Bir o‘smir yigit bekatda o‘tirgan otaxonning oldiga kelib, “Assalomu alaykum otaxon, meni eslay olasizmi?” deb so‘radi. Otaxon: “Yo‘q, eslay olmadim, biz tanishmizmi?” deb javob qildi. Bir necha oy avval shu bekatga kelgan avtobusga birga chiqqandik.
Suhbat jarayonida siz Allohga ishonishingizni aytdingiz. Men sizga qo‘pollik qilib, ustingizdan kuldim. Keyin bu ishimdan uyaldim, ammo sizdan kechirim so‘ramadim.
Otaxon jim bo‘lib qoldi. O‘smir yigit gapida davom etdi: “O‘sha kuni kechasi otam olamdan o‘tib qoldi. Hayotim o‘zgarib ketdi. Qur’on o‘qishni o‘rgandim. Endi esa, Alloh yana sizga duch qilib, fursat berdi. O‘shanda qilig‘imdan ranjigan bo‘lsangiz-da, yomon gapirmadingiz. Hozir sizdan uzr so‘ramoqchiman”.
Otaxon unga tabassum bilan qaradi: “Bilasanmi, o‘sha kuni haqqingga Allohdan hidoyat so‘ragan edim. Hecham yomon tilak qilmagandim. Balki o‘sha kuni haqqingga qilgan duoim ijobat bo‘lgandir”, dedi.
Xulosa shuki, kimdir sizni xafa qilsa birdaniga uni duoibad qilmang. Balki mazlumning duosi qabul bo‘ladigan damlarda Allohdan unga hidoyat, husnixulq so‘rang. Zero, qo‘llarimizni duoga ochar ekanmiz, tilagimizning barakasi, albatta, o‘zimizga ham tegadi. Alloh taolo Kalomida shunday marhamat qiladi: “Kim bir yaxshilik qilsa, unga o‘n barobar qaytarilur” (An’om surasi, 160-oyat).
Akbarshoh Rasulov
Eng ulug‘, eng aziz bayram – Mustaqillik shodiyonalariga sanoqli kunlar qoldi. Ayyom arafasida kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj bemorlar, keksalar holidan xabar olinib, ularga bayram tuhfalari yetkazib berilyapti.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida imom-domlalar, homiylar poytaxtimizning Olmazor tumanidagi "Islomobod" masjidida yig‘ilib, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olishdi.
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Toshkent shahar filiali hamda homiylar ko‘magida tayyorlangan oziq-ovqatlar jamlanmasi, shirinliklardan iborat ehsonlar bilan xonadonlarga kirib borildi.
Ko‘ngli o‘ksik insonlar bayram tuhfalarini olib, aziz yurtimizda hech kim mehr va e’tibordan chetda emasligiga yana bir karra amin bo‘lishdi.
Alloh taolo ehsonlarni qabul qilsin. Savoblarini ko‘paytirib bersin!
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati