Bugungi kunda “jihod” so‘zi atrofida turli noto‘g‘ri tushunchalar tarqalmoqda. Ayrimlar uni g‘arazli maqsadlarda talqin qilib, yoshlarimizni aldashga, to‘g‘ri yo‘ldan og‘dirishga harakat qilmoqda. Shuning uchun ham biz haqiqiy jihod nima ekanini bilishimiz, uning tarixiy va shariatdagi o‘rnini to‘g‘ri anglashimiz juda muhimdir.
Jihod bu – ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalayotgan ba’zi bir “da’vatchilar” da’vo qilayotganidek islomni kuch bilan yoyish, qurol yordamida tarqatish vositasi emas. Aksincha, dushmanlikni ketkazish, zulmni bartaraf etish va zaiflarni himoya qilish yo‘lidir.
Tarixdan ma’lumki, Nabiy sollallohu alayhi vasallam sahobalarni iloji boricha qo‘lni tiyishga va mushriklarni kechirishga chaqirar edilar. Hatto o‘zini himoya qilish uchun ham kofirlarga qarshi jang qilishga ruxsat yo‘q edi. Alloh taolo: “O‘zlariga qarshi urush ochilganlarga zulm qilingani uchun ularga (urush uchun) izn berildi. Alloh ularga nusrat berishga o‘ta qodirdir” (Haj 39) oyatini nozil qildi va bu musulmonlar uchun kofirlarga qarshi urush qilishga izn beruvchi birinchi oyat bo‘ldi. E’tibor bering! Alloh taolo “O‘zlariga qarshi urush ochilganlarga zulm qilingani uchun…” demoqda. Demak, Quraysh kofirlari Nabiy sollallohu alayhi vasallamga va u zotning sahobai kiromlariga istaganlaricha ozor berishgan, zulm qilishgan va musulmonlarga qarshi urush ochishgan. Va nihoyat mazkur oyat karima bilan musulmonlarga mazlum bo‘lganlari, azob-uqubatga qolganlari uchun kofirlarga qarshi urush qilishga ruxsat berilgan.
Shuni ham ta’kidlash joizki, jihod – hech qachon hukumat barpo qilish yoki yo‘q joydan qo‘zg‘olon ko‘tarish uchun joriy etilmagan.
Bugungi tinchlik va musulmonlar ibodatlarini emin-erkin bajarayotgan zamonda ijtimoiy tarmoqlar orqali jihod oyatlaridan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishmoqda.
Qur’oni karimda jihod va qitoldan ko‘ra juda ko‘p uchraydigan va takror-takror keladigan “afv”, “kechirim”, “lutf”, “adolat” kabi so‘zlarni ham borligini unutmang! Yoshlarning umrini xazon qilmang! .
Demak, jihod – bu qurol yordamida islomni tarqatish yoki notinchlik chiqarish emas, nafsga qarshi kurashishdir. Bugun tinchlik hukm surayotgan yurtimizda asosiy jihod – ilm olish, yaxshilikka da’vat qilish, yomonlikdan qaytarish va nafsni isloh qilishdir.
Haqiqiy najot – birlikda, tinchlikda va to‘g‘ri aqidadadir.
Alimardon Karomatov,
Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi
Matbuot kotibi