Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Shayx imom Abulqosim Qushayriy rahimahullohdan naql qilinadi. U zotning farzandi qattiq kasal bo‘lgani haqida shunday hikoya qiladi: “Hatto umidsizlanib qoldim, bu ish (o‘g‘limga yetgan xastalik) menga juda azob berdi. Shunda tushimda Nabiy sollallohu alayhi vasallamni ko‘rdim. U zotga o‘g‘limning xastaligidan shikoyat qildim. Shunda u zot: “Qur’onda shifo oyatlari bor-ku, e’tibor qilmadingmi?” dedilar. Uyg‘onib ketdim, ular haqida tafakkur qildim. Ushbu mazmundagi oyatlar Allohning Kitobida oltita o‘rinda kelar ekan:
1. "(Alloh) mo‘minlar jamoasining ko‘ngillariga shifo (huzur-halovat) bergay" (Tavba surasi, 14-oyat).
2. "Ey insonlar! Robbingizdan sizlarga bir nasihat, dillardagi narsalarga (yomon tuyg‘ular, shahvat, botil aqiyda, dard va qiynoqlarga) shifo hamda mo‘minlarga (to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatuvchi) hidoyat va rahmat (bo‘lgan Qur’on) keldi" (Yunus surasi, 57-oyat).
3. "Ularning (asalarilarning) qorinlaridan rango-rang bir ichimlik (asal sharbati) chiqadiki, u insonlar uchun shifo (manbayi)dir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan qavm uchun ibrat (va Allohning qudratiga ishora) bordir" (Nahl surasi, 69-oyat).
4. "Biz Qur’ondan mo‘minlar uchun (ruhiy va badaniy kasalliklariga) shifo va rahmat bo‘ladigan narsalarni nozil qilurmiz" (Isro surasi, 82-oyat).
5. “Bemor bo‘lgan vaqtimda menga shifo berguvchi U (Alloh)dir” (Shu’aro surasi, 80-oyat).
6. "U iymon keltirganlar uchun hidoyat va shifodir" (Fussilat surasi, 44-oyat).
U kishi so‘zlarida davom etib aytadilar: “Oyatlarni bir qog‘ozga yozib chiqdim va uni suvda eritib, aralashtirdim. So‘ngra uni o‘g‘limga ichirdim. Shundan so‘ng u bog‘ichi yechilgandek bo‘lib, faol va sog‘lom bo‘lib ketdi”.
Shayx Nabihaniy rahimahullohning “Sa’adatu darayn” kitobidan.