roman zamirida ko‘plab kitoblarni mutolaa qilish, tarixiy ma’lumotlarni qiyoslash va chuqur o‘rganishdek mashaqqatli mehnat yotadi.
Tadbirda «Jahon adabiyoti» jurnali bosh muharriri, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Ahmadjon Meliboyev, tarixchi olim Abdumannop Ziyoyev, «Mehnat shuhrati» ordeni sohibi, adib To‘lqin Hayit, tarix fanlari doktori Saidakbar A’zamxo‘jayev va boshqa ziyolilar ham asarning tarixiy-ma’rifiy ahamiyati, Toshkent o‘tmishini o‘rganish hamda buyuk ajdodlarimiz merosini keng jamoatchilikka yetkazishdagi o‘rniga e’tibor qaratdi.
Abdujabbor Obidov pedagogika sohasidagi faoliyati bilan bir qatorda, uzoq yillardan buyon ijod bilan ham shug‘ullanib keladi. Uning «Ikki jahon ovoralari», «Cho‘rtkesar» kabi nasriy asarlari, «Seni qizg‘onaman», «Siyrat» nomli she’riy to‘plamlari, shuningdek, bolalarga mo‘ljallangan «Nozikoy va maymoq», «Savodxon jo‘ja» kabi kitoblari nashr etilgan.
Adibning «Hastimom yoxud Abu Bakr Qaffol Shoshiy – II» romani 2025 yilda nashr etilgan birinchi qismning davomi hisoblanadi. Asarda ming yil avvalgi ajdodlarimizning hayot tarzi, urf-odatlari, janglardagi jasorati bilan bir qatorda, Abu Bakr Qaffol Shoshiyning Nishopur va Bag‘dodda ustozlardan hadis, fiqh va tarix ilmlarini o‘rgangan yillari ham qiziqarli tarzda tasvirlangan.
Muallif Qaffol Shoshiyni o‘z davrining murakkab voqealari, bahs-munozaralari va turli sinovlari girdobida tasvirlar ekan, uning ilmiy salohiyati, g‘ayrati, jasorati va topqirligini ochib berish orqali ulug‘ alloma siymosini kitobxonga yaqindan tanitishga intiladi.
Darhaqiqat, tarixiy roman yaratish ijodkordan nafaqat yuksak badiiy mahorat, balki katta izlanish, ishonchli manbalar bilan ishlash va tarixiy voqelikni teran anglashni talab etadi. Bunday asarlar o‘tmish va bugun o‘rtasida ma’naviy ko‘prik vazifasini o‘tab, yosh avlodning milliy tariximizga qiziqishini oshirish, ajdodlar merosiga hurmat tuyg‘usini mustahkamlash va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Zero, tarixni anglash o‘zlikni anglash demak. Ajdodlarimiz hayoti va ma’naviy merosini badiiy adabiyot orqali avlodlarga yetkazish esa milliy xotiramizni asrashning muhim vositalaridan biridir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati