Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Alloh taolo: «Qur’on o‘qigan chog‘ingda, Allohdan quvilgan shayton(sharri)dan panoh so‘ragin», degan (Nahl surasi, 98-oyat).
Ya’ni, avval «A’uzu billahi minash-shaytonir rojiym»ni aytib turib, keyin Qur’on qiroatini boshlagin, deyilmoqda.
«A’uzu billahi»ni aytish Qur’oni Karim tilovati uchun tilni poklaydi, kishini Allohning Kitobi bo‘lmish Qur’oni Karimni o‘qishga tayyorlaydi, shaytonning vasvasasidan saqlaydi, butun vujudi va shuurini Alloh tomon buradi.
Xuddi shu oyati karimadan ulamolarimiz Qur’on o‘qishni boshlamoqchi bo‘lgan har bir insonga «A’uzu billahi»ni aytish vojibligi hukmini chiqarganlar. Chunki Alloh shunga amr qilmoqda. Allohning amri har bir mo‘minga vojibdir. Uni qilmagan odam gunohkor bo‘ladi.
عَنْ أَبِي سَعِيدٍ t قَالَ: كَانَ رَسُولُ اللهِ r إِذَا قَامَ إِلَى الصَّلَاةِ بِاللَّيْلِ كَبَّرَ ثُمَّ يَقُولُ: سُبْحَانَكَ اللَّهُمَّ وَبِحَمْدِكَ، وَتَبَارَكَ اسْمُكَ، وَتَعَالَى جَدُّكَ، وَلَا إِلَهَ غَيْرُكَ، ثُمَّ يَقُولُ: اللهُ أَكْبَرُ كَبِيرًا، ثُمَّ يَقُولُ: أَعُوذُ بِاللهِ السَّمِيعِ الْعَلِيمِ مِنَ الشَّيْطَانِ الرَّجِيمِ مِنْ هَمْزِهِ وَنَفْثِهِ وَنَفْخِهِ. رَوَاهُ أَصْحَابُ السُّنَنِ.
Abu Sa’iyd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kechasi namozga tursalar, takbir aytar edilar va so‘ngra:
«Subhanakallohumma va bihamdika va tabarokasmuka va ta’ala jadduka va laa ilaaha g‘oyruk», der edilar.
Keyin esa «Allohu akbaru kabiyro», undan keyin «A’uzu billahis-samiy’il a’liymi minash shaytonir rojiymi min hamzihi va nafsihi va nafxihi», der edilar».
«Sunan» egalari rivoyat qilganlar.
Sharh: Imom Termiziy «Ushbu hadis bu bobdagi eng mashhur hadisdir», deganlar.
Hanafiy va Hanbaliy mazhablari sanoga ushbu duoni o‘qishni ixtiyor qilganlar. Duoning ma’nosi:
«Allohim! Sening O‘zingni poklab yod etaman va Senga hamdu sano aytaman. Isming muborak bo‘ldi. Sha’ning oliy bo‘ldi. Sendan boshqa ma’bud yo‘q».
U zot so‘ngra:
«A’uzu billahis samiy’il a’liymi minash shaytonir rojiymi min hamzihi va nafsihi va nafxihi», deb turib, namoz qiroatini boshlar ekanlar.
«Hadis va hayot» kitobining 4-juzi
asosida tayyorlandi
Savol: Namozga “Allohu akbar”, deb quloq qoqishda “Allohu akbar” dagi “r” ga kelganda ikki qo‘lni bosh barmog‘i quloq yumshog‘iga tegiziladimi? Shunday deb, eshitdim.
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Namozga kirishda avval ikki qo‘lni yuqoriga ko‘tarib, bosh barmoqlarni quloqning yumshoq joyiga tegiziladi. So‘ng “Allohu akbar”, deb, namozga kirishiladi.
Bu haqida Faqih Abu Ja’far rahimahulloh bunday zikr qilganlar: “Ikki kaftini ichki taraflari bilan qiblaga yuzlanadi va panjalari yozadi hamda qo‘llarini yuqoriga ko‘taradi. Qachonki, ikki bosh barmog‘i ikki quloqlarining yumshoq joylariga tegsa, “Allohu akbar” deb namozga shuru’ qiladi.
Shamsulaimma Saraxsiy rahimahullohga ko‘ra, barcha mashoyixlar shunga ittifoq qilganlar (“Muhiyt” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.