Boshimizga oylar sultoni, ummat uchun ulkan imkoniyatlar oyi – Mohi Ramazon soya solib turibdi. Ayni kunlarda respublikamizning barcha hududlarida bo'lgani singari Toshkent viloyatida ham muborak oyga puxta tayyorgarlik ko'rilyapti. Rahmat oyi arafasida masjidlarning yangi binolari foydalanishga topshirilishi xayrli an'anaga aylanib qoldi.
Bugun – sayyidul ayyom juma kuni Zangiota tumanidagi "Umir" jome masjidining yangi binosi Ramazonga go'zal tuhfa sifatida mo'min-musulmonlar ixtiyoriga topshirildi.
Qur'oni karim tilovati bilan boshlangan ochilish marosimida Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov, tuman bosh imomi, nuroniy otaxonlar, mahalla faolari ishtirok etdi.
Masjidning eski binosi ta'mirtalab, namozxonlar uchun tor bo'lib qolgan edi. 2021 yilning 15 mart kuni jomening yangi binosiga ilk g'isht qo'yilgan edi. Oradan uch yil o'tib barcha shart-sharoitga ega zamonaviy baytulloh qad rostladi.
Yangi jome binosida, erto'la bilan qo'shib hisoblaganda, bir vaqtning o'zida uch ming kishi bemalol ibodatlarni ado etishi mumkin.
Go'zal imoratga monand tarzda zamonaviy tahoratxona ham bunyod etilgani mo'min-musulmonlarni behad quvontirdi. Masjidning shundoq yonginasida avtoturargoh ham barpo etilgani ayni muddao bo'ldi.
Endilikda namozxonlar yozning jaziramasida ham, qishning qahratonida ham bemalol jomega kelib, ulovlarni avtoturargohga qo'yib, emin-erkin ibodatlarni ado etishlari mumkin. Chunki masjidga konditsionerlar o'rnatilgan, iliq pol yotqizilgan.
Ochilish marosimi so'ngida Nabiy sollallohu alayhi va salamning «Kim Alloh taolo uchun bir masjid qursa, Alloh uning uchun jannatda bir uy quradi» (Imom Muslim rivoyati), degan muborak hadislari Allohning baytini obod qilishga hissa qo'shgan barcha aziz insonlarga mujda tarzida aytilib, ularning haqlariga xayrli duolar qilindi.
Eslatib o'tamiz, Ramazon oyi boshlangunga qadar Toshkent viloyatida yana 2–3 ta masjidning yangi binolarini foydalanishga topshirali, inshoalloh.







Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Bu tartib Markaziy bank tomonidan tijorat banklarining likvidliligini favqulodda qo‘llab-quvvatlash uchun moliyalashtirish ajratish mexanizmiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarda nazarda tutilgan, xabar bermoqda O‘zA.
Tegishli qaror Adliya vazirligida 2026 yil 3 sentyabrda 3581-2-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Hujjat rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach, ya’ni 2026 yil 5 dekabrdan kuchga kirishi belgilangan. Bank tizimi uchun likvidlik — moliyaviy barqarorlikning eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Bankda vaqtincha pul mablag‘lari yetishmovchiligi yuzaga kelgan taqdirda, uning mijozlar oldidagi majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarishi qiyinlashishi mumkin.
Shu bois Markaziy bank tijorat banklarining likvidligini favqulodda qo‘llab-quvvatlash mexanizmidan foydalanib keladi. Yangi o‘zgarish esa mazkur tizimni islomiy moliya tamoyillari asosida faoliyat yurituvchi bank va moliya institutlariga ham moslashtirmoqda.
Ya’ni, islomiy bank faoliyati bilan shug‘ullanuvchi muassasalar likvidlik muammosiga duch kelgan holatlarda an’anaviy foizli kredit mexanizmlaridan emas, balki islomiy moliya standartlariga mos keluvchi vositalar orqali qo‘llab-quvvatlanishi mumkin. Bu, o‘z navbatida, mamlakatda islomiy moliya tizimi uchun alohida moliyaviy infratuzilma shakllanib borayotganini anglatadi. Yangi tartibning muhim jihatlaridan biri — moliyalashtirish shartlarining islomiy moliya tamoyillariga mos ravishda belgilanishidir. Jumladan, bunday moliyalashtirishda an’anaviy kreditlarga xos foiz stavkasi o‘rniga ustama yoki foydadan olinadigan ulush kabi mexanizmlar qo‘llanilishi mumkin.
