Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Oktabr, 2026   |   4 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:16
Quyosh
06:34
Peshin
12:09
Asr
15:59
Shom
17:47
Xufton
19:01
Bismillah
15 Oktabr, 2026, 4 Jumadul avval, 1448

Hadisda qanday erkaklar nazarda tutilgan?

08.04.2025   9558   5 min.
Hadisda qanday erkaklar nazarda tutilgan?

“Qiyomatga yaqin bitta erkakka ellikda ayol to‘g‘ri keladi”, degan gap ko‘p qulog‘imizga chalinadi. Voqelikka qarasak, qiyomatning aksar alomatlari zohir bo‘lsa ham, ayni shu alomati ko‘rinmayotgandek tuyuladi. Masalan, 2022-yilda O‘zbekiston aholisining 49,7 % aholisi ayol bo‘lsa, qolgani erkak bo‘lgan. Xalqaro nisbatni olganda ham 2022-yilda dunyoda erkaklar 50,5 % bo‘lsa, ayollar 49,5 % ga to‘g‘ri kelgan ekan. 2021-yildagi ma’lumotga ko‘ra, dunyoda erkaklar ayollardan 44 millionga ko‘proq bo‘lgan. Bu boradagi hadisni to‘g‘ri tushunib olsak, hech qanday muammo qolmaydi.    

عَنْ أَنَسٍ قَالَ : لَأُحَدِّثَنَّكُمْ حَدِيثًا لَا يُحَدِّثُكُمْ أَحَدٌ بَعْدِي : سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ : مِنْ أَشْرَاطِ السَّاعَةِ أَنْ يَقِلَّ الْعِلْمُ، وَيَظْهَرَ الْجَهْلُ، وَيَظْهَرَ الزِّنَى، وَتَكْثُرَ النِّسَاءُ، وَيَقِلَّ الرِّجَالُ، حَتَّى يَكُونَ لِخَمْسِينَ امْرَأَةً الْقَيِّمُ الْوَاحِدُ

Anas roziyallohu anhu aytadi: “Sizlarga bir hadis aytaman, mendan keyin hech kim uni sizlarga aytmaydi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitganman: “Ilmning ozayib ketishi, johillik ustun kelishi, zino ommalashishi, ayollar ko‘payib, erkaklar ozayishi qiyomatning alomatlaridandir. Hatto ellikta ayolga bitta zabardast (erkak) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Hadisdagi “erkaklar kamayadi”, deganda qanday erkaklar nazarda tutilganini Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning o‘zlari ham hadisning davomida sharhlab: “Hatto ellikta ayolga bitta qoyyim (zabardast erkak) to‘g‘ri keladi” deganlar. Biz “zabardast” deb tarjima qilgan so‘z hadisda “qoyyim” deb kelgan bo‘lib, arab tilida “ishlarni o‘z zimmasiga oluvchi”, “nazorat qilib, tutib turuvchi”, “kuchli va ishonchli” degan ma’nolarda qo‘llaniladi. Hadisning boshidagi “erkaklar kamayadi” deganlarida, farazan, har qanday erkak kishini nazarda tutganlarida “Bitta erkak kishiga ellikta ayol to‘g‘ri keladi”, deyishlari kerak edi. Ammo u zot “Bitta zabardast kishiga” dedilar. Hadisda zabardastlikka shunchalik urg‘u berdilarki, hatto “erkak” so‘zini ham ishlatmay, uning sifatini zikr qilish bilan kifoyalandilar.

Yuqoridagi hadisning sharhida yigirmanchi asr mujtahidi Anvarshoh Kashmiriy bunday degan: “Hadisning boshqa bir tariqida “bitta ishonchli (omonatdor) qoyyim erkak to‘g‘ri keladi” deb aytilgan. Shu rivoyat bilan barcha muammo yechiladi. Chunki bunday erkak hozir ham juda kamdir”.

Hadisi sharifda “erkaklar ozayishi”dan “haqiqiy va mukammal erkaklar” nazarda tutilganiga yana bir dalil. Arab tilida bir jins mutlaq (umumiy) aytilganda va o‘ziga xos ishoralar bo‘lganda o‘sha jinsdagi eng mukammal tabaqa nazarda tutiladi. Shihob Xafojiy (1069-yil vaf.) “Tafsiri Bayzoviy”ga yozgan hoshiyasida: “So‘z mutlaq ishlatilganda o‘z zimnidagi eng mukammal turni anglatadi” deganlar. Masalan, Alloh taolo ba’zi oyatlarda Qur’oni karimni “Kitob” deb nomlagan, bunda “Eng mukammal kitob”ni nazarda tutgan bo‘ladi. Imom Sibavayh nahv bo‘yicha yozgan asarini “Al-kitab” deb ataganining sababi ham shu, ya’ni nahvdani eng mukammal kitob, demoqchi bo‘lgan. Yana bir misol: Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:

 “أَلَا إِنَّ الْقُوَّةَ الرَّمْيُ، أَلَا إِنَّ الْقُوَّةَ الرَّمْيُ، أَلَا إِنَّ الْقُوَّةَ الرَّمْيُ

“Ayo, albatta, quvvat otish(da)dir” deb uch marta aytganlar. Aslida quch-qudrat otishdan boshqa urush qurollarida ham mavjud. Balki hadisning ma’nosi: “Haqiqiy, eng shiddatli va eng kuchli quvvat otish qurollaridadir” degani.

Demak, hadisga ko‘ra, qiyomatga yaqin, alalxusus, bugungi kunimizda ham ayolini maromida ushlab turadigan, taqvodor, omonatdor, rostgo‘y, quvvatli, ham o‘zining, ham boshqaning muammolarini yelkasiga olib, hal qilib beradigan bitta erkakning muqobilida ellikta yo undan ham ko‘proq ayol to‘g‘ri keladi.

Keling, taxminiy hisob qilib ko‘ramiz. Hozir dunyoda 8 milliard aholi bor. Ulardan 2 milliardi geografik musulmonlar. Shulardan taxminan 1 milliardi erkak bo‘lsa, 25 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgani shu adadning yarmiga to‘g‘ri keladi, ya’ni 500 million bo‘ladi, chunki ishlarni idora qila oladigan erkaklar shu yosh orasida bo‘ladi. 500 million musulmon erkaklardan betaqvo, fosiq, o‘g‘ri, zinokor, na namozi, na niyozi bor, umrida boshi sajdaga tegmagan, tegsa ham bir haftada bir marta jumaga borib qo‘yadigan, halol haromni farqlamaydigan, omonatsiz, yolg‘onchi, poraxo‘r, dayus, ro‘za tutmaydigan, zakot bermaydigani nechta deb o‘ylaysiz? Hadisda shunday odamlar kirmasligi uchun ham haqiqiy musulmon erkak sifati keltirilgan. Har yettida erkakdan bittasi haqiqiy taqvodor erkak desak ham, 500 million musulmon erkakdan 70 milliontasi mana shunday sifatga ega bo‘lib chiqadi. Dunyodagi barcha ayollarni 4 milliard deb olsak, har ellik yettida ayolga bitta shunday erkak to‘g‘ri kelar ekan. Demak, hadisning ma’nosi hozirgi kunimizga ham muvofiqdir.

Abdulbosit Abdulvohid,
Hadis ilmi maktabi talabasi.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Haj – 2027” mavsumiga tayyorgarlik ishlari muhokama qilindi

15.10.2026   1644   1 min.
“Haj – 2027” mavsumiga tayyorgarlik ishlari muhokama qilindi

14 oktyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari “Haj – 2027” mavsumiga tayyorgarlik ishlarini Saudiya Arabistoni mutasaddi idoralari vakillari bilan muhokama qildilar.

Uchrashuvda ar-Rifoda haj xizmatlari muassasasi vakillari Nosir bin Abdulloh Sarujiy, Fuod bin Abdulaziz Fakirah, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Bobomurod Rustamov hamda Diniy idora huzuridagi “Haj va Umra” markazi rahbari Maqsud Karimov va boshqa mutasaddilar ishtirok etdi.

Muloqot avvalida tomonlar ikki mamlakat rahbarlarining ko‘p qirrali munosabatlari natijasida o‘zaro hamkorlik aloqalari yangi bosqichga olib chiqilgani, xususan, haj va umra ziyoratchilari uchun ko‘rsatilayotgan xizmatlar saviyasi yuksak darajaga ko‘tarilganini e’tirof etdilar.

Muzokaralar chog‘ida Mino, Arafot va Muzdalifa vodiylarida hojilarga munosib xizmat ko‘rsatish, ular uchun zarur sharoitlarni yaratish batafsil muhokama etildi. Jumladan, hojilar uchun muborak maskanlarda shinam chodirlar tashkil etish, transport va oziq-ovqat ta’minotini yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.

Shuningdek, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari “Haj – 2027” mavsumiga haj ziyoratchilariga xizmat ko‘rsatish, ularga munosib va shinam sharoitlar yaratish hamda tashkiliy ishlarini yanada kuchaytirish muhimligini alohida ta’kidladilar.

Bu ishlar zamirida esa bitta ulug‘ maqsad —  har bir hojiga munosib e’tibor va hurmat ko‘rsatish, ibodatni eng qulay va ruhiy osudalikda ado etish imkoniyati yotadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari