Musulmon birodaringiz qilgan xatosini tan olib, sizdan uzr so‘rab kelsa, samimiy uzr so‘rayotganiga alomatlar bor bo‘la turib, uning uzrini qabul qilmasligingiz tahrimiy makruh bo‘ladi. Chunki bu vaziyatni o‘zining foydasiga suiste’mol qilish va birodardan yomon gumon qilish bo‘ladi.
Ibn Javdon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kim musulmon birodaridan uzr so‘rasa-yu, ammo u qabul qilmasa, unga (nohaq) o‘lpon yig‘uvchining gunohi kabi gunoh bo‘ladi", deganlar.
Sufyon Savriy rahimahulloh aytadilar: "Birgina gunohim uchun besh oy tahajjuddan mahrum bo‘ldim". “U qaysi gunoh edi?” deb so‘rashdi. "Yig‘lab duo qilayotgan kishini ko‘rib, ichimda: "Bu kishi riyo qilyapti", degandim…".
Imom Makhul rahmatullohi alayhi: "Bir kishini namozda ruku’ va sajda qilib, yig‘layotganini ko‘rdim va ichimda "u riyo qilyapti!" deb unga tuhmat qildim va o‘zim bir yil yig‘lashdan mahrum bo‘ldim".