Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Laylatul Qadr yigirma yettinchi kechadir”, dedilar (Abu Dovud va Ahmad rivoyat qilishgan).
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Yo Allohning Rasuli! Ayting-chi, agar qadr kechasi qaysi kecha ekanini bilsam, unda nima deyman?” dedim. U zot alayhissalom: “Allohim! Albatta Sen afv qiluvchisan. Afvni yaxshi ko‘rasan. Bas, meni afv qilgin”, degin, dedilar (Imom Termiziy, Nasoiy va Ibn Moja rivoyati).
Allohumma innaka ’afuvvun, tuhibbul ’afva, fa’fu ’anniy...
Allohim, Sen afv qiluvchisan, afv etishni yaxshi ko‘rasan. Meni afv et. Mening ahlim va zurriyotimni ham afv et.
Allohim, Sen afv qiluvchisan, afv etishni yaxshi ko‘rasan. Meni onamni, otamni va ularning ota-onalarini, ota-onalarining ota-onalarini ham afv etgin.
Allohim, Sen afv qiluvchisan, afv etishni yaxshi ko‘rasan. Mening og‘a-inilarim, birodarlarim va ularning zurriyotlarini ham afv etgin.
Allohim, Sen afv qiluvchisan, afv etishni yaxshi ko‘rasan. Mening tog‘alarim, xolalarim va ularning zurriyotlarini ham afv etgin.
Allohim, Sen afv qiluvchisan, afv etishni yaxshi ko‘rasan. Mening amakilarim, ammalarim va ularning zurriyotlarini ham afv etgin.
Allohim, Sen afv qiluvchisan, afv etishni yaxshi ko‘rasan. Mening do‘stlarim, hamkasblarim, qo‘shnilarim, meni sevgan va men ularni sevganlarimni afv etgin...
Allohim, Sen afv qiluvchisan, afv etishni yaxshi ko‘rasan. Meni haqqimga ortimdan g‘oibona duo qilganlarni va meni duo qilishga undaganlarni ham afv et.
Allohim, Sen afv qiluvchisan, afv etishni yaxshi ko‘rasan. Bizni zimmamizda g‘amxo‘rlik qilishimiz va ado etishimiz lozim haqlari bo‘lgan va biz ular xususida sustkashlik qilganlarimizni afv et.
Allohim, Sen afv qiluvchisan, afv etishni yaxshi ko‘rasan. Bizning vafot etgan marhumlarimizni va musulmonlarning marhumlarini afv etgin.
Allohim, Sen afv qiluvchisan, afv etishni yaxshi ko‘rasan. Barcha ushbu duoimni o‘qib “omiyn” deb turganlari afv etgin.
Omiyn, omiyn, omiyn.
«Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumining uchinchi yalpi sessiyasi 26 avgust kuni «Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmun-mohiyati» mavzusida bo‘lib o‘tmoqda. Sessiyada Qur’on merosi, qadimiy qo‘lyozmalar, xattotlik, hujjatli kino hamda tarixiy manbalarni o‘rganishda sun’iy intellektdan foydalanish masalalari o‘rin olgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Asosiy loyihalardan biri — «114 Qur’on: islom olami xattotligining 114 durdonasi» bo‘ladi. Uni Mueller & Schindler nashriyot uyi vitse-prezidenti Aleksandr Vilgelm taqdim etdi. Shuningdek, sessiyada «Katta Langar Qur’oni: haqiqat va afsonalar» xalqaro loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Uni Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborov taqdim qildi.
Sankt-Peterburg hujjatli filmlar studiyasi bosh direktori Aleksey Telnov «Yagona tarixiy meros sahifalari» loyihasi doirasida yaratilgan «Masjid» filmining treylerini namoyish etdi. Islomshunos va madaniyat arbobi Ketlin Gyobel ishtirokchilarni «Allohning 99 ismi: Uning go‘zal ismlari orqali Yaratganni anglash» noshirlik loyihasi bilan tanishtirdi.
Alohida blok yangi texnologiyalarga bag‘ishlanadi. Sberbank Istiqbolli texnologiyalarni rivojlantirish boshqarmasi ijrochi direktori Vladimir Kox hamda Islom sivilizatsiyasi markazi professori, bosh ilmiy xodimi Zohidullo Munavvarov «Sun’iy intellekt — qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti» loyihasini taqdim etadi. Dasturdan, shuningdek, «Payg‘ambarning fazilatlari» kitobi va «O‘zbekiston tarix xaritasida: imperiyalar, sivilizatsiyalar, davrlar» loyihasi ham o‘rin olgan.
Xalqaro munozara «Jaholatdan ma’rifat sari: stereotiplar va islomofobiyani bartaraf etishda medianing o‘rni» mavzusida o‘tkaziladi. Unda Islom hamkorlik tashkiloti, shuningdek, Jazoir, Ummon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning davlat va xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etadi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhrat Orif «Jurnalistikada tarix va sun’iy intellekt: merosni onlayn makonda qanday saqlash mumkin?» loyihasini, Islom sivilizatsiyasi markazi media bo‘limi rahbari O‘ktam Usmanov esa «O‘zbekistonni dunyoga mashhur qilgan olimlar» kitobini taqdim etadi. Sessiya «Dunyo Qur’oni: xattotlik an’analaridan — kelajak merosi sari» taqdimoti bilan yakunlanadi. Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi Xattotlik maktabi direktori Habibullo Solih turli mamlakatlar va islom xattotlik maktablari an’analarini birlashtiruvchi noyob Qur’onni yaratish bo‘yicha xattotlar o‘rtasidagi Jahon tanlovini e’lon qiladi.
Forumning asosiy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ladi. Unda deyarli 50 mamlakatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 nafar vakili — mediakompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati