Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Avgust, 2026   |   6 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:09
Quyosh
05:36
Peshin
12:27
Asr
17:16
Shom
19:21
Xufton
20:43
Bismillah
19 Avgust, 2026, 6 Rabi`ul avval, 1448

Shavvol oyi tugashiga 10 kun qoldi!

18.04.2025   15518   2 min.
Shavvol oyi tugashiga 10 kun qoldi!

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

 

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazon ro‘zasini tutib, ketidan Shavvoldan olti kun ro‘za tutsa, yil bo‘yi ro‘za tutgandek bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Bugun hijriy sanada Shavvol oyining 20 sanasi. Taxminan yana 10 kundan keyin Shavvol oyi ham o‘z nihoyasiga yetadi. Shavvol oyida 6 kun ro‘za tutishni unutmadingizmi? Yodingizdan ko‘tarilgan bo‘lsa eslatib qo‘yishni lozim deb topdik. Zero, Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

Va eslat. Albatta, eslatish mo‘minlarga manfaat berur (Zoriyot surasi, 55-oyat).

Shavvol oyida 6 kun ro‘za tutish yil bo‘yi ro‘za tutganning savobiga noil etadi.

Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Kim Ramazon ro‘zasini tutib, ketidan Shavvoldan olti kun ro‘za tutsa, yil bo‘yi ro‘za tutgandek bo‘ladi, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Ramazon ro‘zasi o‘ttiz kunining o‘n barobari o‘n oy (300 kun), Shavvol oyining olti kun ro‘zasi esa (60 kun) ikki oy bo‘ladi. Jami 360 kun (bir yil)ni tashkil etadi. Natijada, kishi butun yil bo‘yi ro‘za tutgandek bo‘ladi. Alloh taolo Qur’oni Karimda bunday marhamat qiladi:

Kim bir yaxshilik keltirsa, uning uchun o‘n barobari bor. Kim bir yomonlik keltirsa, u faqat qilganiga yarasha jazolanur. Va ularga zulm qilinmas (An’om surasi, 160-oyat).

Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Kim Ramazon ro‘zasini tutib, ortidan Shavvol oyida olti kun ro‘za tutsa, huddi onadan tug‘ilgandek gunohlardan forig‘ bo‘ladi”, deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).

Allohim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida bardavom qilgin, gunohlarimizni mag‘firat etgin!

Davron NURMUHAMMAD

Boshqa maqolalar

Siz eng boy odamsiz!

10.08.2026   20556   1 min.
Siz eng boy odamsiz!

Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.


Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...


Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
 

Akbarshoh RASULOV