Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Sentabr, 2026   |   6 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:45
Quyosh
06:05
Peshin
12:18
Asr
16:40
Shom
18:33
Xufton
19:49
Bismillah
17 Sentabr, 2026, 6 Rabi`us soni, 1448

Ilm karvonidagi oila

11.04.2025   12881   2 min.
Ilm karvonidagi oila

Oilada ilm hukm surishi, farzandlarning salohiyatli bo‘lishi hamda jamiyatga va dinga xizmat qiluvchi mukammal avlod yetishib chiqishida ayolning o‘rni beqiyosdir. Ayol ilmli va ilmga muhabbatli bo‘lar ekan, oiladan har tomonlama mukammal inson yetishib chiqishi muqarrardir.
 

Shu yil 11 aprel kuni Toshkent islom institutida “Olima ayol – millat tarbiyachisi” nomli tadbirda talaba qizlarga “Ilm karvonidagi ayol va oila” mavzusida hayotiy tajribalari bilan o‘rtoqlashgan holda suhbat qilib berishlari uchun bugungi kunda diniy-ma’rifiy nashrlarni tashkil etishda va shu sohaning ravnaqi uchun jonbozlik ko‘rsatayotgan din arboblarining munis onasi, marhum shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning turmush o‘rtoqlari Fotimai aya Ismoil Maxdum va farzandi Ominaxon Muhammad Yusuf tashrif buyurdilar.


Tadbir Qur’oni karim tilovati va Fotima ayaning duolari bilan boshlandi. Suhbat davomida Fotima aya talaba qizlarga hozirgi ijtimoiy hayotda ayol-qizlarning ilmli bo‘lishlari va hayotda o‘z o‘rinlarini topishlari naqadar muhim ekanligini tushuntirgan holda ularga bir qator tavsiyalar berib o‘tdilar. Jumladan, ilm olishda, avvalambor ixlosli bo‘lish va niyatni to‘g‘ri qilish, ilm va oilani teng olib borishga e’tiborli bo‘lish va bu yo‘lda jiddu jahd qilish, o‘zini psixologik to‘g‘ri tayyorlay olish va albatta tartibga rioya qilish hamda oldiga qo‘yilgan ishlarni o‘z vaqtida bajarishga harakat qilish. 


Jumladan, Fotima aya marhum Muhammad Sodiq Muhammad Yusufni xotirlab, u zotning oilada ayollarga bo‘lgan e’tiborlari, ularning ilm olishlariga bo‘lgan harisliklari hamda yaratib bergan sharoitlari haqida ta’kidlab o‘tdilar.


Fotima ayaning tavsiyalari davomi o‘laroq Ominaxon Muhammad Yusuf Toshkent islom institutining bitiruvchisi sifatida o‘z talabalik davrini xotirlagan holda bu davrning qadriga yetishga va nazariy olinayotgan ilmlarini amalda tadbiq qilishga harakat qilishga hamda orttirilgan ko‘nikmalarini jamiyatimiz va oila uchun xizmatda to‘g‘ri foydalana olishga chorladi.


Tadbirning ikkinchi qismi talaba qizlar tomonidan berilgan savollar bilan davom etdi. Ilm ahlining farzandi, turmush o‘rtog‘i va volidasi timsolidagi Fotima ayadan talabalar amaliy namuna sifatida o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga javoblar va tavsiyalar oldilar.

TII Matbuot xizmati

Ilm karvonidagi oila Ilm karvonidagi oila
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Mehr va muruvvat har bir xonadonga kirib bormoqda

17.09.2026   3620   1 min.
Mehr va muruvvat har bir xonadonga kirib bormoqda

Joriy yilning 16 sentyabr kuni Qashqadaryo viloyatida «Inson qadri ulug‘langan yurtda mehr va e’tibor har bir xonadonga kirib boradi» shiori ostida xayrli tadbir o‘tkazildi.


Mazkur tashabbusga Qashqadaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Farhod Kushakov hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyatdagi vakili, bosh imom-xatib Rahmatillo domla Usmonov boshchilik qildi.


Tadbir doirasida shahar va tuman bosh imom-xatiblari hududlardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan va bemor fuqarolarning xonadonlariga tashrif buyurdilar.


Samimiy muloqotlar davomida fuqarolarning hol-ahvoli va ehtiyojlari o‘rganilib, ularga ma’naviy dalda berildi. Xonadon egalariga bayramona kayfiyat ulashish maqsadida oziq-ovqat mahsulotlari, ehson va sovg‘a-salomlar topshirildi.


Shuningdek, imom-xatiblar yurtdoshlarimiz bilan oila mustahkamligi, o‘zaro mehr-oqibat, sabr-qanoat hamda saxovatning fazilatlari haqida diniy-ma’rifiy suhbatlar olib bordilar. Bu kabi xayriya tadbirlari jamiyatda hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga, odamlar qalbida ertangi kunga ishonch uyg‘otishga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Qashqadaryo viloyati vakilligi

Matbuot xizmati

Mehr va muruvvat har bir xonadonga kirib bormoqda Mehr va muruvvat har bir xonadonga kirib bormoqda Mehr va muruvvat har bir xonadonga kirib bormoqda
O'zbekiston yangiliklari