Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Avgust, 2026   |   18 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:25
Quyosh
05:48
Peshin
12:23
Asr
17:03
Shom
19:02
Xufton
20:21
Bismillah
31 Avgust, 2026, 18 Rabi`ul avval, 1448

Ma'rifatli ayol - oila va jamiyat ustuni

07.03.2024   4156   6 min.
Ma'rifatli ayol - oila va jamiyat ustuni

 

 "Ayolni e'zozlash, ayolga ehtirom

ko'rsatish xalqimizga xos olijanob

qadriyat  hisoblanadi"

Sh.Mirziyoev.

 

Mustaqil O'zbekistonimiz ayollar nufuzini ko'targan yurt ekanligidan faxrlanamiz. Ayollarni har jabhada ko'tarish, yuqori darajada e'tibor berish ko'zga tashlanadi. Dunyoda shunday bir zot borki, uni xar kuni e'zozlasak ham, dillarini hushnud qilishga  urunsak ham uning haqqini ado eta olmaymiz. Bu mo''tabar zot- onadir. Ona, ayol- mehribonlik timsoli. Unga yaxshilik qilish esa dunyoda baxt, oxiratda saodatga erishish sabablaridandir.

Islom dinida ayollar masalasiga alohida e'tibor berilgan bo'lib, ularning oilada, jamiyatda va umuman, hayotda munosib o'ringa ega ekanlari bayon qilingan. Ushbu yuksak e'tiborni Qur'oni karimdagi bir nechta suraning ayollarga bag'ishlangani, ularda ayollar masalasi ko'tarilgani, ayollarning nomi bilan nomlanganida ham ko'rish mumkin.

Ayollar Islomda ona, opa-singil, jufti halol va qiz sifatida hurmatlanib, ayol kishiga latofatli xilqat, ibo va xayo timsoli sifatida qaralib, uni ximoya qilish, asrab avaylash lozim ekanligi uqtiriladi va bu vazifa erkaklarning zimmasiga yuklanadi. Qiz ota kaftida, ayol er bag'rida va onalar farzandlar boshi uzra ko'tarilib, qadrlanishi buyurilgan. Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) vidolashuv xajida xutba qilib, unda o'ta muhim masalalarni bayon qildilar. Jumladan,  erkaklarni o'z ayollariga nisbatan yaxshi muomalada bo'lishga buyurdilar. Hadislarning birida esa: “Mo'minlarning eng imoni komili go'zal xuqlisidur. Sizlining eng yaxshingiz ayoliga yaxshi muomalada bo'lganingizdir”. deganlar.

Islom dini erkaklar bilan bir qatorda ayollarni xam ilmu ma'rifatli bo'lishga targ'ib etadi. Qur'ni karimning umumiy ma'noda kelgan oyatlari erkaka va ayollarga birdek taalluqli bo'lgani jixatidan: “Ey Robbim! Menga ilmni ziyoda et!”  (Toxo, 114) oyatidan ayollar xam ilmlarini oshirish yo'lida sa'y-xarakat qilmoqlari lozim ekani kelib chiqadi. Zotan, Payg'ambarimiz (alayxissalom) ilm talab qilish xar bir musulmon erkak va ayolga farz ekanini ta'kidlab o'tganlar.

O'z yurtimiz tarixiga ham nazar solsak, Nodira, Uvaysiy, Anbar otin, Bibixonim kabi ham dunyoviy, ham diniy ilmlarda ilg'or bo'lgan ayollarning nomlarini sanab o'tish mumkin.

Yoki samarqandlik olima Fotima binti Muhammad Samarqandiyni olaylik. U ayol faqihalardan biri bo'lgan. Buyuk faqih Muhammad ibn Ahmad ibn Abu Ahmad Alouddin Samarqandiyning qizi, “ulamolar podshosi” deb laqab olgan Alouddin Kosoniyning turmush o'rtog'i edi. Olima Turkistonda, Shoshning orqa tomonidagi Koson shahrida tavallud topgan. U otasidan hadis va fiqhdan ta'lim olgan. Otasining mashhur “Tuhfatul fuqaho” (“Faqihlar tuhfasi”) asarini yoddan bilgan.

Islom dini ayol kishini ilmli, ma'rifatli bo'lishga buyuradi. Tarixdan ma'lum, ayollar ham Islom rahna­moligida ilm va madaniyatning eng yuqori darajasiga ko'tarilganlar. Ayollardan mashhur tabiblar etishib chiqqan. Misol uchun turli ko'z kasalliklarini aniqlab, davosini topgan Zaynab va Qozi Abu Ja'far Tof­joliyning qizi Ummul Husno arab dunyosining mashhur tabibalaridan hisoblangan. Yana Karima Utruziya, Say­yida Nafiysa bintu Muhammad kabi ayol muhaddislar ham bo'lgan.

Hozirda ayollar faqat uyda o'tirishlari kerak, ilm olmasalar ham bo'ladi, uy yumushlarini qilib, farzand tarbiyasi bilan mashg'ul bo'lsin, deydiganlarga qarata Islom mo'minu mo'minalarga barobar ravishda ilm olishni targ'ib qiladi, deb baralla ayta olamiz. Chunki Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Ilm olish mo'min va mo'minaga farzdir”, deb marhamat qilganlar.

Shuningdek, ulamolar va faqihlar farzi ayn ilmlarda ayollar ham erkaklar kabi teng huquqli ekanlariga ijmo qilishgan.

Al­loh taolo marhamat qiladi: “Kim, u xoh erkak bo'l­sin, xoh ayol, mo'minlik holida savobli ishlar qil­sa, aynan ular jannatga kirurlar va ularga xur­mo danagining ipicha ham zulm qilinmagay” (Niso surasi, 124) 

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning uylarida qilgan barcha ishlari, muammo-yu yurish-turishlarini naql qilishda u zoti sharifning pokiza ayollarining hissalari ko'p ekanini bilamiz. Nabiy alayhissalomning ayollaridan ko'plari shariat ahkomlarini o'rgatuvchi ustoz, Qur'on yod olgan qoriya, hadislarini etkazuvchi muhaddisa va faqiha bo'lib, o'tkir qobiliyatlari, nodir zakovatlari bilan mashhur bo'lganlar. Hususan, Oysha onamiz meros masalasida matematikani puxta bilganlari bois hattoki ba'zi mashhur sahobalar ham meros taqsimlashda ulardan maslahat so'rar edilar. Islom kelguniga qadar kasr son haqida kishilarda tushuncha bo'lmagan. Qur'oni karimda meros masalasida kelgan hukmlarni esa Oysha onamizdek puxta biladigan va taqsim qilib beradigan faqiha bo'lmagan.

Ba'zi ota-onalar qizlarini ko'chaga chiqarmay, hech qayerda o'qitmay, joyi chiqsa, tezroq turmushga berish haqida o'ylashadi. Modomiki, Payg'ambarimiz alayhissalomning pokiza ayollari, muborak onalarimiz ayollarga ilm o'rgatish, shariat hukmlarini etkazishda Rasuli akram yonlarida turib, u zotga ko'makdosh va maslakdosh bo'lganlar.

Islom dini ayol-qizlarni ulug'lab qo'ygan, ular ilm olish va kasb-hunar egallashda etarlicha haq-huquqqa egalar

Bu dunyoda izzat oxiratda sharaf bo'lgan ilmni ayol-qizlarimizga o'rgatib, kelajakda vatanimiz ravnavqi yo'lida xizmat qiladigan, buyuk ajdodlarimizga xos va mos avlodlardan bo'lishlarini Yaratgandan so'rab qolamiz.

 

 

Odiljon Narzullayev

Yangiyo'l tuman Imom Sulton jome masjidi Imom xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Mehr-saxovat va inson qadri — ezgulikka yo‘g‘rilgan xayrli tashabbus

14.08.2026   57237   3 min.
Mehr-saxovat va inson qadri — ezgulikka yo‘g‘rilgan xayrli tashabbus

Insonga mehr ko‘rsatish, muhtojning holidan xabar olish, bemorga tasalli berish va ehtiyojmandlarga ko‘mak qo‘lini cho‘zish xalqimiz ma’naviyatining azaliy fazilatlaridandir. Islom ta’limotida ham saxovat, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash eng ulug‘ amallardan biri sifatida e’tirof etilgan. Chunki bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, uning qalbiga umid va ishonch bag‘ishlash jamiyatda mehr-muhabbat, hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlaydi.

Shu ezgu qadriyatlarni hayotga tatbiq etish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va yurtdoshlarimiz qalbida mehr-shafqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirish maqsadida 2026 yil 13 avgust kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy hamda xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazildi.

Mazkur xayrli tadbirlarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nursultonxon domla Abdumannonov, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, VAQF xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali rahbari Yoqubjon domla Mansurov, uning o‘rinbosari A.Sultonov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdilar.

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu xayrli aksiya doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va boquvchisidan ayrilgan 300 ta oila holidan xabar olindi. Ularning xonadonlariga tashrif buyurilib, turmush sharoitlari o‘rganildi, oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.

Tashriflar davomida bemor va keksalarning holidan xabar olinib, ular bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularning haqqiga shifo, xonadonlariga fayzu baraka, yurtimizga tinchlik-xotirjamlik tilab duolar qilindi. Zero, muhtojning ko‘nglini ko‘tarish va uni yolg‘iz emasligini his ettirish ham insonparvarlikning yuksak ko‘rinishidir.

Shu bilan birga, hayotida turli ijtimoiy qiyinchiliklarga duch kelgan hamda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolish xavfi mavjud bo‘lgan ayrim fuqarolar bilan yakka tartibda muloqotlar tashkil etildi. Suhbatlarda sof e’tiqod, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnat, Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat, shuningdek, turli buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan ma’naviy immunitetni mustahkamlash masalalari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.

Tadbirlar doirasida Urgut tumanidagi jome masjidlarda peshin namozidan so‘ng ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Ularda mehr-oqibat, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oila tinchligini asrash, jamiyatda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini qaror toptirish kabi dolzarb mavzular atroflicha yoritildi.

Uchrashuvlar yakunida mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi va yosh avlodning ilmli, odobli hamda vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishi haqida xayrli duolar qilindi.

Bugun yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-saxovat va o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urgut tumanida o‘tkazilgan mazkur xayrli tadbirlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, aholi o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.

Mehr bor joyda ishonch, saxovat bor joyda baraka, inson qadri ulug‘langan jamiyatda esa tinchlik va farovonlik qaror topadi. Ana shunday ezgu amallar xalqimiz o‘rtasidagi birdamlik rishtalarini mustahkamlab, yurtimizning yanada obod va fayzli bo‘lishiga xizmat qiladi.

Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari