"Ayolni e'zozlash, ayolga ehtirom
ko'rsatish xalqimizga xos olijanob
qadriyat hisoblanadi"
Sh.Mirziyoev.
Mustaqil O'zbekistonimiz ayollar nufuzini ko'targan yurt ekanligidan faxrlanamiz. Ayollarni har jabhada ko'tarish, yuqori darajada e'tibor berish ko'zga tashlanadi. Dunyoda shunday bir zot borki, uni xar kuni e'zozlasak ham, dillarini hushnud qilishga urunsak ham uning haqqini ado eta olmaymiz. Bu mo''tabar zot- onadir. Ona, ayol- mehribonlik timsoli. Unga yaxshilik qilish esa dunyoda baxt, oxiratda saodatga erishish sabablaridandir.
Islom dinida ayollar masalasiga alohida e'tibor berilgan bo'lib, ularning oilada, jamiyatda va umuman, hayotda munosib o'ringa ega ekanlari bayon qilingan. Ushbu yuksak e'tiborni Qur'oni karimdagi bir nechta suraning ayollarga bag'ishlangani, ularda ayollar masalasi ko'tarilgani, ayollarning nomi bilan nomlanganida ham ko'rish mumkin.
Ayollar Islomda ona, opa-singil, jufti halol va qiz sifatida hurmatlanib, ayol kishiga latofatli xilqat, ibo va xayo timsoli sifatida qaralib, uni ximoya qilish, asrab avaylash lozim ekanligi uqtiriladi va bu vazifa erkaklarning zimmasiga yuklanadi. Qiz ota kaftida, ayol er bag'rida va onalar farzandlar boshi uzra ko'tarilib, qadrlanishi buyurilgan. Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) vidolashuv xajida xutba qilib, unda o'ta muhim masalalarni bayon qildilar. Jumladan, erkaklarni o'z ayollariga nisbatan yaxshi muomalada bo'lishga buyurdilar. Hadislarning birida esa: “Mo'minlarning eng imoni komili go'zal xuqlisidur. Sizlining eng yaxshingiz ayoliga yaxshi muomalada bo'lganingizdir”. deganlar.
Islom dini erkaklar bilan bir qatorda ayollarni xam ilmu ma'rifatli bo'lishga targ'ib etadi. Qur'ni karimning umumiy ma'noda kelgan oyatlari erkaka va ayollarga birdek taalluqli bo'lgani jixatidan: “Ey Robbim! Menga ilmni ziyoda et!” (Toxo, 114) oyatidan ayollar xam ilmlarini oshirish yo'lida sa'y-xarakat qilmoqlari lozim ekani kelib chiqadi. Zotan, Payg'ambarimiz (alayxissalom) ilm talab qilish xar bir musulmon erkak va ayolga farz ekanini ta'kidlab o'tganlar.
O'z yurtimiz tarixiga ham nazar solsak, Nodira, Uvaysiy, Anbar otin, Bibixonim kabi ham dunyoviy, ham diniy ilmlarda ilg'or bo'lgan ayollarning nomlarini sanab o'tish mumkin.
Yoki samarqandlik olima Fotima binti Muhammad Samarqandiyni olaylik. U ayol faqihalardan biri bo'lgan. Buyuk faqih Muhammad ibn Ahmad ibn Abu Ahmad Alouddin Samarqandiyning qizi, “ulamolar podshosi” deb laqab olgan Alouddin Kosoniyning turmush o'rtog'i edi. Olima Turkistonda, Shoshning orqa tomonidagi Koson shahrida tavallud topgan. U otasidan hadis va fiqhdan ta'lim olgan. Otasining mashhur “Tuhfatul fuqaho” (“Faqihlar tuhfasi”) asarini yoddan bilgan.
Islom dini ayol kishini ilmli, ma'rifatli bo'lishga buyuradi. Tarixdan ma'lum, ayollar ham Islom rahnamoligida ilm va madaniyatning eng yuqori darajasiga ko'tarilganlar. Ayollardan mashhur tabiblar etishib chiqqan. Misol uchun turli ko'z kasalliklarini aniqlab, davosini topgan Zaynab va Qozi Abu Ja'far Tofjoliyning qizi Ummul Husno arab dunyosining mashhur tabibalaridan hisoblangan. Yana Karima Utruziya, Sayyida Nafiysa bintu Muhammad kabi ayol muhaddislar ham bo'lgan.
Hozirda ayollar faqat uyda o'tirishlari kerak, ilm olmasalar ham bo'ladi, uy yumushlarini qilib, farzand tarbiyasi bilan mashg'ul bo'lsin, deydiganlarga qarata Islom mo'minu mo'minalarga barobar ravishda ilm olishni targ'ib qiladi, deb baralla ayta olamiz. Chunki Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Ilm olish mo'min va mo'minaga farzdir”, deb marhamat qilganlar.
Shuningdek, ulamolar va faqihlar farzi ayn ilmlarda ayollar ham erkaklar kabi teng huquqli ekanlariga ijmo qilishgan.
Alloh taolo marhamat qiladi: “Kim, u xoh erkak bo'lsin, xoh ayol, mo'minlik holida savobli ishlar qilsa, aynan ular jannatga kirurlar va ularga xurmo danagining ipicha ham zulm qilinmagay” (Niso surasi, 124)
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning uylarida qilgan barcha ishlari, muammo-yu yurish-turishlarini naql qilishda u zoti sharifning pokiza ayollarining hissalari ko'p ekanini bilamiz. Nabiy alayhissalomning ayollaridan ko'plari shariat ahkomlarini o'rgatuvchi ustoz, Qur'on yod olgan qoriya, hadislarini etkazuvchi muhaddisa va faqiha bo'lib, o'tkir qobiliyatlari, nodir zakovatlari bilan mashhur bo'lganlar. Hususan, Oysha onamiz meros masalasida matematikani puxta bilganlari bois hattoki ba'zi mashhur sahobalar ham meros taqsimlashda ulardan maslahat so'rar edilar. Islom kelguniga qadar kasr son haqida kishilarda tushuncha bo'lmagan. Qur'oni karimda meros masalasida kelgan hukmlarni esa Oysha onamizdek puxta biladigan va taqsim qilib beradigan faqiha bo'lmagan.
Ba'zi ota-onalar qizlarini ko'chaga chiqarmay, hech qayerda o'qitmay, joyi chiqsa, tezroq turmushga berish haqida o'ylashadi. Modomiki, Payg'ambarimiz alayhissalomning pokiza ayollari, muborak onalarimiz ayollarga ilm o'rgatish, shariat hukmlarini etkazishda Rasuli akram yonlarida turib, u zotga ko'makdosh va maslakdosh bo'lganlar.
Islom dini ayol-qizlarni ulug'lab qo'ygan, ular ilm olish va kasb-hunar egallashda etarlicha haq-huquqqa egalar
Bu dunyoda izzat oxiratda sharaf bo'lgan ilmni ayol-qizlarimizga o'rgatib, kelajakda vatanimiz ravnavqi yo'lida xizmat qiladigan, buyuk ajdodlarimizga xos va mos avlodlardan bo'lishlarini Yaratgandan so'rab qolamiz.
Odiljon Narzullayev
Yangiyo'l tuman Imom Sulton jome masjidi Imom xatibi
AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, xabar bermoqda iccu.uz.
Islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi, uning ilm-fan, madaniyat va ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida yaxlit va ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Tashrif davomida Samir Pol Kapur islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyalaridan tortib, Yangi O‘zbekiston davriga qadar bo‘lgan tarixiy jarayonlarni aks ettiruvchi galereyalar, buyuk allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi, noyob qo‘lyozmalar, muqaddas yodgorliklar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.
Mehmon ekspozitsiyalarning mazmunan izchilligi va tarixiy jarayonlarni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda namoyon etish usuliga alohida e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, bu yerda muzey eksponatlari orqali o‘tmish haqida ma’lumot olish bilan cheklanib qolmay, tarixiy davrlar ruhini his qilish, ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash imkoni ham mavjud.
Samir Pol Kapur o‘z taassurotlarini quyidagicha ifodaladi:
«Bu muhtasham maskan. Islom tarixi va madaniyatining asrlar davomidagi taraqqiyoti bilan yaqindan tanishish men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Bu yerda tarixni shunchaki kitob sahifalari orqali emas, balki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, uni his qilasiz va go‘yo o‘sha davrlarning ichida bo‘lasiz. Shu bois ushbu noyob maskanni barpo etishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Yoshlarga ham bu yerga kelishni albatta tavsiya qilaman. Chunki bu maskan nafaqat tarixni o‘rganish, balki o‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash imkonini beradi. Men uchun eng esda qolarli lahzalardan biri Qur’oni karimga bag‘ishlangan golografik namoyish bo‘ldi. U menda katta taassurot va hayajon uyg‘otdi.
Menimcha, bu dargoh islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi. Shuning uchun har bir inson bu yerga tashrif buyurib, ana shu boy va bebaho meros bilan shaxsan tanishishi lozim».
Pol Kapurning fikricha, Markazning ahamiyati uning tarixiy merosni namoyon etish bilangina cheklanmaydi. Ushbu maskan yosh avlod uchun o‘tmish saboqlarini anglash, ilm-fan va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rnini his etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish uchun ham muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon vazifasini o‘taydi.
Tashrif yakunida AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur Islom sivilizatsiyasi markazidan olgan taassurotlari yuksak ekanini qayd etib, ushbu maskan boy tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari va ta’sirchan taqdimot usullari orqali jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati