So‘nggi paytlarda “Mazhab nimaga kerak?”, “O‘zimiz Qur’on va sunnatdan hukm olsak bo‘lmaydimi?” deguvchi toifalarga raddiya bo‘ladigan kitoblarga yurtimizda ehtiyoj katta edi.
Bu borada O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Ustoz Homidjon qori Ishmatbekovning “Islom fiqhi asoslari. To‘rt mazhab imomlari” kitobi ayni shu savollarga yechim sanaladi.
Ushbu kitobda Islom fiqhining paydo bo‘lish tarixi va ildizlari, mavjud to‘rt mazhabning aynan Qur’on va sunnatga asoslangani va dinimizning zamonlar osha yuzaga keladigan muammolarni hal qilishda aynan mazhab ulamolari joriy qilgan usul va qoidalarga asoslanishi bayon etilgan.
Shuningdek, kitobda “Qur’onning bo‘lak-bo‘lak holda nozil qilinish hikmati”, “Makkiy va madaniy suralarning bir-biridan farqi”, “Payg‘ambar alayhissalomning o‘z sahobalariga ijtihod qilishga ruxsat berishlari”, “xulafoi roshidin davrida shariat”, “Islom shariatining uchinchi manbasi ijmo’”, “tobe’inlar va tabaa tobe’inlar davrida ijtihod” kabi mavzular ham bayon etilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, “Islom fiqhi asoslari” kitobini har bir mo‘min-musulmon o‘qib chiqishi shart bo‘lgan kitoblar sirasiga kiritish mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati