Taraqqiyotimizning yangi bosqichida jonajon yurtimiz nurafshon bo'ldi. Bu oliy ne'mat zaminimizni, oilamizni, hayotimizni nurga to'ldirdi. Bunday baxt-saodatning davomli bo'lishini chin dildan tilaymiz. Dilimizda ham, qalbimizda ham shukrona keltiramiz. Shunday ulkan moddiy va ma'naviy boylikni qadrlay bilish, Vatan sarhadlari daxlsizligini ta'minlash, yurt sha'ni va or-nomusini ko'z qorachig'idek asrab-avaylash shu zaminda yashayotgan har bir imonli, e'tiqodli va ixlosli farzandning muqaddas burchi ekanligini dildan xis qilamiz.
Tinchlikni saqlash, mustaqilligimizni mustahkamlash, yurtimiz barqarorligi va xavfsizligini ta'minlashda milliy armiyamiz alohida ahamiyatga ega. Yurtboshimiz rahbarligi ostida mamlakatimizda tezkor va ixcham, zamonaviy qurol-yarog' va texnika bilan ta'minlangan, jangavor tayyorgarlikka ega milliy armiyamizni barchamiz uchun shon-shuhrat deb bilamiz.
Yurtimizda 14 yanvar' – Vatan himoyachilari kunidir. Bu bayramni tinchlik xotirjamlik va osoyishtalik posbonlari bayrami sifatida nishonlash yurtimizda an'anaga aylangan. Bayramni keng nishonlanishi zamirida teran ma'no mujassam. Zero, ona yurtda tinchlik va osoyishtalik barqaror, sarhadlarimiz mustahkam ekan, xalqimiz ko'ngliga shodu xurramlik sig'adi, toat-ibodatlar omonlikda ado etiladi, bayramlar yarashadi, hayotimizning obodligi davom etadi.
Ta'kidlash joizki, osuda hayotimiz, musaffo osmonimiz, aziz bolajonlarimizning quvnoq kulgisi, ota-onalarimizning farovon umr kechirishi yurtimizdagi barqarorlik – tinchlik tufaylidir. Tinchlikning qadriga etib yashash kerak. Shu aziz Vatan barchamizniki ekan, uni asrab-avaylab ham barchamizning chin farzandlik burchimizdir. Darhaqiqat, tinchligimiz, osoyishtaligimiz, barakali mehnat qilishimiz, farzandlarimiz o'sib-ulg'ayishlari, komil inson bo'lib etishishlarida, shubhasiz Vatan himoyachilarining o'rni, shijoati va jangovor ruhi beqiyosdir. Yuragida Vatan va xalq muhabbati mustahkam joy olgan, shijoatli o'g'lonlar yurt sarhadlarini sergaklik bilan qo'riqlamoqdalar. Ularning bu bedorliklari naqadar savobli ish ekani haqida Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy alayhissalom; “Ikki ko'z egasini do'zax otashi kuydirmas: biri bu – Allohdan qo'rqib yig'lagan, ikkinchisi – Alloh yo'lida poyloqchilik qilib uxlamagan kishini”, – deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Shuningdek, Vatan ximoyasida faqat xarbiy kishilar emas, balki shu zaminda yashayotgan barcha fukarolar- ukituvchi yoki shifokor buladimi, tadbirkor yoxud xizmatchi buladimi, qayerda bo'lmasin uz vatanini ximoya kilish kerak. Himoya kilish deganda fakat qurol bilan emas, kerak bo'lsa so'z bilan, G'animlarga raddiya berish bilan vatanga tosh otuvchilar va ig'vogarlarga qarshi kurash yullari bilan inson uz yurtini, millatini,xalqini ximoya qilishi zarur! Bu xam iymoniy burchga kiradi.
Ammo, vatan himoyachisi bo'lish yanada sharafli burchdir. Kindik qoni to'kilgan Vatanni, shu mustaqil yurtni ko'z korachig'idek asrab-avaylash inson uchun go'yo o'z oilasini, sha'nini, or-nomusini, imon-etiqodini himoya qilish kabidir. Bu yo'lda fidoiy bo'lgan kishi yuksak maqomga etishi, ulkan ajrlarga ega bo'lishi haqida bashoratlar mavjud. Nabiy sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib aytganlar: “Molini, jonini, dinini va axlu ayolini ximoya qilish yulida xalok bo'lgan kishi shaxidlik maqomini topur”. Boshqa bir hadisda esa bunday deb marhamat qilingan: “Kimki Alloh taolo yo'lida bir yoki bir kecha chegara poylasa, unga bir oy kunduzi ro'za tutib, kechasi ibodat qilgan savobi yoziladi. Kimki sarhadni qo'riqlab turganda halok bo'lsa, unga ham huddi shunday ajru savob mukofoti bo'ladi va shahidlik maqomi berilib, barcha fitnalardan omonda buladi”.
Buyuk ajdodlarimiz yurt himoyasi yo'lida sha'ni, oru nomusini, imonini o'rtaga qo'yib, Vatanini himoya qilganliklarini tarix varaqlarida zarhal harflar bilan yozib qo'yilgan. Vatan ozodligi yo'lida qo'lida tig' va tug' ila jon bergan xazrat Shayx Najmiddin Kubro, Vatan hajri va dog'ida yonib o'tgan Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzolarning ibratli hayotlari beixtiyor ko'z oldimizga kelishi bejiz emas.
Ayni shunday xalqimizning hozirgi kundagi vatanparvarlari deb Vatan himoyachilarini aytish mumkin. Ularning xizmati, shijoati va jangovor ruhi beqiyosdir. Yuragida Vatan va xalq muhabbati mahkam joy olgan shijoatli o'g'lonlar yurt sarhadlarini sergaklik bilan qo'riqlamoqdalar. Tinchlik-osoyishtaligimizni bor kuch-quvvatlari bilan asrab avaylamoqdalar. Biz ham ularning xayrli faoliyatlarida g'ayrat, shijoat, oilaviy baxt-saodat tilaymiz.
Musoxon ABBASIDDINOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasining
Namangan viloyat vakili
Insonga mehr ko‘rsatish, muhtojning holidan xabar olish, bemorga tasalli berish va ehtiyojmandlarga ko‘mak qo‘lini cho‘zish xalqimiz ma’naviyatining azaliy fazilatlaridandir. Islom ta’limotida ham saxovat, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash eng ulug‘ amallardan biri sifatida e’tirof etilgan. Chunki bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, uning qalbiga umid va ishonch bag‘ishlash jamiyatda mehr-muhabbat, hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlaydi.
Shu ezgu qadriyatlarni hayotga tatbiq etish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va yurtdoshlarimiz qalbida mehr-shafqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirish maqsadida 2026 yil 13 avgust kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy hamda xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tadbirlarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nursultonxon domla Abdumannonov, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, VAQF xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali rahbari Yoqubjon domla Mansurov, uning o‘rinbosari A.Sultonov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu xayrli aksiya doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va boquvchisidan ayrilgan 300 ta oila holidan xabar olindi. Ularning xonadonlariga tashrif buyurilib, turmush sharoitlari o‘rganildi, oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Tashriflar davomida bemor va keksalarning holidan xabar olinib, ular bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularning haqqiga shifo, xonadonlariga fayzu baraka, yurtimizga tinchlik-xotirjamlik tilab duolar qilindi. Zero, muhtojning ko‘nglini ko‘tarish va uni yolg‘iz emasligini his ettirish ham insonparvarlikning yuksak ko‘rinishidir.
Shu bilan birga, hayotida turli ijtimoiy qiyinchiliklarga duch kelgan hamda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolish xavfi mavjud bo‘lgan ayrim fuqarolar bilan yakka tartibda muloqotlar tashkil etildi. Suhbatlarda sof e’tiqod, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnat, Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat, shuningdek, turli buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan ma’naviy immunitetni mustahkamlash masalalari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.
Tadbirlar doirasida Urgut tumanidagi jome masjidlarda peshin namozidan so‘ng ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Ularda mehr-oqibat, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oila tinchligini asrash, jamiyatda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini qaror toptirish kabi dolzarb mavzular atroflicha yoritildi.
Uchrashuvlar yakunida mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi va yosh avlodning ilmli, odobli hamda vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishi haqida xayrli duolar qilindi.
Bugun yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-saxovat va o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urgut tumanida o‘tkazilgan mazkur xayrli tadbirlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, aholi o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Mehr bor joyda ishonch, saxovat bor joyda baraka, inson qadri ulug‘langan jamiyatda esa tinchlik va farovonlik qaror topadi. Ana shunday ezgu amallar xalqimiz o‘rtasidagi birdamlik rishtalarini mustahkamlab, yurtimizning yanada obod va fayzli bo‘lishiga xizmat qiladi.
Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati