Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Iyul, 2025   |   8 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:10
Quyosh
04:55
Peshin
12:32
Asr
17:42
Shom
20:04
Xufton
21:40
Bismillah
03 Iyul, 2025, 8 Muharram, 1447
Maqolalar

Boylik sinov uchun beriladi

07.04.2025   9150   2 min.
Boylik sinov uchun beriladi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Bir boy odam ko‘ngli tusagan, xayoliga kelgan har qanday narsani sotib olaverardi. Bir faqir kishi esa o‘zi xohlagan narsani sotib ololmas, farzandlariga taom, libos olib berolmasdi. Faqir farzandlariga ovqat olib berish uchun ish izlar edi. Shu asnoda boyagi boyning uyiga borib, unga qo‘riqchi sifatida ishga kirmoqchi bo‘ldi. Boy undan «nima ish qilishni istaysan» deb so‘radi. Bechora faqir «bolalarim uchun nima ish bo‘lsa qilaveraman» dedi.

Boy: «Sen uyimni qo‘riqlaysan, narsalarni yig‘ishtirasan va uyni chiqindilardan tozalaysan», dedi.

Faqir: «Ishni qachondan boshlayman» deb so‘radi.

Boy: «Hozirdan boshlaysan» dedi.

Bechora faqir ishni boshlash uchun kiyimlarini almashtira boshladi. Kunlarning birida kambag‘al ishchi ishdan xorib, charchab uyiga yo‘l oldi. Farzandlariga biroz taom, shirinliklar ko‘tarib olgan edi. Ertasi kuni ishga borsa, boy kech kelgani uchun uni haqorat qila boshladi. Oradan kunlar o‘tdi. Bechora faqir boy buyurgan barcha ishlarni qilib yurardi.

Bir kuni boy hamma narsasidan ayrilib, hech vaqosiz qoldi. Kambag‘al, faqir ishchisiga beradigan puli ham qolmadi. Bechora ishchi esa pul olmay boyning uyida tekinga xizmat qilib yurdi.

Kunlar o‘tib boyning moddiy holati yaxshilana boshladi. Ana shunda boy tekinga xizmat qilgan faqirning qadriga yetib, maoshini oshirib, mashaqqatli ishini biroz kamaytirdi. Unga o‘zining yer maydonidan bir qismini ajratib berib, u yerga faqir ishchisi va uning oilasi istiqomat qilishi uchun uy qurish harakatlarini boshlab yubordi.

Azizlar, ishingiz orqaga ketganda ham sizni tashlab ketmagan insonni qadrlang. Ishingiz o‘nglanganda uning sizga ko‘rsatgan muruvvatini munosib taqdirlang.

Unutmang, boylik, molu dunyo birovni kamsitish, tahqirlash uchun emas, balki sinov uchun beriladi.

Alloh taolo barchamizni O‘zining hidoyatidan ayirmasin va xotimamizni chiroyli qilsin!

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Baxtli insonning 4 belgisi

02.07.2025   1471   3 min.
Baxtli insonning 4 belgisi

Bir kuni Fath ibn Xoqon xalifa Mutavakkilning huzuriga kirdi. Xalifa jim o‘tarar va bir narsa haqida chuqur o‘ylardi. Fath bu jimlikni buzib: “Nimalar haqida o‘ylayapsiz, ey mo‘minlar amiri?” – deya so‘radi. Xalifa: “Men yer yuzida turmushi eng farovon kishi kim ekan?” deb o‘ylayotgan edim”, dedi. Fath bo‘lsa: “Dunyoda eng faravon hayot kechirayotgan kishi siz-da! Allohga qasamki, u – sizsiz!” – dedi. Xalifa: “Yo‘q! Men emas. Keng hovlisi, soliha ayoli, qobil farzandlari va yetarli rizqi bo‘lgan kishi – hayoti eng faravon odamdir”, dedi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham: “To‘rt narsa baxtning belgisidir: soliha ayol, keng turar-joy, solih qo‘shni, yaxshi ulov. To‘rt narsa esa badbaxtlik belgisidir – yomon xotin, yomon qo‘shni, chatoq ulov, tor xonadon”, deganlar.

Ba’zilar baxtni mashhurlikda, molu davlatga ega bo‘lishda deb biladilar. Bu dunyoda Allohning muxlis bandalarigina his qiladigan saodat ta’mini totish baxtiga musharraf bo‘lmagan holda yashab o‘tadilar.

Oriflardan biri: “Podshohlar bizda qandayin baxt borligini bilganlarida edi, unga yetishish uchun bizga qarshi qilich ko‘tarib jang qilishardi”, deydi.

G‘alaba bilan saodat orasida katta farq bor. G‘alaba bu – o‘zingiz istab turganning ustidan zafar qozonish bo‘lsa, nening ustidan g‘olib bo‘lsangiz, u sizning xohishingizga mansub bo‘lmog‘i chin saodatdir.

Oskar Uayld[1]ning shunday gapi bor: “Baxt faqatgina unga bir nechta kishilar bilan birga yetishsang haqiqiy bo‘ladi. Og‘riq, azob ham faqatgina bir o‘zingning boshing­ga tushsa alamli bo‘ladi. Saodat – boshqa kishilarni baxtli qilishdir”. 

 Olmon fizigi Maks Plank: “Saodatni muhofaza qilish uchun uni boshqalar bilan bo‘lishishing kerak”, degan.

 G‘arb mutafakkirlaridan yana biri: “Tajribamdan o‘tgan narsa shuki, eng buyuk baxt – yaxshilikni yashirincha qilganimdan keyin kutilmaganda bu yaxshiligim odamlar qulog‘iga yetib borishini ko‘rishim”, degan edi.

 Ingliz yozuvchisi Uilyam Somerset Moem[2]: “Biz ulg‘a­yib borarkanmiz saodat – olishda deb o‘ylardik, keyinchalik bildikki, baxt – berishda ekan”, deydi.

 Baxt – boshqalarga tortiq qilish va yaxshi ishlarni amalga oshirishda mujassam. Baxt birovdan narsa olish va o‘zganing qo‘liga qarashda emas.


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  To‘liq ismi: Oskar Fingal O’Flaerti Uills Uayld. 1854 yilda Dublin shahrida tug‘ilgan. Shoir, dramaturg, ssenarist. 1900 yil 30 noyabrda 46 yoshida  Parijda vafot etgan.
[2]  1874 yil 25 yanvarda Fransiyada tug‘ilgan. 1965 yil16 dekabrda  Nitssa shahrida vafot etgan. 1897 yilda chop etilgan  “Lambetlik  Liza” romani bilan mashhur bo‘lgan.