Bismillahir Rohmanir Rohiym
Cavol: Ikki sajda orasida “Allohummag‘firliy” deb boshlanadigan duo bor ekan. Shu duoni sajda orasida qilish mumkinmi? Ulamolar bu haqda nima deyishgan?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Namozning ikki sajdasi orasida mazkur duo o‘qilgani haqida hadislar kelgan. Jumladan, Imom Termiziy rahimahulloh Ibn Abbos roziyallohu anhumodan qilgan rivoyatda “Nabiy sollallohu alayhi vasallam ikki sajda orasida “Allohummag‘firliy, varhamniy va a’finiy, vahdiniy, varzuqniy”, der edilar”, deyilgan. Boshqa rivoyatlarda bir oz farqli lafzlar aytilgan.
Mazhabimiz ulamolari bu borada kelgan barcha hadislarni o‘rganib, namozxon ushbu duoni yoki “Robbig‘firliy” ni 2 marta o‘qishi mutlaqo joiz, ammo imomlikka o‘tgan shaxs esa buni o‘qishda qavm malollanmasligini hisobga oladi, deganlar. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Sizlardan biringiz odamlarga imom bo‘lsa, yengil o‘qisin, chunki ularning orasida kasal, zaif, qarilar bo‘ladi. Agar o‘zi yolg‘iz o‘qisa, istaganicha uzun o‘qiyversin”, degan tavsiyalari ana shuni taqozo etadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.