Abu Bakr ibn Muhammad ibn Amr ibn Hazmdan, u esa otasidan rivoyat qiladi:
Madinada Nu’ayman degan bir kishi bor edi. U har qanday qiziqarli narsa Madinaga kelsa, uni sotib olib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga olib kelib:
— Yo Rasulalloh! Bu sizga sovg‘a, — der edi.
So‘ng, agar o‘sha narsaning sohibi kelib Nu’aymandan pulini talab qilsa, u Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib:
— Yo Rasulalloh! Bu kishiga molining pulini to‘lab bering, — der edi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam undan:
— Axir sen buni menga sovg‘a qilmadingmi? — deb so‘rar edilar.
Nu’ayman roziyallohu anhu esa:
— Yo Rasulalloh! Qasamki, menda unga to‘lashga pulim yo‘q edida, lekin siz uni yeyishingizni xohladim, — der edi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kulib yuborib, o‘sha narsaning egasiga haqini o‘zlari to‘lab berar edilar.
Abulfaraj ibn al-Javziyning
“Zarif va hazilkashlar haqidagi xabarlar” kitobidan
Homidjon qori ISHMATBЕKOV tarjimasi.
Yosh bolaga nisbatan zo‘ravonlikka aslo toqat qilib bo‘lmaydi, jazo esa muqarrar va murosasiz bo‘lishi shart. O‘zbekiston Prezidenti birdaniga 5 ta kodeks va 6 ta qonunga o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonunni imzoladi.
Bolaga zulm qilgan, unga jismoniy yoki ruhiy azob bergan har bir kimsa — u xoh ta’lim muassasasi xodimi bo‘lsin, xoh yaqin qarindoshi — javobgarlikka tortiladi. Bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan jinoyatlar uchun berilgan jazo aslo yengillashtirilmaydi.
Bundan buyon 14 yoshga to‘lmagan bolaga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod qamoq jazosi tayinlanadi. Bunday og‘ir jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortish muddatida cheklov bo‘lmaydi.
Yosh bolaning xavfsizligi shart-sharoit yoki vaziyatlarga bog‘liq bo‘lishi mumkin emas. Bolalar hayoti, sog‘lig‘i, or-nomusiga tajovuz qilgan har qanday kimsa qat’iy jazodan qochib qutula olmasligini bilishi shart.