Moliyalashtirishning aniq shartlari, jumladan, ustama miqdori, foydadan olinadigan ulush, moliyalashtirishning maksimal hajmi, boshqa asosiy talablar Markaziy bank Boshqaruvi qarori bilan belgilanadi. Bu yondashuv islomiy banklar uchun favqulodda likvidlik qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini ularning faoliyat modeliga moslashtirish imkonini beradi.
Islomiy moliya vositalari orqali mablag‘ ajratishda garov ta’minotiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Ya’ni, Markaziy bank tomonidan moliyalashtirish ajratilganda garov predmeti sifatida qabul qilinadigan aktivlar islomiy moliya standartlari talablariga hamda Markaziy bankning belgilangan talablariga muvofiq bo‘lishi lozim. Bu talab islomiy moliya operatsiyalarining butun jarayoni — mablag‘ ajratishdan tortib, uning to‘liq so‘ndirilishiga qadar belgilangan standartlarga muvofiq amalga oshirilishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Hujjatda favqulodda likvidlik qo‘llab-quvvatlashini so‘rab murojaat qilgan banklarning arizalarini ko‘rib chiqish tartibi ham belgilangan. Unga ko‘ra, murojaatlar Markaziy bank tomonidan uch bank ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi va ular bo‘yicha ijobiy yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. Bunda bankning moliyaviy holati, likvidlik bilan bog‘liq vaziyat, taqdim etilayotgan ta’minot hamda ajratiladigan mablag‘larning moliya tizimi va pul-kredit siyosatiga ehtimoliy ta’siri baholanadi. Yangi tartibda islomiy moliya standartlariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha banklarning ichki mas’uliyati ham aniq belgilangan.
Islomiy moliya vositalari orqali mablag‘ ajratilgan hollarda bankning ijroiya organi va Islomiy moliya kengashi moliyalashtirish to‘liq so‘ndirilguniga qadar amalga oshirilayotgan operatsiyalarning belgilangan islomiy moliya standartlariga muvofiqligini ta’minlashi va doimiy nazorat qilishi lozim. Bu talab nafaqat huquqiy, balki moliyaviy operatsiyalarning islomiy moliya tamoyillariga mosligini ta’minlash nuqtayi nazaridan ham muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekistonda islomiy moliya tizimi bosqichma-bosqich shakllanib bormoqda. Islomiy moliya xizmatlarini joriy etish uchun faqatgina bank mahsulotlarini ishlab chiqish yetarli emas. Shu bilan birga, ularning barqaror faoliyat yuritishi uchun zarur bo‘lgan likvidlik, garov, nazorat va favqulodda moliyalashtirish mexanizmlari ham yaratilishi talab etiladi. Markaziy bank tomonidan islomiy moliya vositalari orqali favqulodda likvidlik qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarining joriy qilinishi ana shu infratuzilmani shakllantirishdagi muhim qadam hisoblanadi.
Chunki islomiy bank yoki islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatuvchi muassasa uchun likvidlik muammosini an’anaviy foizli kredit orqali hal qilish uning faoliyat tamoyillariga zid kelishi mumkin. Yangi mexanizm esa bunday muassasalarga o‘z faoliyat standartlarini buzmagan holda Markaziy bankning favqulodda qo‘llab-quvvatlash tizimidan foydalanish imkonini yaratadi.
Xulosa o‘rnida aytish joiz, Markaziy bankning yangi qarori O‘zbekistonda islomiy moliya tizimi uchun huquqiy va institutsional asoslarni mustahkamlashga xizmat qiladi. Eng muhimi, endilikda islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklar va mikromoliya banklari ham likvidlik bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarda islomiy moliya tamoyillariga mos mexanizmlar asosida qo‘llab-quvvatlanishi mumkin. Bu esa kelgusida mamlakatda islomiy banklar, islomiy moliya mahsulotlari va ushbu sohadagi xizmatlar bozorining kengayishi uchun muhim moliyaviy kafolatlardan biri bo‘lishi mumkin.
Sodda qilib aytganda, islomiy moliya tizimining barqaror ishlashi uchun zarur bo‘lgan navbatdagi muhim bo‘g‘in shakllanmoqda. Endi islomiy banklar nafaqat o‘z mahsulotlarini, balki favqulodda likvidlikni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini ham islomiy moliya tamoyillari asosida tashkil etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati