Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Sentabr, 2026   |   5 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:44
Quyosh
06:04
Peshin
12:18
Asr
16:41
Shom
18:35
Xufton
19:51
Bismillah
16 Sentabr, 2026, 5 Rabi`us soni, 1448

Muborak Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida

26.03.2025   10143   2 min.
Muborak Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Yangi O‘zbekistonda “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu g‘oya asosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar tufayli xalqimiz farovonligini oshirish, ko‘pmillatli jamiyatimizda tinchlik-osoyishtalik, do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash borasidagi ishlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

Bularning barchasi bag‘rikenglik, saxovat va shukronalik timsoli bo‘lgan muborak Ramazon oyini mamlakatimizda tinch-totuv, fayzli va shukuhli muhitda o‘tkazishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Buni el-yurtimiz o‘rtasida insonparvarlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat, kam ta’minlangan va ehtiyojmand shaxslar, yordamga muhtoj oilalarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish kabi yuksak insoniy fazilatlar ayni kunlarda yanada yaqqol namoyon bo‘layotgani ham tasdiqlaydi.

Ulug‘ ayyom – muqaddas Ramazon hayitini ana shunday xayrli ishlarni izchil davom ettirgan holda har tomonlama munosib kutib olish, o‘tkazish va uning mohiyatida mujassam bo‘lgan ezgu qadriyat va an’analarni keng targ‘ib etish maqsadida qaror qilaman:

1. Joriy yilda Ramazon hayitining birinchi kuni 30 mart – yakshanba kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilinib, mamlakatimizda 2025 yil 30 mart kuni Ramazon hayiti bayrami sifatida keng nishonlansin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 208-moddasiga muvofiq:

(a) ishlanmaydigan bayram kuni hisoblanuvchi Ramazon hayitining birinchi kuni 2025 yilda yakshanba – dam olish kuniga to‘g‘ri kelishi munosabati bilan ushbu dam olish kuni 31 mart – dushanba kuniga ko‘chirilishi;

(b) bunda ishlab chiqarish-texnik va tashkiliy sharoitlar (mavjud uzluksiz ishlab chiqarish, aholiga har kuni xizmat ko‘rsatish, navbatchilik asosida ishlash va boshqalar) tufayli ishlanmaydigan bayram kunlari to‘xtatib qo‘yish mumkin bo‘lmagan ishlarni bajarishda dam olish kunlari ko‘chirilmasligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda hududlarda Ramazon hayitini xalqimizning milliy an’ana va urf-odatlariga uyg‘un holda o‘tkazish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

Turizm qo‘mitasi Transport vazirligi bilan birgalikda yurtdoshlarimiz uchun Ramazon hayiti kunlarida mo‘tabar ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga ziyoratlarni tashkil etish maqsadida qulay sharoit va imkoniyatlar yaratsin. 

4. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon hayitini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin. 

5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.Q. Davletov zimmasiga yuklansin. 

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh. Mirziyoyev

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Navoiyda diniy nashrlar targ‘ibotchilariga tashakkurnomalar topshirildi

15.09.2026   16666   1 min.
Navoiyda diniy nashrlar targ‘ibotchilariga tashakkurnomalar topshirildi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasining «Hidoyat» va «Mo‘minalar» jurnallari hamda «Islom nuri» gazetasiga 2026 yil uchun obuna mavsumida faol ishtirok etib, nashrlarni xalqimiz orasida keng targ‘ib qilishga munosib hissa qo‘shgan imom-xatiblar va mas’ullarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
 

Tadbirda Navoiy viloyati bosh imom-xatibi Temurxon domla Atoyev, shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi «Shamsuddinxon Boboxonov» nashriyot-matbaa ijodiy uyi vakillari — Davriy nashrlar bo‘limi boshlig‘i Ibrohim Inomov hamda bosh muharrir Abdujalil Ho‘jamov ishtirok etdilar.

Tadbir davomida diniy-ma’rifiy nashrlarning bugungi kundagi o‘rni va ahamiyati, ularni keng ommaga yetkazishda imom-xatiblar hamda mas’ullarning vazifalari haqida atroflicha fikr yuritildi.


Tadbir yakunida obuna jarayonlarida faol ishtirok etgan bir guruh imom-xatiblar va mas’ullarga tashakkurnomalar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Navoiyda diniy nashrlar targ‘ibotchilariga tashakkurnomalar topshirildi Navoiyda diniy nashrlar targ‘ibotchilariga tashakkurnomalar topshirildi
O'zbekiston yangiliklari