O‘lim to‘shagida yotgan ayol eridan: “agar men vafot etsam qancha vaqt o‘tganidan keyin yana uylanasiz” deb so‘radi. Eri: “Qabringning tuprog‘i qurishi bilan”, deb javob berdi. Oradan biroz vaqt o‘tib, ayol vafot etdi. Eri va’dasiga binoan to ayolning qabri tuprog‘i quriguncha ziyoratga borib turadigan bo‘ldi. Ammo oradan yil o‘tdi hamki, qabr tuprog‘i nam bo‘lib turardi. Er bu sirni bilish uchun panada poyladi. Bir yigit chelakda suv olib ayolining qabriga sepa boshladi. “Nima qilyapsan?” deb oldiga kelsa, qaynisi ekan. U: “Opamning vasiyatini bajaryapman”, dedi.
Bundan ko‘rinadiki, ayol hatto vafot etsa ham erini rashk qilarkan, yaxshi ko‘rarkan. Masalaning ikkinchi tomoni shuki, biz qadri baland erlar o‘z ayolimizni qay darajada yaxshi ko‘ramiz, qadrlaymiz?!
Ular bor ekan, doim kiyimimiz, uyimiz toza. Dasturxonda taomimiz tayyor. Farzandlarimizdan ko‘nglimiz to‘q. Ular kecha-kunduz xizmatimizga shay. Shunday ekan, ba’zan nimadir xato qilsa, ishlariga ulgurmagan bo‘lsa, ularni qattiq koyimaylik. Zero, ular bizga Allohning omonatlaridir. Biz ularga mas’ulmiz. Quydagi oyatni doim esda tutaylik:
“Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir” (Niso surasi, 34-oyat).
Akbarshoh Rasulov
Sobit ibn Ibrohim tahorat ola turib ariqda oqib kelayotgan bir olmaga ko‘zi tushadi va olmani olib yeydi. Olmaning yarmini yeb bo‘lganida, uning haqqi haqida o‘ylab qoladi. Shu xayolda Sobit ibn Ibrohim ariq chetidan yurib olma oqib chiqqan bog‘ga kiradi va bog‘ egasiga:
– Yeb qo‘ygan yarimta olmam uchun haqqingizni halol eting. Qolgan yarmi mana, oling, – deydi.
– Mayli, haqqimni halol etaman, faqat bir shartim bor, – deydi bog‘ egasi yigitning halol, taqvoli ekanini anglab.
– Shartingizni ayting, – deydi Sobit ibn Ibrohim.
Shunda bog‘ egasi:
– Bir qizim bor, uni nikohingga olasan. Lekin rozi bo‘lishingdan avval uning holatidan seni ogoh etishim lozim. Qizimning ko‘zi ojiz, hech narsani ko‘rmaydi, soqov – gapirmaydi va yana qulog‘i eshitmaydi – kar, qimirlamaydi – shol, – deydi.
Bog‘ egasining gaplarini eshitgan Sobit ibn Ibrohim lol bo‘lib qoladi. Yeb qo‘ygan yarimta olmaning haqqidan qo‘rqib, qizga uylanishga rozi bo‘ladi va:
– Mayli, taklifingizni qabul qildim, zora shu bilan Allohning roziligiga erishsam, – deydi.
Ota qiziga oq fotiha beradi. To‘y-tomoshalar o‘tgach, Sobit ibn Ibrohim salom berganicha qizning yoniga kiradi. Qiz salomga alik qaytargancha qo‘li ko‘ksida qulluq qiladi.
Yigit bo‘layotgan ishlardan hayratlanadi: “Bu juda g‘alati-ku, soqov emas ekan-da, salomimga javob berdi. Tik turibdi, demak shol ham emas. Qo‘li ko‘ksida, bundan chiqdi ko‘zlari ham ko‘radi”.
Yigit shoshgancha tashqariga chiqadi va qizning otasiga: “Bu menga va’da qilingan qiz emas-ku, ko‘r, soqov, kar va shol deganingizning boisi ne?!” – deydi.
“Nega endi?” – izoh beradi qizning otasi: “Bu o‘sha qiz. Ko‘zi ojiz deganim – uning ko‘zlari Alloh harom qilgan narsaga boqmagan, qulog‘ining karligi – Alloh harom qilgan narsalarga quloq tutmagan, soqovligi ham rost, chunki tili Allohning zikrigagina aylangan, sholligi – yomon ishga yurmagan”.
Sobit ibn Ibrohim birovning haqqidan qo‘rqqanligi evaziga oliy mukofotga erishadi. Vaqt o‘tishi bilan uning ayoli yer yuzini ilm va fiqhga to‘ldirajak bir zotga, buyuk Imom Abu Hanifaga homilador bo‘ladi.