Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Odamning qiyomat kuni qayta tiriltirilishi haqidagi hadisi shariflarda kelgan bayonni hozirgi zamon ilmi tasdiqladi.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم: «كُلُّ ابْنِ آدَمَ تَأْكُلُهُ الْأَرْضُ، إِلَّا عَجْبُ الذَّنَبِ، مِنْهُ خُلِقَ، وَفِيهِ يُرَكَّبُ». رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَأَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ وَابْنُ مَاجَهْ وَأَحْمَدُ وَمَالِكٌ.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Odam bolasning hamma joyi yer yeb bitiradi, faqat ajbuz-zanab* chirimaydi. Inson undan yaratilgan edi, (qiyomat kuni) yana undan yaratiladi».
Imom Buxoriy, Nasoiy, Abu Dovud, Ibn Moja, Ahmad va Molik rivoyat qilishgan.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم: «وَلَيْسَ مِنَ الْإِنْسَانِ شَيْءٌ إِلَّا يَبْلَى، إِلَّا عَظْمًا وَاحِدًا، وَهُوَ عَجْبُ الذَّنَبِ، وَمِنْهُ يُرَكَّبُ الْخَلْقُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ». رَوَاهُ مُسْلِمٌ.
Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi:
«Nabiy alayhissalom shunday dedilar: «Insonning bir suyakdan boshqa hamma narsasi chiriydi. Bu chirimagani – «ajbuz-zanab» deb ataluvchi suyakdir. Qiyomat kuni maxluqotlar o‘shandan tiklanadi».
Muslim rivoyat qilgan.
Ushbu ikki hadisda kelgan ma’nodagi gapni tasdiqlovchi yana bir qancha hadislar ham kelgan.
Buning ustiga, olimlar mazkur «ajbuz-zanab»ni topib, sinab ko‘rishgan, uni hech narsa bilan yo‘qotib bo‘lmagan.
Musulmon kishining odobi sahih hadisda kelgan gapni gap-so‘zsiz tasdiqlashdir. «Men bunga ishonmayman», deyishning o‘rniga «Buni tushunish uchun mening ilmim yetmayapti», deyish kerak.
Bundan bir necha yil oldin Kuvaytda «Qur’oni Karim va Sunnatdagi ilmiy mo‘jizalar» borasidagi sakkizinchi umumjahon ilmiy anjumani bo‘lib o‘tdi. O‘sha anjumanda AQSHdan kelgan katta ilmiy guruh ushbu hadis haqida yangi olamshumul kashfiyot qilganini e’lon qildi. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bundan bir ming to‘rt yuz yil ilgari aytgan hadislari ilmiy mo‘jiza ekani, bu hadis u zotning haqiqiy payg‘ambar ekanlariga dalil bo‘lishini ta’kidladilar.
Ma’ruza qilgan g‘ayrimusulmon odam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni har tilga olganida u zotga arab tilida salavot va salom aytib so‘zladi. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadislari yuzasidan erkaklarning urug‘ligida tajriba o‘tkazishibdi. Bir urug‘likning dumini – «ajbuz-zanab»ini kesib olib, boshqa uruqqa yopishtirishibdi. O‘sha urug‘ni urchitishgan ekan, birinchi urug‘ egasiga o‘xshash bola tug‘ilibdi. Bundan ular «ajbuz-zanab» insonning kodi ekan, degan xulosaga kelibdilar.
Doktor Usmon Jiyloniy va shayx Abdulmajid Zindoniylar ham 2003 yilning Ramazon oyida Sanodagi Zindoniyning uyida dumg‘aza bilan bir necha ilmiy tajribalar olib borishdi. Umurtqa dumg‘azasi to‘la alanga olib yonmagunicha gaz alangasiga o‘n daqiqa tutib turildi (suyak oldin qizil rangga kirguncha lovullab yondi, keyin esa qorayib ketdi).
Ular kuydirilgan bo‘laklarni sterillangan kolbaga (laboratoriya shisha idishiga) solib, Sanodagi mashhur ilmiy-tadqiqot laboratoriyasiga (al-Olakiy laboratoriyasiga) olib borishdi. Gistologiya va patologiya professori doktor Olakiy to‘qima bo‘laklarni o‘rganib, uning kuydirilgani dumg‘azaning suyak to‘qimalariga ta’sir qilmaganini aytadi, ya’ni ular kuydirilgani bilan o‘zgarmagan (faqat mushak, yog‘ to‘qimasi va ilik kuygan, dumg‘aza suyaklarining hujayralarida esa hech qanday o‘zgarish bo‘lmagan).
“Qur’on va sunnatdagi ilmiy mo‘jizalar” kitobidan