Kibr, o‘zini boshqalardan yuqori deb hisoblash, ulardan ustun qo‘yish, o‘zini boshqalarga nisbatan yuksak ko‘rish va ularga nisbatan mag‘rurlik qilishdir. Bu, ko‘pincha odamlarning boshqa kishilarni pastga urish, ular bilan adolatli munosabatda bo‘lmaslik va o‘zini juda katta ko‘rsatish kabi xulq-atvorlarni o‘z ichiga oladi.
Saodat kaliti hushyorlik va fahmu farosatdadir. Badbaxtlik manbasi kibr va g‘aflatdadir.
Banda uchun Alloh taoloning ne’matlari ichida iymon va ma’rifatdan ulug‘i yo‘qdir. Unga erishish uchun bag‘rikenglik va qalb ko‘zi o‘tkirligidan boshqa vasila yo‘qdir.
Kufr va ma’siyatdan kattaroq balo va ofat yo‘qdir. Mazkur ikki narsaga chaqirishda qalb ko‘rligi va jaholat zulmatidan boshqa narsa yo‘qdir.
Ziyrak kishilar Alloh taolo ularni hidoyatini iroda qilgan va qalblarini Islomga keng qilib qo‘yganlardir.
Mutakabbirlar Alloh taolo ularni zalolatini iroda qilgan va qalblarini xuddi osmonga chiqayotgandagi kabi tor va tang qilib qo‘yganlardir. Mutakabbir o‘z hidoyatiga kafil bo‘lishi uchun qalb ko‘zi ochilmagan kishidir.
Alloh taolo: “Mo‘minlardan ixtiyoriy ehson qiluvchilarini va zo‘rg‘a topib-tutuvchilarini istehzo ila masxaralaydiganlarni Alloh “masxara” qiladi va ular uchun alamli azob (bor)dir” (Tavba surasi, 79-oyat), deb aytgan.
Yana: “Ey mo‘minlar! (Sizlardan) biror millat (boshqa) bir millatni masxara qilmasin! Ehtimolki, (masxara qilingan millat) ulardan yaxshiroq bo‘lsa. Yana (sizlardan) ayollar ham (boshqa) ayollarni (masxara qilmasin)! Ehtimolki, (masxara qilingan ayollar) ulardan yaxshiroq bo‘lsa. O‘zlaringizni (bir-birlaringizni) laqablar bilan atamangiz!” (Hujurot surasi, 11-oyat);
“(Kishilar ortidan) g‘iybat qiluvchi, (oldida) masxara qiluvchi har bir kimsaning holiga voy!” (Humaza surasi, 1-oyat).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir-birlaringizga hasad qilmanglar va savdoda soxtalik bilan kelishib, narxlarni oshirmanglar. Bir-birlaringizga g‘azab qilmanglar hamda orqa o‘girib, munosabatlarni buzmanglar. Ba’zilaringiz ayrimlaringiz savdosi ustiga savdo qilmasin. Allohning bandalari, birodar bo‘linglar. Musulmon musulmonning birodaridir. Unga zulm ham qilmaydi, xo‘rlamaydi ham, past ham sanamaydi. Taqvo bu yerda”, deb, uch bora qalblariga ishora qildilar. “Musulmon birodarini past sanagan kishi yomon ekaniga dalolat qiladi. Har bir musulmonning boshqa musulmonga qoni, moli va obro‘sini (suiiste’mol) qilishi haromdir”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Imom Navaviy rahimahulloh: “Tadabbur qilgan kishiga bundan-da foydasi ko‘p, manfaati ulug‘ va yaxshiroq hadis bo‘lmasa kerak”, dedilar.
Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qalbida zarra miqdoricha kibri bor kishi jannatga kirmaydi”, dedilar. Shunda bir kishi: "Yo Rasululloh, kishi chiroyli kiyim va chiroyli poyabzal kiyadi (bu ham kibr bo‘ladimi?)" deganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh chiroylidir. Chiroylini yaxshi ko‘radi. Kibr esa haqni buzish va kishilarga past nazar bilan qarash”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Biz «yuz o‘girma» deb tarjima qilgan ma’no oyatda «tuso’’ir» deb kelgan. Bu ma’no, aslida, tuyada uchraydigan bir kasallikka nisbatan ishlatilar ekan. O‘sha kasallikka mubtalo bo‘lgan tuya doimo boshini pastdan-yuqoriga harakatlantirib, yonboshga siltab turar ekan. Mutakabbirlik bilan burnini jiyirib, yuzini odamlardan o‘giradigan kishilar ana o‘sha kasal tuyaga o‘xshatilmoqda.
«Odamlardan takabbur-la yuz o‘girma».
Ha, musulmon kishi uchun odamlarni kamsitish, ularni past sanash juda yomon illat. Hatto yurish-turishda ham kibru havodan, takabburlikdan saqlanish kerak.
«…va yer yuzida kibr-havo ila yurma».
Bu juda yomon narsa. Boshqalarga kibr og‘ir botadi. Eng muhimi: «Albatta, Alloh, xech bir mutakabbir va maqtanchoqni sevmas».
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan naql qilingan rivoyatda: «Kimning qalbida zarracha mutakabbirlik bo‘lsa, Alloh uni do‘zaxga yuztuban tashlaydi», deyilgan.
Shuningdek, ibn Abu Laylo rivoyat qilgan xadisda: «Kim kiyimini ko‘z-ko‘z qilib, maqtanchoqlik ila sudrab yursa, Alloh taolo unga nazar solmaydi», deyilgan.
Rasulullloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Ilm o‘rganing, ilm uchun sakinat va viqorni ham o‘rganing. Va sizlarga ilm o‘rgatayotganlarga tavoze’ bilan o‘zingizni past tuting!” (Imom Tabaroniy “al-Avsat”da rivoyat qilgan).
Muallimga kibr qilish, uni mensimaslik tuban xulq hamda nifoq alomatlaridan hisoblanadi. Imom Tabaroniy “Al-Kabir”da rivoyat qilgan hadisi sharifda bunday deyiladi: “Uch toifa inson borki, ularni faqat munofiqgina xorlaydi: Islomda mo‘ysafid bo‘lgan qariya, ilm sohibi va odil rahbar”.
Ustoz va muallimga o‘zni past tutib, hokisor bo‘lish najot eshigi, ilm tahsil qilishning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Dinimiz shunga buyuradi, shunga o‘rgatadi. Bu ustozlarning shogirdlari ustidagi haqlaridandir.
Imom Navaviy rahimahulloh aytadilar: “O‘quvchi muallimiga itoatkor va royish bo‘lishi, uning so‘ziga quloq solib, o‘z ishlarida u bilan maslahatlashib turishi va oqil bemor samimiy va mohir tabib so‘zini qabul qilganidek u ham o‘z muallimining so‘zini qabul qilmog‘i lozim. Shuningdek, muallimiga ehtirom ko‘zi bilan boqishi, uning o‘z ishida komil iqtidor va malaka sohibi ekanligi va boshqa ustozlardan ustunligiga ishonishi lozim. Ana shunda undan manfaat olishi oson bo‘ladi”.
Olimlarimiz aytadilarki, talaba o‘z ustozining kamoli ahliyat va iqtidor sohibi ekanligiga, o‘z ishining mohir mutaxassisi ekanligiga e’tiqod qilib, ishonishi kerak. U haqda faqat yaxshi fikrda bo‘lishi lozim. Agarchi, ustozidan diyonatga ochiq-oydin ters keladigan xatti-harakatni ko‘rib qolsa ham uni faqat yaxshilikka yo‘yib, yaxshi gumonda bo‘lishi kerak. Aks holda uning barakasidan mahrum bo‘ladi.
Ibn Sinoning ustozi Kushyorning huzuriga bir kishi osmon ilmini o‘rganish maqsadida kelibdi. 2-3 oy o‘tsa hamki, ustozi ilm berishni boshlamaganidan so‘ng aytibdi:
– Hazrat, endi menga javob bersangiz. Uch oy bo‘ldi hamki dars bermadingiz. Vaqtingiz yo‘q shekilli…
Shunda ustoz:
– Men senga bajonidil dars berardim-u, lekin sen huzurimga kelganingdagi “bu ilmdan mening uncha-muncha xabarim bor”, degan kibr-havoying hali ham ketmadi. Men bir idishga qachonki u bo‘sh bo‘lsagina suv quyaman. Afsus, sening kallang havo bilan to‘lib qolgan ekan, – deb javob qilibdi.
Imom Qurtubiy rahimahulloh dedilarki: "Agar mutakabbir kishini ko‘rsang bilginki, uning namozi kam yoki undan butunlay mahrum bo‘lgan. Chunki kibr bilan ko‘p sajda qilish birga jamlanmaydi".
Rivoyat qilishlaricha: Bir kishinikiga mehmon kelib qoldi. Uyda mehmonga qo‘yadigan hech vaqo yo‘q edi. U bir litr qatiq olib kelib, besh litr suv qo‘shib, tuz va muz solib, ayron tayyorladi. Bir litr qatiq besh litr suvni qabul qilib, totli ichimlikka aylandi. Agar o‘sha qatiqqa bir tomchi benzin tushib ketganida uni ichib bo‘lmas edi.
Xuddi shuningdek, salgina takabburlik ham amalni buzib yuboradi. Mutakabbir kimsa Allohdan to‘siladi, xaloyiq tomonidan nafratga uchraydi. Alloh taolo bu haqda «Chunki ularga yolg‘iz Allohdan boshqa iloh yo‘q deyilgan vaqtda kibr-havo qilgan edilar», degan (Soffot surasi, 35 oyat).
Horisa ibn Vahb roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Javvaz ham, ja’zariy ham jannatga kirmaydi", dedilar.
* «Javvaz – muomalasi qo‘pol odam».
* Ja’zariy – mutakabbir, qilmagan ishi bilan faxrlanuvchi.
Ba’zi bir kishilar ibodat miqyosidagi ma’naviy va moddiy amallarni qilib, (haj, umra va masjid yoki yo‘l qurib) kibrlanib, maqtanib boshqa kishilarni bunday ishlarni amalga oshirmaganlikda ayblab, o‘zlarini ulardan yuqori olishadi. Aslida ana shu ishlar xalqni puliga bajarilgan bo‘ladi. Bunday kimsalar aslida eng razil va pastkashlardir.
Alloh taolo aytadi: “Boshqalar esa gunohlarini e’tirof qildilar…”. (Tavba surasi 102-oyat) Alloh taolo bizdan ma’sumlikni talab qilmadi. Aksincha, gunoh sodir bo‘lganida tavba va siniqlikni istadi.
Odam alayhissalom gunoh qilganida e’tirof qilib gunohiga istig‘for aytdi. Alloh uning tavbasini qabul qildi.
Iblis esa gunoh qilganida mutakabbirlik qildi, tavba qilmadi. Alloh undan yuz o‘girdi.
Kim gunoh qilib qo‘yib so‘ngra tavba qilsa qiyomatda Odam alayhissalom bilan tavba qiluvchilar karvonida bo‘ladi.
Kim gunoh qilib so‘ngra tavba qilmasdan mutakabbirlik qilsa Iblisning karvonida bo‘ladi.
Ortidan kibrni ergashtiruvchi bittagina gunoh, ortidan siniqlik, pushaymonlik va tavbani ergashtiruvchi mingta gunohdan og‘irroqdir.
Alloh taolo gunoh qilganida pushaymon bo‘lib tavba qiluvchilarga muhabbati o‘laroq O‘zini G‘ofur deya nomladi.
Bandalarini O‘z muhabbatiga targ‘ib qilish uchun O‘zini Vadud deya nomladi.
Sizni sindirib sizdagi ujbni ketkazadigan bitta gunoh, qalbingizni mag‘rurlanish va ujbga to‘ldiradigan toatdan yaxshidir, qaysidir ma’noda!
Ja’farxon SUFIYEV,
TII talabasi,
To‘raqo‘rg‘on tuman “Is'hoqxon to‘ra” jome masjidi imom-xatibi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Xalqimizda: “Kichgina demang bizni, ko‘tarib uramiz sizni”, degan naql bor. Juda chiroyli gap. Haqiqatda, kichik narsalarni mensimaslik keyinchalik salbiy oqibatlarga olib borishi tabiiy.
Ulamolar gunohlarning turi ko‘p bo‘lsada ularni ikkiga taqsim qilganlar. Kabira va sag‘ira ya’ni: katta – kichik. Biz ikkisi haqida ham so‘z yuritmoqchi emasmiz. Balki kichik gunohlarga oid, bilishimiz muhim bo‘lgan nuqtaga e’tibor qaratmoqchimiz, xalos.
Sag‘ira gunohlarni bir yoki ikki marta qilish bilan kabiraga aylanib qolmaydi. O‘sha sag‘irani bardavom qilish bilan unga kabira hukmi beriladi. Ulamolar esa, oltitita narsa sababli sag‘ira kabiraga aylanadi, deganlar:
1. Sag‘irani doimiy qilish bilan;
2. Uni beparvo qilish bilan;
3. Xursand bo‘lib qilish bilan;
4. Odamlarga faxrlanish bilan;
5. Oshkora qilish bilan;
6. Olim yoki muqtadolardan sodir bo‘lish bilan.
Mana shu olti sabab sag‘ira gunohni kabira gunohga aylantirar ekan. Demak, ulardan hamisha ehtiyot bo‘lishimiz lozim. Bu sabablarni yaxshi tushunib olishimiz uchun ularga biroz sharh berish maqsalga muvofiq ko‘rindi.
1.Sag‘ira gunohlarni doimiy qilish bilan kabiraga aylanadi.
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, sag‘ira gunohlarni bir yoki ikki marta qilish bilan kabiraga aylanib qolmaydi. Gunoh kattami – kichikmi baribir, u gunoh. Oqil inson o‘zini doim gunohlardan ehtiyot qilib borishi lozimdir. “Amallarning Alloh taologa mahbubi oz bo‘lsa – da bardavom bo‘laganidir”, deyilgan hadisda. Shunday ekan, sag‘ira gunohlarni bardavom qilib, odatga aylantirib olishdan saqlanmoq lozim.
Banda qilgan gunohini kichik sanagani sari u Allohning nazdida kattalashib ketaveradi. Gunohni katta hisoblagani sari u kichayib boraveradi. Chunki gunohni katta sanash o‘sha xatoga qalb rozi bo‘lmasligidan kelib chiqadi. Ikki sahihda: “Mo‘min gunohini tog‘ni tepasida turgan, qulashidan qo‘rqadigandek biladi. Fojir esa, gunohlarini burni ustiga qo‘ngan pashshadek ko‘radi. Mana bunday qiladi. (Qo‘li bilan xaydaydi)”, dedilar.
Imom Buxoriyning sahihida: “Sizlar (ba’zi) ishlarni sochdan ham ingichka bilasiz. Biz esa, ularni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrida halok qiluvchilardan hisoblar edik”, deyilgan.
Hadislarda: “(Gunohga) istig‘for aytish bilan kattaligicha, doimiy qilish bilan esa, kichikligicha turmaydi”, deyilgan.
Shariat tarozusida tortilayotgan gunoh kichik bo‘lgani bilan unga hayosizlik, Allohdan xavf qilmaslik qo‘shilsa vazni ortib kabira gunoh safiga o‘tib qoladi.
Ulamolarimiz: “Bitta kabira gunohni kechirilishi doimiy qilinadigan sag‘irani kechirilishidan osonroq. Bunga bir misol: toshga birdaniga quyilgan suvning ta’siri bo‘lmaydi. Lekin doimiy oqizib qo‘yilgan tomchilar toshni teshib yuboradi”, deganlar.
2.Sag‘ira gunohni beparvo qilish bilan kabiraga aylanadi;
Avzo’iy rahmatullohi alayhdan rivoyat qilinadi:
“Bilol ibn Sa’dning: “Xatoning kichikligiga qarama. Balki kimga osiy bo‘layotganingga qara, deganini eshitdim”.
Tashla sag‘ira – yu kabirani ana shu taqvo,
Yurgin ehtiyot, ohista nishli yerlardan.
Haqir sanab, “sag‘ira”, deb qilma mosuvo,
Tog‘lar ham iboratdir mayda toshlardan!
3.Sag‘ira gunohni xursand bo‘lib qilish bilan kabiraga aylanadi.
