Yaqinda, aniqrog‘i 2025 yilning fevral oyida Iordaniya mamlakatining poytaxti Ummon shahridagi elektron axborot agentligi o‘zining arab va ingliz tillarida faoliyat yuritadigan "Ummon" nomli veb-saytida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuruddin Xoliqnazar hazratlarining "O‘zbekistondagi buyuk meros: "Katta Langar Qur’oni”ning qo‘lyozma tarixi" mavzusidagi ilmiy maqolasini nashr qilingan edi.
Joriy yilning aprel oyida esa ushbu maqolani Islomiy hamkorlik tashkilotining rasmiy bosma nashri “OIC Journal” ham o‘z sahifasida e’lon qildi.
Arab tilida e’lon qilingan ushbu maqolada Muftiy hazratlari tarixiy qo‘lyozma asar haqida ma’lumot berar ekan, uning yozilish tarixi VIII asrning oxirlariga to‘g‘ri kelishini ta’kidlagan. Bunga asos esa 2000 yilda Groningen universitetining Izotop tadqiqiot markazi rus va golland olimlari ushbu qo‘lyozmada eramizning 775-995 yillari oralig‘iga oid radiokarbonni anqilaganini keltirgan. Bu davr esa arab tili grammatikasining shakllanish pallasiga to‘g‘ri kelishi aytilgan. Demak, bizning diyorlarimizda ilm-fan va ma’rifatning tarixi juda qadimiy ekanligini bu ilmiy asoslar yana bir bor isbotlaydi.
Kitobning aynan “Katta Langar Qur’oni” deb atalishi haqida ham aniqliklar kiritgan muallif Qur’oni karim uzoq yillar saqlanib kelingan Qashqadaryo viloyatidagi “Langar ota” maskanidan olganini ta’kidlagan.
Maqola bilan tanishgan o‘quvchi uning turli yillarda turli xil vaziyatda saqlangani, qarovsiz qolgani tufayli aksar varaqlari yo‘qolib ketgani, hozirgi vaqtda qancha sahifasi qayerda saqlanayotgani haqida ham ma’lumotlarni umumiylashtirganiga guvoh bo‘ladi. So‘ngi yillardagi qadimiy qo‘lyozmani saqlash, avaylab asrash ishlari unga yangi hayot bergani ta’kidlangan. O‘zbekiston Respublikai Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2019-2021 yillar davomida qo‘lyozma keng qamrovli restavratsiyadan o‘tkazildi. Fransiyaning Luvr muzeyi restavratorlari mahalliy mutaxassisldar bilan birgalikda amalga oshirgan bu nozik jarayon asrlar davomida unga yetgan zarar va eskirishlarni bartaraf etgan.
Muftiy hazratning ushbu ilmiy maqolasi orqali butun islom olamiga yurtimizda tarixiy, ilmiy meroslarni saqlash, ilm-fanga e’tibor, islom ilmlarini rivojlantirishga qaratilgan xatti-harakatlar yana bir bor namoyon qilib berildi. “Katta Langar Qur’oni” qo‘lyozmasi islomshunoslik va madaniy merosni asrab-avaylashning isboti bo‘lib xizmat qiladi. Uning ahamiyati O‘zbekiston chegaralaridan chiqib, insoniyat uchun ma’naviy-tarixiy xazina bo‘lib xizmat qilmoqda.
Qadimdan islom ilmlari beshigi bo‘lib kelgan yurtimiz bu kabi asarlarni o‘rganish va saqlashda hamda ko‘p asrlik islom an’analarini zamonaviy tadqiqotlar va ularni asrash usullari bilan bog‘lash borasida ham dunyo xalqlariga o‘rnak bo‘layotgani yana bir karra ushbu maqolada ochib berilgan.
Zayniddin ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
raisining o‘rinbosari
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV