Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida buyuk tarixiy va madaniy meroslarimizni o‘rganish, asrash va targ‘ib etish yo‘lida yana bir muhim qadam tashlanmoqda. Dunyoda eng qadimgi nusxalaridan biri hisoblangan Usmon Mus'hafi tarixi haqida ilk bor ilmiy-ommabop kitob tayyorlanmoqda.
Mazkur kitobda Qur’oni Karimning eng qadimiy nusxalaridan biri sanalmish, 7 asrda ko‘chirilgan va hozirgi kunda O‘zbekistonda saqlanayotgan Usmon Mus'hafining kelib chiqishi, tarixiy yo‘li, paleografik xususiyatlari, diniy va madaniy ahamiyati keng yoritiladi. Kitob nashr etilgach Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasi tarkibiga kiritiladi va tashrif buyuruvchilarga ushbu noyob Qur’on qo‘lyozmasi haqida batafsil ma’lumot berish imkonini yaratadi.
Loyihaning asosiy maqsadi – O‘zbekiston hududida saqlanayotgan bu nodir tarixiy manba orqali islom ilm-fanining yuksak saviyasini, musulmon dunyosining ilk davrlardagi yozuv madaniyati va Qur’onni ko‘chirish an’analarini keng jamoatchilikka tanitishdan iborat.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi