Bugun, 1 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtirokida Andijon viloyatidagi tuman-shahar bosh imom-xatiblarining masjidlarda xavfsizlik texnikasiga rioya qilishga bag‘ishlangan navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda masjid mo‘min-musulmonlar ibodat qiladigan jamoat joyi bo‘lgani tufayli uning xavfsizligini ta’minlash doimo dolzarb vazifa ekani ta’kidlandi. Jumladan, masjid xonaqohlari, qo‘shimcha binolari, tahoratxonalari va bularga tutash hududlarda texnik jihatdan osoyishtalikni ta’minlash ustuvor masala ekaniga alohida urg‘u qaratildi.
Muftiy hazratlari hududlardagi barcha masjidlarning texnik va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligi, jumladan, issiq suv hamda issiqlik energiyasi bilan ta’minlash tizimlari va qozonxonalarni to‘liq nazoratdan o‘tkazishni tegishli mas’ullarga topshirdilar. Shuningdek, yangidan bunyod etilayotgan va joriy ta’mirlanayotgan jomelarda qurilish-arxitektura me’yorlariga e’tibor qaratish zarurligi alohida qayd etildi.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari kelgysida Izboskan tumanidagi masjid tahoratxonasida bo‘lgani kabi baxtsiz hodisalarning oldini olish, masjid ma’muriyatining mas’uliyatini oshirish, har bir obyekt va texnik xizmat ko‘rsatish qurilmalariga alohida javobgar shaxs tayinlash yuzasidan ko‘rsatmalar berdilar. Shuningdek, mutasaddi tashkilotlarning muntazam nazoratidan o‘tkazib turish muhimligini bildirdilar.
Mamlakatimizda joylashgan masjidlarda xavfsiz sharoit yaratish, issiq suv hamda issiqlik energiyasi bilan ta’minlash talablarini nazorat qilishga oid Diniy idora bo‘yrug‘ini bajarish alohida ta’kidlandi.
Bayon etilgan topshiriq va ko‘rsatmalar respublikaning barcha xududlaridagi imom-xatiblarga ham yetkazilib, ijrosi nazoratga olingani ma’lum qilindi.
Muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati