Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Alloh taolo osmonda, Arshning ustida deb e’tiqod qilish joizmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q, Alloh taolo osmonda yoki Arshning ustida, deyish yoki biror joyda o‘rnashgan, deb e’tiqod qilish mutlaqo joiz emas. Zero, osmonni ham, Arshni ham, makonni ham, zamonni ham U zotning O‘zi yaratgan. Payg‘ambarimiz alayhissalom bunday deganlar:
“Azalda birgina Alloh taolo bor edi, undan boshqa hech narsa yo‘q edi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Alloh taolo zamon va makonlarni, shuningdek Arshni yaratmasidan oldin ham bor edi. Ularni yaratganidan so‘ng azalda qanday mavjud bo‘lsa, hozir ham xuddi shunday mavjuddir va to abad shunday qolajak.
Zero, u o‘z zotida o‘zgarishni qabul qilmaydi. Chunki o‘zgargan narsa ilohlikka loyiq bo‘lmaydi.
Shuning uchun ham biz ahli sunna aytamizki:
“Alloh taolo hech bir makon va zamonlarsiz mavjuddir. Makonga joylashish Alloh taolo yaratgan narsalarning sifati hisoblanadi. Ya’ni, har bir yaralmish borki, katta yoki kichik o‘rin egallaydi. Alloh taolo esa bundan pok va oliydir”.
Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.