Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Avgust, 2026   |   26 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:55
Quyosh
05:26
Peshin
12:34
Asr
17:26
Shom
19:35
Xufton
21:04
Bismillah
09 Avgust, 2026, 26 Safar, 1448

Shavvol oyi tugashiga 10 kun qoldi!

18.04.2025   15223   2 min.
Shavvol oyi tugashiga 10 kun qoldi!

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

 

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazon ro‘zasini tutib, ketidan Shavvoldan olti kun ro‘za tutsa, yil bo‘yi ro‘za tutgandek bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Bugun hijriy sanada Shavvol oyining 20 sanasi. Taxminan yana 10 kundan keyin Shavvol oyi ham o‘z nihoyasiga yetadi. Shavvol oyida 6 kun ro‘za tutishni unutmadingizmi? Yodingizdan ko‘tarilgan bo‘lsa eslatib qo‘yishni lozim deb topdik. Zero, Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

Va eslat. Albatta, eslatish mo‘minlarga manfaat berur (Zoriyot surasi, 55-oyat).

Shavvol oyida 6 kun ro‘za tutish yil bo‘yi ro‘za tutganning savobiga noil etadi.

Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Kim Ramazon ro‘zasini tutib, ketidan Shavvoldan olti kun ro‘za tutsa, yil bo‘yi ro‘za tutgandek bo‘ladi, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Ramazon ro‘zasi o‘ttiz kunining o‘n barobari o‘n oy (300 kun), Shavvol oyining olti kun ro‘zasi esa (60 kun) ikki oy bo‘ladi. Jami 360 kun (bir yil)ni tashkil etadi. Natijada, kishi butun yil bo‘yi ro‘za tutgandek bo‘ladi. Alloh taolo Qur’oni Karimda bunday marhamat qiladi:

Kim bir yaxshilik keltirsa, uning uchun o‘n barobari bor. Kim bir yomonlik keltirsa, u faqat qilganiga yarasha jazolanur. Va ularga zulm qilinmas (An’om surasi, 160-oyat).

Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Kim Ramazon ro‘zasini tutib, ortidan Shavvol oyida olti kun ro‘za tutsa, huddi onadan tug‘ilgandek gunohlardan forig‘ bo‘ladi”, deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).

Allohim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida bardavom qilgin, gunohlarimizni mag‘firat etgin!

Davron NURMUHAMMAD

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Farg‘ona imomlari “Zakovat” va stol tennisida bellashdi

05.08.2026   19540   1 min.
Farg‘ona imomlari “Zakovat” va stol tennisida bellashdi

Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan Farg‘ona viloyatidagi diniy soha vakillari ishtirokida “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida “Zakovat” intellektual o‘yini hamda stol tennisi bo‘yicha musobaqaning viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
 

Mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad diniy soha xodimlarining intellektual salohiyatini yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashdan iboratdir. Ko‘tarinki ruh va do‘stona muhitda o‘tgan bellashuvlarda ishtirokchilar bilim, tafakkur va chaqqonlik borasida o‘z mahoratlarini namoyon etdi.


Qizg‘in va murosasiz bahslar yakuniga ko‘ra g‘oliblar aniqlandi.


“Zakovat” intellektual o‘yini natijalari:

  • 1-o‘rin — Marg‘ilon shahri jamoasi;

  • 2-o‘rin — Oltiariq tumani jamoasi;

  • 3-o‘rin — Farg‘ona shahri jamoasi.


Stol tennisi musobaqasi natijalari:

  • 1-o‘rin — Sarvar Rahmonzoda («Eshonbobo» jome masjidi imom noibi);

  • 2-o‘rin — Muhammadyunus Mirzarahimov («Sulaymonbek hoji» jome masjidi imom noibi);

  • 3-o‘rin — Muhammadyusufxo‘ja Saidxo‘jayev («Abu Muso al-Ash’ariy» jome masjidi imom noibi).


Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan diplom hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasining

Farg‘ona viloyati vakilligi

Matbuot xizmati

Farg‘ona imomlari “Zakovat” va stol tennisida bellashdi Farg‘ona imomlari “Zakovat” va stol tennisida bellashdi Farg‘ona imomlari “Zakovat” va stol tennisida bellashdi
O'zbekiston yangiliklari