Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov Chilonzor tumani imom-xatiblari bilan tumanda yong‘in sodir bo‘lgan bir xonadonga tashrif buyurib, musibatzadalardan ko‘ngil so‘radilar.
Talafotni ko‘zdan kechirib, xonadon ahlllariga sabr-bardoshli bo‘lish dinimiz ta’limoti ekanini, inshoalloh, Alloh taolo bu musibat ortidan, albatta, yengillik berishini tushuntirdilar.
Shu bilan birga, homiylar ko‘magida xonadonning poydevori, devori va tom qismi uchun zarur bo‘lgan qurilish materillari hamda kerakli ashyolar yetkazib beriladi. Inshoalloh, tez orada xonadon qaytadan yangicha qiyofada qad rostlashi uchun imom-domlalar bel bog‘ladilar.
Albatta, bu ko‘ngilsiz hodisa barchani qayg‘uga soldi. Lekin mo‘min kishi Alloh taolo ta’lim berganidek: «Biz sizlrni biroz qo‘rqinch va ochlik bilan, mol-mulkka, jonga, mevalarga nuqson yetkazish bilan sinaymiz. Sabrlilarga bashorat bering. Ular musibat yetganda: “Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz U Zotga qaytuvchimiz” derlar» (Baqara surasi, 155–156-oyatlar), yo‘l tutadi.
Yoshi ulug‘ otaxonlarimiz duoga qo‘l ochganda bejiz tilsiz yov – o‘t balosidan panoh tilashmagan.
Alloh taolo tilsiz yovdan barchamizni asrasin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati
Joriy yilgi “Haj – 2025” ibodatiga tayyorgarlik ishlari doirasida Samarqand shahrida uchrashuv tashkil etildi. Unda Samarqand, Qashqadaryo va Jizzax viloyatlaridan tayinlangan guruh rahbarlari ishtirok etdi.
O‘quv-seminarda haj tadbirlarini yuqori darajada tashkil etish, ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, tartib-intizom va xavfsizlik masalalari yuzasidan muhim ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, guruh rahbarlariga haj marosimlari davomida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tashkiliy va ma’rifiy ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar yetkazildi.
Uchrashuv mas’ul tashkilotchilar va haj safariga tayyorlanayotgan rahbarlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
Matbuot xizmati