Bugun Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida namunaviy-amaliy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchiligida o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassislari, Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov, tumanlar/shaharlar bosh imom-xatiblari va otinoyilar, shuningdek, «Haj – 2024» ziyoratchilari, mahallalar raislari ishtirok etdi.
Dastlab Bo‘stonliq tumanidagi «Xo‘jakent» jome masjidida amalga oshiriladigan tadbirlar rejasi belgilab olindi.
So‘ngra hududga mevali va manzarali daraxtlar ko‘chatlari o‘tqazildi.
Shundan so‘ng mahallalarga chiqilib, tumandagi har bir mahallada muammoli beshtadan oila o‘rganildi.
Arzimas sabablar bilan ajrim yoqasiga kelib qolgan yosh oilalar imomlar, hojilarning hayot tajribasidan kelib chiqqan gaplaridan ta’sirlanib, yarashib oldilar.
Adashib turli oqimlar ta’siriga tushib qolgan fuqarolarga ham Islomnign sof ta’limoti tushuntirildi.
Peshin namozidan so‘ng Doniyor domla Ikromov tumandagi «Olimjon ota» masjidi qavmiga mav’iza qilib berdi.
Xullas, bu ma’rifiy tadbir ijtimoiy hayotning barcha jabhalarini qamrab olgani bilan ahamiyatlidir.
Tadbir so‘ngida kun davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Xayrli duolar bilan tadbir o‘z nihoyasiga yetdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari bilan tizimda faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar va imom noiblarining kasbiy mahoratini oshirish hamda Qur’oni karim qiroatini yanada mukammallashtirishga qaratilgan tizimli o‘quv mashg‘ulotlari davom etmoqda.
Mazkur loyiha soha xodimlarining nafaqat ilmiy salohiyatini yuksaltirish, balki tajvid qoidalarini amaliyotda go‘zal va bexato qo‘llash ko‘nikmalarini puxtalashga xizmat qilmoqda.
Reja asosida tashkil etilayotgan navbatdagi darslar bugun Qashqadaryo viloyatida yuqori saviyada o‘tkazilmoqda. Qur’on va tajvidni o‘rgatish hamda Masjidlar bilan ishlash bo‘limlari hamkorligida tashkil etilgan ushbu mashg‘ulotlarni malakali mutaxassisi – Mamasoliyev Samandar qori aka olib bormoqda.
Ushbu o‘quv jarayonidan ko‘zlangan asosiy maqsad — masjidlardagi qiroatlar sifatini yuqori bosqichga ko‘tarish va soha xodimlarining tajvid ilmi bo‘yicha nazariy hamda amaliy bilimlarini yanada mustahkamlashdir.
Bu kabi amaliy saboqlar imom-xatib hamda imom noiblarining ma’naviy va ilmiy rivojida muhim pog‘ona bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati