Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bir donishmanddan:
— Agar hayotingizni qaytadan boshlash imkoni berilganida qaysi xatolaringizni qilmagan bo‘lardingiz? — deb so‘rashibdi.
Donishmand shunday javob qilibdi:
— Agar shunday imkon berilsa, o‘tmish xatolarimni yana qilgan bo‘lardim. Negaki, mening shu darajaga kelishim mana shu xatolarim va shu xatolar ortidan chiqargan xulosalarim evazigadir.
Donishmandga berilgan savolni bugungi hayotimizda bir-birimizga ko‘p beramiz. Aslida bu narsaning amalga oshmasligini yaxshi bilsak-da, o‘zimizcha: “Falon-falon ishlarni qilmagan bo‘lardim. Falon ishlarni esa qilgan bo‘lardim. Shunda omadim yurishib, hozirgi holatimdan ancha yuqori darajaga erishardim”, deymiz. Ammo bir narsani unutmasligimiz kerakki, inson uchun dunyodagi eng qimmat narsa, bu – hayotiy tajriba. Hayotiy tajriba esa xatolar, qiyinchilik va mashaqqatlar, devorga urilgan boshlar ortidan qo‘lga kiritiladi. Unutilib ketgan qadim turkiy udumga ko‘ra, kattalar yumshoq salla bilan, atak-chechak qilib, yurishga tirishayotgan go‘dakning oyog‘ini beozorgina chalishadi.
Buning ma’nosi: Bola hozirdan yiqilishni bilsin! Agar yiqilishni bilsa, turishni o‘rganadi! El-yurtining, qavmining qalqoni bo‘lishi kerak bo‘lgan o‘g‘lon shunday tarbiya topsa, kelajakda hayot zarbalariga ham sabot bilan turib beroladi!
Biz bolalarimizni: “Xato qilma, o‘zingni avayla, uni qilma-buni qilma”, deb ko‘p tergaymiz. Maktabda barcha fandan a’lo baholarga o‘qishini istaymiz. Yiqilib tushishidan qo‘rqib, yugurishiga qo‘ymaymiz-u, lekin tanasi baquvvat bo‘lishini xohlaymiz. Unutmasligimiz lozimki, biz faxrlanadigan ajdodlarimiz minglab qoqilishlar, qiyinchilik-mashaqqatlardan o‘tib, komillikka erishganlar. Ular o‘zlaridan dunyoni titratuvchi asarlar va muazzam davlatlar qoldirishgan.
To‘ychiyev Bilolxon,
Hadis ilmi maktabi xodimi.
Bugungi kunda internet nafaqat ma’lumot manbai, balki dezinformatsiya quroliga ham aylanib ulgurdi. Axborot oqimining tezligi sababli foydalanuvchilar rost va yolg‘onni ajratishda qiyinchilikka duch kelishmoqda.
Har kuni biz ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar orqali minglab xabarlarni qabul qilamiz. Ammo ularning qanchasi haqiqatga to‘g‘ri keladi? Radikal guruhlar va feyk xabar tarqatuvchilar inson hissiyotlari bilan o‘ynashish orqali o‘z maqsadlariga erishishga harakat qilishadi.
Shunday ekan, fakt-cheking, ya’ni ma’lumotni qanday tekshirish kerak? Biror xabarni do‘stlaringizga ulashishdan oldin o‘zingizga 3 ta savol bering:
Agar xabar sizda haddan tashqari kuchli hissiyot (masalan, nafrat yoki vahima) uyg‘otayotgan bo‘lsa, demak, bu fakt emas, manipulyatsiya bo‘lishi ehtimoli yuqori.
Radikal mazmundagi kontent insonni jamiyatga qarshi qo‘yish va ekstremistik g‘oyalarni singdirishga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Bundan himoyalanish uchun:
Algoritmlarni o‘zingizga moslashtiring: Agar ijtimoiy tarmoqda shubhali yoki agressiv video chiqib qolsa, darhol "Qiziq emas" (Not interested) tugmasini bosing. Shunda algoritm bu turdagi postlarni sizga ko‘rsatmaydi.
Guruhlar va kanallarni tahlil qiling: Kanallarda faqat bir tomonlama nafrat ulashilayotgan bo‘lsa, bunday manbalardan chiqib keting.
Tanqidiy fikrlang: "Nega bu ma’lumot aynan hozir tarqatildi?" va "Bundan kim manfaatdor?" degan savollarni berishga odatlaning.
Ma’lumotlarni tekshirishda quyidagi texnik usullardan foydalanish mumkin. Google Lens rasmning asl manbasini va qachon paydo bo‘lganini topadi. Who.is saytning qachon va kim tomonidan ro‘yxatga olinganini ko‘rsatadi. Snopes, FactCheck.org kabi resurslar fakt-cheking saytlari hisoblanadi.
Zamonaviy firibgarlar nafaqat g‘oyaviy manipulyatsiya, balki texnik usullar bilan mablag‘laringizni o‘g‘irlashga ham harakat qilishadi. Ko‘pincha Telegram kanallarda yoki shaxsiy xabarlarda "Falon ilovaning pullik versiyasi tekin", "Yangi sovg‘alar o‘yini" yoki "Sizning rasmingiz bor fayl" kabi matnlar bilan .apk formatidagi fayllar yuboriladi. Siz faylni yuklab olib, telefonga o‘rnatganingizda, qurilmangizga zararli dastur (virus) kiradi. Oqibatda firibgarlar sizning Telegram akkauntingizga to‘liq kirish huquqini oladi, SMS-xabarlaringizni o‘qiydi va bank ilovalaringizdagi pullarni boshqa kartalarga o‘tkazib yuboradi.
Hech qachon notanish odamlardan kelgan yoki shubhali kanallarda tarqatilayotgan fayllarni yuklab olmang va o‘rnatmang.
Yana bir virtual jinoyatlardan biri "Bank xodimi" va SMS-kod orqali firibgarlikdir. Sizga telefon qilib, o‘zini "Bank xavfsizlik xizmati xodimi" deb tanishtirishadi va "Kartangizdan shubhali tranzaksiya bo‘lyapti, uni to‘xtatish uchun SMS-kodni ayting" deyishadi. Bank xodimi hech qachon sizdan telefon orqali karta raqamining to‘liq ma’lumotlarini yoki SMS orqali kelgan 4-6 xonali kodni so‘ramaydi.
"Agar hozir aytmasangiz, pullaringiz kuyib ketadi!", deb aytishi, SMS-kodni yoki kartaning amal qilish muddatini so‘rashi yoki qo‘ng‘iroq qilayotgan raqam rasmiy bank raqamidan farq qilishi sizni aldashayotganining belgilari hisoblanadi.
Telegram va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda albatta qo‘shimcha parol, ikki bosqichli tekshiruv (Two-step verification) o‘rnating. Bu sizning akkauntingizni "vzlom" qilishdan asraydi.
Ilovalarni faqat rasmiy do‘konlardan yuklang, Google Play yoki App Store xizmatlaridan foydalaning.
SMS-kod ham kalit, uyning kalitini ko‘chadagi odamga bermaganingizdek, SMS-kodni ham hech kimga aytmaslik kerak.
Agar siz shubhali havolani bosib qo‘ygan bo‘lsangiz yoki akkauntingizga kimdir kirganini sezsangiz, darhol sozlamalardan "Faol seanslar" (Active Sessions) bo‘limiga kirib, barcha notanish qurilmalarni o‘chirib tashlang va parolingizni o‘zgartiring.
Islom dinida ham har bir eshitilgan gapni surishtirmay tarqatishdan qaytariladi. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bu borada shunday deganlar:
"Kishining yolg‘onchi ekaniga uning har bir eshitgan narsasini gapirishi (tarqatishi) kifoyadir". (Imom Muslim rivoyati)
Bu hadis bugungi "feyk" va "radikal" xabarlar zamoni uchun naqadar dolzarb ekanini ko‘rish mumkin. Agar biz o‘zimizga kelgan har bir xabarni, uning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanini aniqlamasdan boshqalarga ulashsak (repost qilsak), bilmasdan yolg‘on va fitna tarqatuvchiga aylanib qolishimiz mumkin.
Raqamli asrda axborot gigiyenasiga rioya qilish xuddi qo‘lni yuvishdek muhim. Tekshirilmagan ma’lumot nafaqat sizning dunyoqarashingizni zaharlashi, balki qonuniy muammolarga ham sabab bo‘lishi mumkin.
Har qanday postga "layk" bosish yoki "repost" qilishga shoshilish oqil insonning ishi emas. Yuborishdan oldin ma’lumot boshqalarning ongi va hamyoniga zarar emasligini mulohaza qilish ulkan mas’liyatdir.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo
masjidi imom-xatibi