Har yili muborak Ramazon arafasida mo'min-musulmon yurtdoshlarimizning ko'nglini shod etish maqsadida yangi masjidlarni ishga tushirish an'ana tusiga kirib bormoqda. Albatta, mohi Ramazon oyini yangi masjidlarda qarshi olish, tarovehlarda ishtirok etish namozxonlarga o'zgacha xushkayfiyat ulashadi.
2024 yil 8 mart, juma kuni Toshkent shahar Bektemir tumanidagi “Bektemir” jome masjidi namozxonlari ana shunday shodlik tuyg'usini to'ydilar.
Mazkur jomening ochilishi Qur'oni karim tilovatlari va xayrli duolar bilan boshlandi. Unda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, mahalliy imom-xatiblar, nuroniy otaxonlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Dastlab, Homidjon domla yig'ilganlarni kirib kelayotgan Ramazoni sharif va yangi masjid bilan tabriklab, uning qurilishiga hissa qo'shgan barcha aziz insonlar haqqiga duoi xayrlar qildi va Ramazon oyining fazilati va masjidlarni obod qilishga beriladigan ajru savoblar haqida ma'ruza qildilar. So'ngra juma namozi ado etilib, masjidni barpo etishda hissa qo'shgan yurtdoshlarimiz haqqiga duolar qilindi.
“Bektemir” jome masjidi zamonaviy talablarga rioya qilgan holda bunyod etilgan. Umumiy maydoni 3 sotoxni tashkil etadi. Masjid er to'la bilan birga 3 qavat bo'lib, eng tepasi ikki yon namozxonadan iborat. Masjid uch mingdan ziyod namozxonga mo'ljallangan.
Ma'rifat maskani bo'lgan masjidlarni obod qilayotgan azizlarga Yaratganning roziligi nasib qilsin, yurtimiz tinch, osoyishta va farovonligi bardavom bo'lsin!







O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bugungi jamiyatimizda odob-axloq jihatidan oqsoqliklar ko‘zga tashlanmoqda. Salom berish, yordamga muhtojlarni ko‘rganda ko‘maklashish, o‘zidan kattalarga hurmat ko‘rsatish kabi qadriyatlar kamayib borayotganini hech kim inkor qilmasa kerak. Holbuki, har bir ota-ona farzandining ilmli, solih va yetuk inson bo‘lib kamol topganini ko‘rishni orzu qiladi. Biroq “holva” degan bilan og‘iz shirin bo‘lmaydi. Ya’ni quruq orzu-havasning o‘zi kifoya qilmaydi. Balki doimiy va tartibli ta’lim-tarbiya ishiga kirishish lozim bo‘ladi. Bu borada jamiyatdagi insonlarni uch toifaga bo‘lish mumkin:
1. O‘zi ham amal qilib, farzandini ham ezgulikka yetaklaydiganlar. Bu tutum dunyo va oxirat saodatini ko‘zlagan mo‘minning yo‘li. Tarbiyada eng samarali omil ota-onaning shaxsiy namunasidir. Bolaga, avvalo, Allohni tanitish va solih amallar bilan o‘rnak bo‘lish lozim. Qur’oni karimda ta’kidlanganidek, iymon keltirib, ezgu amal qilganlarga dunyoda pokiza hayot, oxiratda esa abadiy jannat bashorati berilgan (Nahl surasi, 97-oyat).
2. O‘zi amal qilmay, farzandi tarbiyasiga mol-dunyo sarflaydiganlar. Unutmang, pul hamma narsani hal qilmaydi. Ota-onaning o‘zi diniy va axloqiy majburiyatlarni bajarmasa, pand-nasihatlari farzandga ta’sir qilmaydi. Oilaviy muhitda ota ta’minotga, ona tarbiyaga mas’ul bo‘lib, o‘zaro hurmat va hamjihatlik bo‘lishi shart.
Shuningdek, ota-onalarning behuda ishlar, masalan, telefonga ko‘p bog‘lanib qolishi tarbiyadagi eng katta bo‘shliqni yuzaga keltiradi. Farzand kamoloti uchun uning vaqtini to‘g‘ri taqsimlash, uyqu va dars tartibini doimiy nazoratda tutish, tartibni ushlash lozim. Eng muhimi, xulq ilmdan ustun turadi: xulqsiz berilgan ilm insonni zalolatga yetaklaydi, shu bois farzandga go‘zal axloqiy tarbiya berib, so‘ng ilm bilan ziynatlash kerak.
3. O‘zi ham amal qilmay, farzandini ham bunga chaqirmaydiganlar. Bu toifaning oqibati xatarlidir. Alloh taolo Toha surasida bunday marhamat qiladi: “Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, albatta, uning uchun tang hayot bo‘lur...” (124-oyat). Mana shu oyatning o‘ziyoq kishini sergak torttirib, bu toifadan bo‘lib qolmaslikka undashi lozim.
Xulosa shuki, farzand qalbi va ruhiyati ildiz otishi kerak bo‘lgan daraxt ko‘chati kabidir. Uning ildizini iymon va taqvo mustahkamlaydi. Shunday ekan, kim farzandlari kamolini ko‘rishni istasa, amali va e’tiborini bilan shunga harakat qilsin. Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda bardavom qilib, zurriyotlarimiz kamolini ko‘rsatsin.
Aziza RAHMATOVA,
Samarqand tumani bosh otinoyisi