Abu Mansur Moturidiy kalom ilmiga oid ulkan ilmiy meros qoldirgan. Mutakallim o‘zi yashagan davrdayoq zamondoshlari tomonidan “Imomul huda” – “To‘g‘ri yo‘lga soluvchi imom”, “Qudvatu ahlis sunna” – “Ahlus sunnaning andozasi”, “Qole’u abobilil fitna val bid’a” – “Fitna va bid’at to‘dalarini ag‘daruvchi”, “Imomul mutakallimin” – “Mutakallimlarning peshvosi”, “Rofe’u a’lomish shari’a” – “Shariat bayroqdori”, “Musahhihu aqoidil muslimin” – “Musulmonlarning aqidalarini tuzatuvchi” kabi sharafli nomlarga sazovor bo‘lgan.

Moturidiyning kalom ilmida yuksak martabalarga ko‘tarilishi, olimlar orasida qadr-qimmat topishida u shakllangan ilmiy muhitning o‘rni katta bo‘lgan. Jumladan, IX-X asrlarda Movarounnahr va musulmon dunyosi mamlakatlarida yashagan ustozlar olimning yuksak malakali bo‘lib shakllanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Jumladan, Abu Nasr Ahmad Iyodiy hamda Abu Bakr Juzjoniyning xizmatlari katta ekani ta’kidlangan.
Olimning ilmiy faoliyatiga ta’sirini o‘tkazgan va shakllanishiga ta’sir ko‘rsatgan ustozlari mavzusi hali ilmiy o‘rganilishi lozim. Chunki o‘rta asr manbalarining kamligi sababli ular haqidagi ma’lumotlarni jamlash qiyin kechmoqda. Masalan, Nusayr Balxiy bilan Muhammad Roziy olimning ustozlari sifatida zikr etilgan ma’lumotlar mavjud. Lekin Abu Muin Nasafiy ularni samarqandlik olimlar qatoriga qo‘shmaydi. Moturidiyshunos olim Ulrix Rudolfning ta’kidlashicha, Moturidiy bilan bog‘liq biror asarda ularning nomi uchramaydi.
Manbalar Abu Bakr Juzjoniyning Abu Mansur Moturidiyning birinchi ustozlaridan ekanini ta’kidlaydi. Olimning hayoti va ijodi haqidagi ma’lumotlarga ega manbalar juda kam saqlanib qolgan.
Abu Bakr Juzjoniy Movarounnahr, xususan, Samarqanddagi hanafiy mazhabi fiqhiy maktabi rivoji hamda taraqqiyotiga muhim hissa qo‘shgan. Abu Muin Nasafiyning “Tabsiratul adilla” asarida keltirilishicha, Abu Bakr Juzjoniy mashhur olim Abu Sulaymon Juzjoniydan ta’lim oldi, so‘ng Samarqandga kelib, ilm va g‘oyalarini yoyish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Keyinchalik Samarqandda Abu Muqotil Samarqandiy, Abu Bakr Samarqandiy kabi yirik ilohiyotchi olimlar keng qamrovli faoliyat olib bordi. Jumladan, Abu Muqotil Samarqandiy bu yerda mashhur “Kitobul olim val mutaallim” – “Olim va shogird kitobi”ni yaratadi.
Mavjud manbalarning ma’lumot berishicha, olim usul hamda furu’ borasida o‘z zamonasining yetuk mutaxassislaridan sanalgan. Klassik manbalarda, jumladan, Abu Muin Nasafiyning “Tabsiratul adilla”, Ibn Abil Vafoning “Javohirul mudi’a fi tabaqotil hanafiya” – “Hanafiy olimlarning tabaqasi haqida nur taratuvchi javohir”, Muhammad Abdulhayning “Favoidul bahiya fi tarojimil hanafiya” – “Hanafiy olimlarning biografiyasi haqida yorqin foydalar” asarlarida Abu Bakr Juzjoniyning ikkita asar yozgani ko‘rsatib o‘tilgan. Birinchisi “Kitobut tavba” – “Tavba kitobi” Movarounnahr va qo‘shni hududlarda keng shuhrat topgan. Ushbu asar mashhur olim Abul Lays Samarqandiyning “Tanbehul g‘ofilin” – “G‘ofillarni uyg‘otish” asariga o‘xshagan nasihatnoma, pandnoma mavzusidagi asar bo‘lib hisoblangan.
Olmon olimi Ulrix Rudolfning “Moturidiy va Samarqanddagi sunniylik ilohiyoti” nomli kitobida ta’kidlanishicha, Abu Bakr Juzjoniy tom ma’noda mutakallim bo‘lmasada, lekin Abu Mansur Moturidiy hanafiy mazhabi ta’limoti hamda mohiyatini aynan undan o‘rgangan. Shu nuqtayi nazardan ham u Moturidiy ilmiy muhitining shakllanishiga sezilarli hissa qo‘shgan deb sanaladi.
Abu Mansur Moturidiy ilmiy muhitining shakllanishida Abu Nasr Iyodiy (vaf. 277/890 y.)ning xizmati ham katta. Movarounnahrning ko‘pgina yirik olimlari Abu Nasr Iyodiy faoliyatini juda yuqori baholashadi, qomusiy ilmiga alohida urg‘u berishadi. Abul Mute’ Nasafiy olimni tavsiflab, Abu Nasr Iyodiy ilm sohasida tubsiz bahri ummonga monand edi, deb yozadi. Shuningdek, u yigirma yoshida tengdoshlaridan bilim borasida anchagina ilgarilab ketgan bo‘lib, aqlu zakovatining o‘tkirligi, sabr-toqati, o‘ta sinchkovligi bilan munozaraga kiruvchi har qanday odamni asosli javobi, Qur’oni karimdan keltirgan dalillari bilan tang qoldirar edi, degan mazmundagi ma’lumot keltiriladi.
Abu Nasr Iyodiy buyuk alloma sifatida nafaqat o‘zining ustida muntazam ishladi, bilimlarini boyitdi, balki ilm tarqatish, shogirdlar tayyorlashga ham katta e’tibor berdi. Abu Mansur Moturidiy bilan bir qatorda Hakim Samarqandiy, Abu Ahmad Nasr Iyodiy, Abu Bakr Muhammad Iyodiy kabi olimlar ham Abu Nasrning shogird, yaqin muxlislaridan bo‘lgan. Abu Nasr Iyodiyning ilohiyot borasidagi faoliyatida bir necha muhim o‘rinlarni ta’kidlab o‘tish joiz. Olim o‘z davrida paydo bo‘lgan turli oqimlarga nisbatan juda ehtiyotkor munosabatda bo‘ldi. Abu Nasr Iyodiy Muhammad alayhissalom va u zotning sahobalariga hurmat bilan qaradi va ularni turli bo‘htonlardan doimo himoya qildi. Hoji Xalifaning yozishicha, uning “Sayful maslul ala man sabba as’hobar rasul” – “Payg‘ambar sahobalarini haqorat qiluvchilarga qarshi yalang‘ochlangan qilich” asari aynan ana shu maqsadni ko‘zlab yozilgan. Shuningdek, Abu Nasr Iyodiy Allohning sifatlariga bag‘ishlangan asar ham yaratdi. Unda turli yo‘nalishlar, jumladan, mo‘taziliylarning fikrini keskin muhokama qildi. Abu Nasr Iyodiy Movarounnahrdagi mavjud hanafiy mazhabiga xos kalom ilmi bo‘yicha asar yaratgan ilk mualliflardan biri sanaladi. Chunki asar ilmiy risola tarzida bo‘lib, unga qadar keng xalq ommasiga mo‘ljallanib yozilgan asarlardan farq qilgan. Va aynan Abu Mansur Moturidiy Abu Nasr Iyodiydan diniy, ilohiy masalalar borasida faqatgina tasavvurlarni berish bilangina kifoyalanmadi, balki bunday munozaralarda aqlu zakovatga ham suyanish lozimligini ta’kidlab, insondagi “af’oli ixtiyoriyga” ishora qildi.
Moturidiy ta’limotining shakllanishi, ilmiy jihatdan boyitilishi, keyingi avlodlar tomonidan eng hayotiy nizom sifatida qabul qilinishida alloma tarbiyalagan olim-shogirdlarining xizmatlari katta. Abu Mansur Moturidiy ilmiy muhitining rivoji va uning boshqa hududlarga tarqalishiga ilmiy asarlari bilan ijobiy ta’sir ko‘rsatishdi.
Abu Mansur Moturidiyning dastlabki shogirdi mutakallim Abu Nasr Iyodiyning farzandi Abu Ahmad Nasr ibn Ahmad Iyodiydir. Abu Ahmad ilohiyot ilmini dastlab otasi, so‘ng Abu Mansur Moturidiydan o‘rgandi. Kalom bo‘yicha yuqori ilmiy salohiyati bilan olimlar orasida shuhratga sazovor bo‘ldi. Abu Hafs Buxoriyning ma’lumotiga ko‘ra, Abu Ahmad haqiqatgo‘yligi sabab hanafiy mazhabiga yod fikr va xulosalarning kiritilishiga yo‘l qo‘ymadi. Shu tariqa mazhab sofligini saqlashga chin dildan xizmat qildi. Hakim Samarqandiy ham olimni ta’riflab, Abu Ahmad Xuroson hamda Movarounnahrdagi eng yetuk olimlardan edi, deb yozadi. Abu Ahmad mu’taziylar bilan keskin bahslar olib bordi va uning bu boradagi fikrlari ustozi Abu Mansur Moturidiy qarashlari bilan hamohang edi. Abu Ahmadning hayoti, ilmiy merosi haqida Abu Muin Nasafiyning “Tabsiratul adilla” kitobida muhim ma’lumotlar keltiradi.
O‘rta asrlarga oid manbalarga ko‘ra, Abu Ahmad Abu Mansur Moturidiy ta’limotining keyingi asrlardagi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan. Ustoz-shogirdlik an’anasining uzviyligi ilohiy ta’limotning rivojlanishi va keng tarqalishiga katta hissa qo‘shdi. Ayniqsa, Abu Ahmadning shogirdi Abu Salom Muhammad ibn Muhammad Samarqandiyning mazkur ta’limot rivojlanishi va tarqalishida katta ulushi bor. Taxminan X asrda yashab ijod etgan bu olimning “Jumal usulid din” – “Din asoslari majmui” nomli asari davrimizga qadar yetib keldi. Mazkur asarning qo‘lyozmasi Istanbuldagi Sulaymoniya qo‘lyozmalar xazinasida saqlanadi. Qo‘lyozmaning matni 1989 yili Istanbulda nashr etilgan. Ulrix Rudolfning yozishicha, asar Moturidiydan so‘ng Samarqandda bitilgan an’anaviy ilohiy asarlar uslubidan farq qilsada, Abu Mansur Moturidiy g‘oyalariga to‘liq mos keladi. Abu Salom zamondoshi Abul Lays Samarqandiyning uslubi kabi hanafiy mazhabining an’anaviy uslubini yangi pog‘onaga olib chiqdi hamda Moturidiy ilgari surgan g‘oyalarni rivojlantirdi. Aqidaviy maktabni ustozi uslubida davom ettirishga xizmat qildi. Shu sababli, uning “Jumal usulid din” asari moturidiylik an’analari davom ettirilgan, davrimizga qadar yetib kelgan eng dastlabki, ilk ilmiy manbalardan biri hisoblanadi.
Moturidiylik ilmiy muhitining rivojiga Abul Hasan Ali ibn Sa’id Rustug‘foniy (vaf. 350/961 y.) ham katta hissa qo‘shdi. Olim Moturidiyning shogirdlaridan biri bo‘lib, u Samarqand yaqinidagi mashhur Rustug‘fon qishlog‘ida dunyoga keldi. U Moturidiyning eng ko‘zga ko‘ringan, ilmiy bahslarda mustaqil, erkin fikrlari bilan faol ishtirok etadigan shogirdlaridan hisoblandi. Olimning nisbasi manbalarda Rustufg‘oniy, Rustug‘foniy, Rustufag‘niy ko‘rinishida uchraydi. U o‘z ustozi Abu Mansur Moturidiy bilan ayniqsa, ijtihod masalasida keskin bahslar olib bordi. Ibn Abul Vafoning “Javohirul mudi’a fi tabaqotil hanafiya” asarida ko‘rsatilishicha, Abul Hasan fiqh bo‘yicha ham bilimdon olimlardan biri edi. Manbalar fiqh, ilohiyot ilmlarini mukammal egallagan Abul Hasan Rustug‘foniyning to‘rt asar yozgani haqida xabar beradi. Birinchisi, olimning fatvolari yig‘indisi “Fatava Rustug‘foniy” – “Rustug‘foniy fatvolari”. Olimning turli ensiklopedik lug‘atlarda nomi keltirilgan ikkinchi asari “Kitobul xilof” – “Munozaralar kitobi” esa hozirga qadar topilmagan.
Kalom ilmiga bag‘ishlangan eng asosiy hamda muhim asari “Kitob irshodul muhtadiy” – “To‘g‘ri yo‘ldan yuruvchiga qo‘llanma” deb nomlanadi. Ibn Qutlubug‘aning “Tojut tarojim” – “Biografiyalar toji”, Muhammad Abdul Hayning “Favoyidul bahiya fi tarojimil hanafiya” asarlarida “Irshodul muhtadiy”ga katta e’tibor berildi va yuqori baholandi. Abul Hasan o‘rta asr olimlariga ergashgan holda ularning ijodiga xos qomusiy asar yozish yo‘lidan borib, ilmlar tasnifigabag‘ishlangan “Kitobuz zavoyid val favoyid” – “Qo‘shimchalar va foydalar kitobi” asarini yaratgan. Ushbu silsilaga Abu Zayd Balxiyning “Aqsomul ulum” – “Ilmlarning qismlari”, Ibn Farug‘ning “Javomiul ulum” – “Ilmlarning jamlovchilari”, Xorazmiyning “Mafotihul ulum” – “Ilmlarning kalitlari” asarlarini kiritish mumkin. Bunday asarning hanafiy mazhabidagi olim, Moturidiyning shogirdi tomonidan yaratilishi uning har tomonlama yetukligidan dalolat beradi. Bu esa X asrda Moturidiy ta’limoti va g‘oyalarining yoyilishi, shuningdek, hanafiy mazhabining Movarounnahrdagi rivojiga ulkan hissa qo‘shdi.
Abdul Karim Pazdaviy (vaf. 390/999) ham Abu Mansur Moturidiy ilmiy muhitining shakllanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Moturidiyning shogirdi sifatida Moturidiylik ta’limoti hamda asarlarining yoyilishida katta ahamiyat kasb etdi. Abdul Karim Pazdaviyning hayoti va asarlari haqida juda kam ma’lumotlar yetib kelgan. Uning nomi “Kitobul olim val mutaallim” asarida uchraydi. Bu asar matnini Pazdaviy Muhammad Nasafiyga yetkazdi. Ibn Abul Vafo hamda Laknaviylarning ta’kidlashicha, Abdul Karim Pazdaviy Abu Mansur Moturidiyning yaqin shogirdlaridan hisoblanadi. Abdul Karim Pazdaviy o‘zidan keyin ilm maydoniga chiqqan ilohiyotchi olimlar sulolasi – Pazdaviylarga tamal toshini qo‘ydi. Abu Mansur Moturidiyning izdoshlari nomini olgan mashhur Abul Yusr Pazdaviy (vaf. 493/1100 y.), Faxrul islom Abul Hasan Pazdaviy (vaf. 482/1089 y.) shular jumlasidan hisoblanadi. Ular moturudiya ta’limotining davomchilari sifatida aqida ilmi rivojida muhim o‘rin egallashgan. Abul Yusr “Usulud din” – “Din asoslari” nomli asarida bobosi Abdul Karim Pazdaviyning nomini faxr bilan tilga oladi va Abu Mansur Moturidiy haqidagi ma’lumotlar o‘z oilasida avloddan avlodga o‘tib kelayotganini ta’kidlaydi. Shubhasiz, Abdul Karim Pazdaviy Movarounnahrdagi kalom sohasida mavjud ustoz va shogirdlik ilmiy muhiti an’anasining rivojiga katta xizmat qildi.
Abu Mansur Moturidiy hayoti, ilmiy merosi, moturidiylik ilmiy muhitining shakllanishiga xizmat qilgan ustoz hamda shogirdlari haqidagi manbalarni izlab topish, ularni tarjima kilib ilmiy muomalaga kiritish bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 14 martdagi “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida ham ayni shu masalaga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Madaniy meros agentligi zimmasiga xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotiga mansub allomalarning hayoti, ilmiy merosiga oid noyob qo‘lyozma asarlar va boshqa madaniy boyliklarni aniqlash, ularning nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish va tadqiq qilishni tizimli ravishda tashkil etish vazifasi yuklangan.
Zohidjon Islomov,
filologiya fanlari doktori,
professor, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi.
O‘zA
Hadislarning islomdagi yuksak ahamiyati va asosiy yo‘riqnoma ekani, muqaddas dinimizning barcha jihatlari Sunnatga bog‘liqligi xuddi Qur’oni kabi hadislarni ham Alloh himoya qilishini taqozo etadi. Buni quyidagi dalillar misolida ko‘rish mumkin.
Birinchidan, Muhammad sollallohu alayhi vasallam – oxirgi Payg‘ambar, u zot keltirgan shariat qiyomatgacha qoluvchi so‘nggi shariatdir. Bu shariat hadislar bilangina mukammal bo‘lib, unga faqat Sunnat orqali komil amal qilish mumkin. Demak, shariat qiyomatgacha o‘zgarishlarga uchramay saqlanishi uchun uning ikki asosi bo‘lmish Qur’on ham, hadislar ham muhofaza qilingan bo‘lishi shart.
Ikkinchidan, Alloh taoloning quyidagi so‘zlarida buning tasdig‘i yaqqol namoyon bo‘ladi: «Ular Allohning nurini og‘izlari bilan o‘chirmoqchi bo‘lurlar. Alloh esa, garchi kofirlar yoqtirmasa ham, o‘z nurini batamom qilishdan boshqa har narsadan bosh tortadir. U garchi mushriklar yoqtirmasa ham, O‘z Rasulini hidoyat va haq din bilan hamma dindan ustun qilish uchun yuborgan Zotdir» [Tavba surasi, 32-33-oyatlar].
«Allohning nuri» – Rasuliga yuborgan hidoyat va haq din. Bunga ham vahiyning ikki turi – Qur’on va hadis kiradi. Bu nurni faqat Qur’on bilan cheklashga hech qanday asos yo‘q, chunki islom dini hadissiz to‘liq bo‘lmaydi. Chunki, uni hadislardan ayro holda tasavvur qilish imkonsizdir.
Yuqoridagi oyatning ma’nosini quyidagicha tushunish mumkin: «Kofirlar Allohning dinini yolg‘on va urushlar bilan yo‘q qilmoqchi bo‘ladi, lekin buni uddalay olmaydi. Ular quyosh nurini puflab o‘chirmoqchi bo‘lgan nodonlarga o‘xshaydi. Alloh taolo O‘z dinini muqarrar g‘olib qiladi».
Uchinchidan, Alloh taoloning mana bu kalomi: «Albatta, zikrni Biz nozil qildik va, albatta, uni Biz muhofaza qilurmiz» [Hijr surasi, 9- oyat].
Ushbu dalil “zikr” so‘zining ma’nosiga bog‘liq. Lug‘at kitoblarida, xususan, «Al-Qomus»da bu kalima “din tafsilotlari va qonun-qoidalari bayon qilingan kitob” deb ta’riflangan. Imom Rog‘ibning «Mufradot» asarida: «Har bir haq so‘z zikr deyiladi», deb aytilgan.
Ibn Foris “kitob” so‘zining asli bir narsani boshqasida jamlashni anglatishini aytib o‘tgan. Imom Rog‘ib esa, yozuvda harflarni bir-biriga qo‘shib tizish «kitobat» (yozish) deyilishini, bu so‘z ba’zan og‘zaki nutqqa nisbatan ham ishlatilishini qo‘shimcha qilgan. Shuning uchun ham Alloh taoloning kalomi, garchi o‘sha kezlari hali qog‘ozga tushirilmagan bo‘lsa-da, oyatlarda «kitob» deb nomlangan.
«Din tafsilotlari bayon qilingan kitob» so‘zlariga ko‘ra, «Albatta, zikrni Biz nozil qildik» oyatidagi “zikr” Qur’oni karim ekani ayon bo‘ladi. Ko‘pchilik ulamo va mufassirlar shu fikrda yakdildir. Biroq “zikr” so‘zi faqat Qur’onga xos emas, balki keng ma’noli bo‘lib, u boshqa narsalarga nisbatan ham ishlatiladi. Masalan, «Bilmasangiz, zikr ahlidan so‘rangiz» oyatidagi «zikr ahli» olimlardir.
Shunga ko‘ra, «Albatta, zikrni Biz nozil qildik va, albatta, uni Biz muhofaza qilurmiz» oyati Qur’oni karimning o‘zgarishdan saqlanishini ochiq-oydin bildiradi. Lekin faqat Qur’onni saqlashini anglatmaydi. Chunki Haq taolo boshqa narsalarni ham saqlagan, masalan, Payg‘ambarimizni dushmanlar suiqasdidan asragan, shuningdek, Arshni, osmonlar va yerni zavolga yuz tutishdan saqlab turadi.
Oyatdagi muhofaza qilish va’dasi avvalgi ilohiy kitoblarga nisbatan qo‘llangan bo‘lishi ham mumkin. Chunki Alloh taolo avvalgi kitoblarni saqlashni o‘sha qavmlarning o‘ziga topshirgan, ular esa buni uddalay olmagan edi. Oqibatda oldingi ilohiy kitoblar o‘zgartirib yuborilgandi. Qur’onni saqlashni esa Alloh taolo O‘z zimmasiga oldi.
Oyatning ma’no va maqsadiga qaralsa, u islomni barcha jihatlari bilan saqlashni o‘z ichiga oladi. Muqaddas dinimizning ikkinchi asosi bo‘lgan hadislar ham shular jumlasidandir. Chunki Qur’onni saqlashdan maqsad islomni muhofaza qilish ekan, u hadissiz to‘liq saqlanib qolmaydi.
Qur’oni karimni muhofaza qilishdan asosiy maqsad bandalarning unga amal qilishidir. Mus'hafi sharifdagi ko‘plab hukmlar umumiy va qisqa berilgan, ularni ularga hadis orqali batafsil tushungachgina amal qilish mumkin. Masalan, Alloh azza va jalla: «Va sizga (ey Muhammad!) odamlarga nozil qilingan narsani o‘zlariga bayon qilib berishingiz uchun zikrni nozil qildik», degan. Bu Qur’on bilan birga uning “bayoni”ni – ma’nosini, tafsilotlarini, ya’ni hadislarni ham Alloh saqlanishini tasdiqlaydi.
Aynan shuning uchun ham ulug‘ imom Abdulloh ibn Muborak hadisning muhofaza qilinishiga mana shu oyatni dalil qilib keltirgan. U kezlarda uydirma hadislar ko‘payib ketgan edi. Bir kuni odamlar: «Bu to‘qilgan hadislar nima bo‘ladi?» deb so‘rashganida, u: «Ular uchun bilimdon mutaxassislar bor», deb javob berib, «Albatta, zikrni Biz nozil qildik va, albatta, uni Biz muhofaza qilurmiz» oyatini qiroat qilgan.
Bu bilan ulug‘ imom hadislar ham xuddi Qur’oni karim kabi Alloh taoloning himoyasida ekanini tushuntirgan. Hadislar majmuidan tashkil topgan Sunnatni saqlash esa bilimdon muhaddis olimlar orqali amalga oshiriladi. Ular hadislarni ilm elagidan o‘tkazib, saralab, sahihini zaifidan, aslini uydirmasidan ajratib beradi. Islom tarixi davomida muhaddislar aynan shu ishni qildi va bu Allohning hadisni saqlash haqidagi va’dasining isboti bo‘ldi.
Sunnatning muhofaza qilinishiga boshqa dalillar ham bor.
Muhammad sollallohu alayhi vasallamning so‘nggi payg‘ambar ekanlari, u zotning dini qiyomatgacha boqiy bo‘lishi uchun islomning asosi bo‘lgan hadislar ham saqlanishi shart.
Dinning mukammal qilingani Alloh taoloning «Bugun diningizni mukammal qilib berdim» [Moida surasi, 3-oyat] degan so‘zlari bilan sobit bo‘lgan. Bu xitob qiyomatgacha bo‘ladigan barcha zamonlarga tegishli. Dinning mukammalligi esa hadislar saqlangandagina tamomiga yetadi.
Alloh O‘z nurini batamom qilishi – «Alloh esa, garchi kofirlar yoqtirmasa ham, o‘z nurini batamom qilishdan boshqa har narsadan bosh tortadir» [Tavba surasi, 32-oyat] oyati ham islomning barcha asoslari saqlanishini anglatadi.
Hadisning vahiy ekani bunday tasdiqlanadi. Alloh taolo Nabiy sollallohu alayhi vasallamga: «“Men sizlarni faqat vahiy orqaligina ogohlantirurman. Gunglar ogohlantirilgan vaqtda da’vatni eshitmaslar” deng» [Anbiyo surasi, 45-oyat], degan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam odamlarni ham Qur’on, ham hadis bilan ogohlantirganlar. Demak, hadis ham Qur’on kabi vahiydir. Sunnatdan esa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mana bu so‘zlari dalil bo‘ladi: “Menga Qur’on bilan birga uning mislicha berildi”.
Qur’oni karimdagi ko‘plab hukmlar umumiy bo‘lib, ular hadislarda kelgan tafsilotlarga muhtoj. Sunnat muhofaza qilinmaganida, Qur’on hukmlariga amal qilib bo‘lmas edi.
Alloh taolo: «Va sizga (ey Muhammad!) odamlarga nozil qilingan narsani o‘zlariga bayon qilib berishingiz uchun zikrni nozil qildik», degan. Bu oyat ham hadisning saqlanishini taqozo qiladi, chunki tushuntiruvchi manba yo‘qolsa, Qur’oni karimning maqsadi amalga oshmay qoladi.
Haq taolo bunday marhamat qilgan: «Kim islomdan boshqa dinni xohlasa, bas, undan bu hargiz qabul qilinmas va u oxiratda ziyon ko‘rguvchilardan bo‘ladir» [Oli Imron surasi, 85-oyat]. Bu hukm qiyomatgacha yashaydigan barcha insonlarga taalluqli. Ularning din bo‘yicha hujjati to‘liq bo‘lishi uchun u avvalo o‘sha avlodlarga to‘liq holida yetib borishi kerak. Islom dini esa hadissiz to‘liq yetib bormaydi. Demak, qiyomatgacha din saqlanishi uchun hadislar muhofaza qilinishi shart.
Hadisning ilohiy muhofazasi faraznamo ta’kid emas, balki olimlar, ayniqsa, hadis ilmi va roviylar bo‘yicha mutaxassislar aniq biladigan hayotiy haqiqatdir. Islom ummati hadislarni saqlashga, to‘g‘risini xatosidan ajratishga misli ko‘rilmagan darajada katta ahamiyat bergan. Hadislarning mukammal saqlanganiga faqat bu ilmlardan bexabar bo‘lgan johillar yo islomga zarar yetkazishni ko‘zlagan g‘alamislargina shubha qiladi. Bu shubha zamirida aslida ilmiy-mantiqiy shubha-gumon emas, g‘araz yotgan bo‘ladi.
Islom ulamolari yuqoridagilardan kelib chiqib, Sunnat ham xuddi Qur’oni karim kabi Allohning himoyasida, degan xulosaga kelgan.
Imom Shofeiy ta’kidlaganidek, Sunnat ulamolar orasida to‘laligicha saqlangan. To‘g‘ri, bir olim barcha hadislarni bilmasligi mumkin, lekin u bexabar bo‘lgan rivoyatdan boshqa bir olim, albatta, boxabar bo‘ladi. Shu tariqa barcha olimlarning bilganlari jamlansa, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Sunnatlari to‘la-to‘kis namoyon bo‘ladi. Hech bir hadis butunlay yo‘qolib ketmaydi.
Imom Ibn Hazm hadislarning Qur’oni karim kabi Alloh tomonidan saqlanishiga bir qancha oyatlarni dalil qilib keltirgan. Avvalo aytish kerakki, u ham «Albatta, zikrni Biz nozil qildik va, albatta, uni Biz muhofaza qilurmiz» oyatidagi zikr so‘zini barcha vahiylarga tegishli deb biladi.
Olimning fikricha, Qur’on va hadislar bir-birini to‘ldiradi. Ikkalasi ham Alloh taoloning huzuridan kelgani uchun ham shunday. Mana shundan kelib chiqib, ikkisidagi hukmlarga birdek itoat qilish lozim.
“Men sizlarni faqat vahiy orqaligina ogohlantirurman”. Haq taolo insonlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri emas, payg‘ambarlar orqali ogohlantiradi. Payg‘ambarlar, xususan, Nabiy alayhissalom insonlarni nafaqat oyatlar bilan, balki hadislar bilan ham ogohlantirganlar. Demak, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning so‘zlari vahiydir. Vahiy (zikr) esa Qur’ondagi ilohiy va’da bilan muhofazaga olingan.
Alloh taolo bir narsani saqlashni o‘z zimmasiga oldimi, demak, u yo‘qolib ham ketmaydi, o‘zgarib ham qolmaydi. Dinning qaysidir bir jihati yo‘q bo‘lib ketsa yoki u haq bilan botilni ajratib bo‘lmaydigan darajaga tushib qolsa, ilohiy va’da quruq gap bo‘lib qolar edi. Vaholanki, Qodir Parvardigordan Uning O‘ziga malomat keltiradigan kalom nozil bo‘lishi har qanday mantiqqa ziddir.
Shuning uchun Muhammad sollallohu alayhi vasallam keltirgan din qanday bo‘lgan esa, qiyomatga qadar shundayligicha qoladi. U zot aytgan dinga oid biror so‘z yo‘qolishi yoki unga bironta uydirma gap mutlaqo ajralmaydigan bo‘lib aralashib qolishi aslo mumkin emas.
Yana bir muhim jihat shuki, Alloh taolo Mus'hafi sharifda namoz, zakot va haj kabi amallar qisqa tarzda aytilgan, Nabiy sollallohu alayhi vasallamga Qur’onni odamlarga tushuntirib berishni buyurgan. E’tibor bersak, ularning qanday bajarilishi faqat hadislar orqali ma’lum bo‘ladi. Bu ko‘rsatmalar saqlanmaganida, ishonchli bo‘lmaganida edi, din arkonlariga amal qilishning imkoni qolmas, farz amallar qat’iy qoidalar asosida emas, pala-partish va betartib bajariladigan bo‘lardi. Ba’zilari hatto bekor bo‘lib yo unutilib, yo‘qolib ham ketishi ham hech gap emasdi.
Bu shuni anglatadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning din borasida aytgan har bir so‘zlari Alloh taoloning himoyasida bo‘lib, unga hech qachon yot narsalar ajratib bo‘lmaydigan darajada aralashib ketmaydi.
So‘z so‘ngida xalq orasidagi “jo‘n gap”ga ham murojaat qilsak. Islomda “Qur’onda zikr qilingan narsa qiyomatgacha yo‘qolmaydi” degan tushuncha bor. Buning ma’nosi shuki, Qur’oni karim muhofazada ekan, unda qayd etilgan narsalar kelgusi avlodlar uchun tushunarsiz, mavhum, unutilgan bo‘lib qolmaydi, balki Mus'hafi sharifdek saqlanadi. Shunga muvofiq fikr yuritadigan bo‘lsak, Qur’oni karimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat qilish – buyurganlarini bajarish, nimadan qaytargan bo‘lsalar, ularni tark qilish – amri bor. Bu ilohiy amr ham – Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Sunnatlari qiyomatgacha saqlanishini anglatadi. Negaki, Sunnat saqlanmasa, unga amal qilishni amr etishda ma’no va mantiq qolmasdi. Haq taoloning amri esa, boya ta’kidlanganidek, Uning O‘ziga malomat keltiradigan gap emas, balki ilohiy hikmatdir.
Nurmuhammad MATKARIMOV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi ilmiy xodimi