Sayt test holatida ishlamoqda!
04 May, 2025   |   6 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:46
Quyosh
05:17
Peshin
12:25
Asr
17:18
Shom
19:27
Xufton
20:51
Bismillah
04 May, 2025, 6 Zulqa`da, 1446
Maqolalar

Qabristondan joy sotib olish mumkinmi?

02.05.2025   3144   1 min.
Qabristondan joy sotib olish mumkinmi?

Savol: Hozirgi kunda ayrim odamlar qabristonlardan o‘zlari, oilasi uchun yer sotib olib, sag‘ana qildirib qo‘yishmoqda. Bu ishlari to‘g‘rimi?


Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qabristonlar omma foydalanishi uchun hukumat tarafidan berilgan umumiy joy hisoblanadi, hech kimning shaxsiy mulki emas.

Shunga ko‘ra unga kimdir egalik qilishi, u joydan yer sotishi yoki sotib olishi mumkin emas. Bizdan avvalgi avlodlar, ota-bobolarimiz qabristondan biror narsani olishga, hatto qurigan giyoh olishdan ham cho‘chiganlar.

Hozirda ham ayrim odamlar qabristondagi meva va o‘t-o‘lanlardan foydalanish haqida ko‘p savol berishlari bejizga emas, ana shu hadikdan paydo bo‘lgan. Ammo ming afsuski, ayrim odamlar tomonidan kimlar bilandir til biriktirib, yer sotib olish holati oz bo‘lsa-da, paydo bo‘lmoqda. Bundan ehtiyot bo‘lish lozim. Chunki bu nohaqdan yer olish hisoblanadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam qattiq ogohlantirib, bunday deganlar: “Kim bir qarich yerni nohaqdan olsa, qiyomat kuni uni yetti qavat yer yutadi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Sa’id ibn Zayd roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir qarich yerni zulm ila olsa, qiyomat kuni uning bo‘yniga yetti qavat yer osib qo‘yiladi”, deganlar (Muttafaqun alayh).

Bu ishning qanchalik og‘ir ekanini tushunmagan odamlar turli vositalar bilan bir qarich bo‘lsa ham birovning yerini o‘ziga qo‘shib olishga harakat qiladilar. Islomda bu ish zulm hisoblanadi va katta gunoh sifatida qoralanadi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Olam o‘lyapti!

03.05.2025   6955   3 min.
Olam o‘lyapti!

Hayotda ba’zi yo‘qotishlar bo‘ladi — vaqt o‘tib, o‘rni to‘lib ketadi. Ammo shunday yo‘qotishlar bor-ki, ularning o‘rnini hech narsa to‘ldira olmaydi. Ana shunday bebaho ne’matlardan biri — ulamolardir. Bugun ular bizning oramizda bor, ammo ertaga bo‘lmasligi mumkin. Ular bitta-bitta ketishmoqda. Biz yesa, afsuski, ko‘p hollarda bu haqiqatning anglab yetmayapmiz.


"موت العالم موت العالم"


— ya’ni “Olimning o‘limi – olamning o‘limidir” degan mashhur ibora bor.
Yana shu mazmunda Imom Bayhaqiyning rivoyati keltiriladi: 


"موت العالم مصيبة لا تُجبر، وثلمة لا تسد، ونجم طُمِس، موت قبيلة أيسر من موت عالم."


"Olimning o‘limi — tuzatib bo‘lmaydigan musibat, to‘ldirib bo‘lmaydigan bo‘shliq, so‘nib qolgan yulduzdir. Bir qabilaning yo‘q bo‘lishi, bir olimning o‘limidan yengilroqdir."

Chunki olimlarning o‘limi bilan faqat bir inson emas, butun bir jamiyat  ruhiy, ilmiy va axloqiy jihatdan zararga uchraydi, ma’nan qulab boradi. Aynan shuning uchun olimning o‘limi “olamning o‘limi”ga tenglashtirilgan.
Zero olimlar — faqat kitob o‘qib, dars beradigan odamlar emas. Ular — yo‘l ko‘rsatuvchi, haqqa chaqiruvchi, haqiqatni mudofaa qiluvchilardir.
Ular yillar davomida ilm o‘rganishdi, sabr bilan odamlarga yetkazishdi, o‘z hayotlarini ummatga bag‘ishlashdi. Endi esa, bitta-bitta o‘tib ketishyapti...

Kecha Abduqahhor domla Shoshiy (1969-1987 yillar – O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi Xalqaro bo‘limi mudiri, 1969-1982 yillar – Buxorodagi Mir Arab madrasasi direktori, 1982-1987 yillar – Toshkent Islom instituti rektori) olamdan o‘tgan edilar.

Bugun esa yana katta musibat - yurtimizning zabardas ulamolaridan biri ustoz Ibrohimjon domla Qodirov vafot etdilar. Domla umrlarining oxirigacha masjidlarda imomlik qilib, din xizmatida bo‘lgan peshvolardan, yuzlab shogirdlarni tarbiya qilgan ustozlardan edilar. Ustozimiz Yorqinjon domla rahimahulloh ham aynan shu kishida tahsil olgan edilar.

Shunday ulamolar birma-bir o‘tib borishmoqda. Biz o‘tgan ulamolarimiz haqqiga duo qilib, hozirda hayot bo‘lib turganlarini qadrlariga yetishimiz kerak.
Ularning so‘zlariga quloq tutib ehtirom ko‘rsatish, aloqani mustahkamlab, imkon boricha ko‘proq foydalanib qolishimiz va farzandlarimizni ularga yaqinlashtirishimiz kerak.

Lekin biz ulamolarimizni tiriklik chog‘ida qadrlash o‘rniga, chetga chiqib olib, din, millat dushmanlari "tegirmoniga suv quyib" ulamolarni obro‘sizlantirayotganlar va bu orqali yurtimiz peshvolari bilan ommani bog‘lab turgan ipni uzib, musulmonlar birligini parchalayotganlar so‘ziga uchib qolyapmiz. Ularga ishonib, ulamolarimizning so‘zlariga quloq tutmay g‘iybat, tuhmat qilib, ranjitamiz. Vafot etganlaridan keyin esa tobutlarini talashib, yig‘lab-sixtab, pushaymon bo‘lib qolaveramiz.

Yorqinjon domla rahimahulloh bir suhbatlarida aytgan edilar:
Ko‘rsangiz ko‘zingiz quvnaydigan, jannatning hidi kelib turadigan zabardas olimlar, ahli ilmlar bor. Tirikligida birov ikkita non olib xabar olmaydi. Olimlarni qadrlamaydi.... Vafotidan keyin esa aziz bo‘ladi. Tirikligida tekinga qilgan suhbatiga bir kilometr yurib bormagan odamlar, o‘lganidan keyin yuzlab kilometr masofalardan yo‘l bosib keladi. Ko‘tar-ko‘tar qiladi. Qadrlamabmiz, ko‘rishmabmiz, shu yerda shunday olim kishi bor ekan bilmabmiz, deb yuraveradi”.

Xullas, ulamolarni g‘animat bilaylik. Ular xalqimizga katta ne’mat, ne’matni qadrlamasak undan ajralish bilan sinalamiz. Keyingi pushaymon esa aslo foyda bermaydi.
 

Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘li