Bo‘rilar ovga chiqishganida itga duch kelib qolishdi. Uni yemoqchi bo‘lishdi. Shunda it: “Meni yemanglar! Sizlarni qo‘ylarga boshlab boraman”, dedi. Shunday qilib bo‘rilar itning sotqinligi tufayli ikki yilcha podaga qiron keltirishdi. Oxiri cho‘ponlar qo‘ylarni boshqa joyga ko‘chirib, sotqin itni bog‘lab tashlab ketishdi.
Ovga kelgan bo‘rilar hech narsa topolmay, bog‘liq turgan itni yeyishdi. Qorinlari to‘ygach: “Harholda bu bizga ishlagan edi, suyaklarini ko‘maylik”, deya itning suyaklarini ko‘mishdi. Qabrga bir belgi qoldirmoqchi bo‘lishdi. Lekin na do‘stlik, na dushmanlikni ifodalovchi bir belgi qoldira olishmadi. Biri:
– U do‘stlarimizdan edi, – dedi. Boshqasi:
– U sohibiga sotqinlik qilgan, bizga do‘st bo‘lolmasdi. Axir shuning uchun ham uni yeb qo‘ydik-ku, – dedi.
– Unda dushmanimiz, deylik.
– U bizga loyiq dushman ham emasdi. Chunki o‘ta qo‘rqoq edi. Hatto itlik mavqeini ham saqlay olmagandi.
Bo‘rilar shunday deya itning qabridan ham nafratlanishdi va ustiga hojat chiqarib ketishdi.
Xulosa shuki, xoindan hatto hayvonlar ham nafratlanadi. Endi insonning xoinligi qanday baholanishini tasavvur qilavering. Xoinlik – inson hayotida eng og‘ir gunohlardan biridir. Xoinlik faqatgina molu dunyoda emas, balki so‘zda, va’dada, ishonchda ham bo‘ladi. Xiyonat insonning qalbidagi tozalikni yo‘qotadi, jamiyatdagi ishonchni izdan chiqaradi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Qiyomat kuni Alloh taolo huzurida eng yomon inson – ishonch qilib biror ish topshirilgan, ammo u xiyonat qilgan kishidir» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Har bir musulmon kishi bilishi kerakki, xoinlik nafaqat dunyoda, balki oxiratda ham og‘ir oqibatlarga olib keladi. Shu bois, inson oilasi, jamiyati va e’tiqodi oldida doim halol, sadoqatli, ishonchli bo‘lishi lozim.
Akbarshoh Rasulov
Surxondaryo viloyati hokimi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida boshlangan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostidagi ezgulik chellenji davom etmoqda.
Mazkur ezgu tashabbus doirasida Qumqo‘rg‘on tumanida ham ijtimoiy himoyaga muhtoj, e’tibor va ko‘makka ehtiyojmand oilalarning 51 nafar farzandlariga maktab o‘quv qurollari va so‘mkalar topshirildi.
Xususan, ushbu ezgu tadbir Qumqo‘rg‘on tumani "Shah Mashrab" jome' masjidida O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Surxondaryo viloyati vakili R.Abdullayev, Surxondaryo viloyati hokimligi kotibiyat mudiri D.O’roqov, tuman Bosh imom-xatibi H.Zayniyev hamda tumandagi barcha masjid imom-xatiblari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
Bunday ezgu tashabbuslar orqali yurtdoshlarimizga mehr va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularning og‘irini yengil qilish, muammolariga yechim topish hamda xonadonlarga bayramona kayfiyat ulashishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Zero, inson qadri, mehr-oqibat va saxovat bor joyda ezgulik bardavom bo‘ladi.
Qumqo‘rg‘on tuman hokimligi Axborot xizmati