Gunoh qilgan inson xatosiga afsus, nadomat qilishi lozim. Gunoh qilib xursand bo‘lish esa, o‘sha gunohga nisbatan beparvolik qilish, mensimaslik, demakdir. Hayotimizda bunga misollar juda ham ko‘p. Ko‘rdingmi, “palonchini qanday mot qildim – a?”, “xatolarini aytganimda rosa xijolat bo‘ldi – da!” kabi so‘zlarni aytib xursand bo‘lishga o‘xshash.
4.Sag‘ira gunohni odamlarga faxrlanib qilish bilan kabiraga aylanadi.
Faxrlanishning o‘zi gunoh. Lekin mana shu iftixor sag‘ira gunoh qilayotgan insondan sodir bo‘lsa uning kichik xatosi ham kabiraga aylanib qoladi.
Jurjoniy rahmatullohi alayh “Ta’rifot”ida: “Faxrlanish – odamlarga qilgan yaxshiliklarni sanashga intilish”, – deganlar.
5.Sag‘ira gunohni oshkora qilish bilan kabiraga aylanadi.
Yomon sanalgan kashf (ochish) – u oshkoralik va istehzo ko‘rinishida bo‘lganidir. Savol va fatvo so‘rash ko‘rinishdagisi emas. Ramazonda ayoliga yaqinlik qilib Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga aytgan kishining savolini inkor qilmaganliklari dalil. Boyagi kishining qilgan ishi yomon, albatta. Lekin fatvo so‘rash uchun oshkora aytishga ruxsat beriladi. Shoyad javob olib tavba qilsa!?
Hadisi sharifda:“(Gunohni) oshkor qiluvchilardan boshqa ummatim ofiyatdadir”, deyilgan. (Abu Hurayra roziyallohu anhudan Buxoriy rivoyati)
“Fath al Boriy”da (10/486): “Oshkor qiluvchi – ma’siyatni ko‘rsatib, Alloh berkitgan narsani ochib, aytib yuradigan kishidir”.
Imomi Navaviy rahmatullohi alayh: “Gunoh qilishga mubtalo bo‘lgan kishi uni boshqaga aytishi makruh bo‘ladi. Lekin undan tiyilimog‘i, nadomat qilmog‘i va qaytmaslikni qasd qilmog‘i lozim. Agar ustozi yoki shunga o‘xshash insonlarga undan qutilish yo‘lini o‘rgatish, yana takrorlab qo‘yishdan saqlanish, mubtalo qilgan sababni bildirish yoki haqqiga duo qilish va shu kabi boshqa narsalar maqsadida aytsa chiroylidir. (O‘rinli) maslaxat bo‘lmasa makruh bo‘ladi”.
6.Sag‘ira gunoh olim yoki muqtadolardan sodir bo‘lishi kabiraga aylanadi.
G‘azzoliy rahmatullohi alayh: “Olimning aslida kichik hisoblangan gunoh ila toyilishi kabira bo‘ladi”, deganlar.
Olimning zimmasida ikki vazifa bor. Biri gunohlarni tark qilish. Ikkinchisi gunoh qilib qo‘ysa yashirish. Unga yaxshilikda ergashilganda hasanotlari ziyoda bo‘lgandek, xatoda ham salmog‘i ziyoda bo‘ladi. Olimga libosi va nafaqasida mo‘tadil bo‘lmog‘i lozim. Odamlar unga qarab turgani bois ozrog‘iga moyil bo‘lsin!
Olim va muqtado kishilar hammaga o‘rnak bo‘lishlari lozim. Ulug‘ insonlardan sodir bo‘ladigan kichik gunohlar johil insonlarga hujjat bo‘ladi. Ko‘pincha bu ishni qilmang yomon bo‘ladi desak, darxol xo‘p deyish o‘rniga “palonchi olim yoki pistonchi ulug‘ odam ham qiladi – ku!”, – deydi. Ularga aytamizki, odam bolasi xato – kamchilikdan xoli emas. Buni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham o‘z hadislarida aytib qo‘yganlar: “Odam bolasi borki xatokordir. Xato qiluvchilarning yaxshilari sertavbalaridir”. Shunchalar ergashgingiz kelsa ana Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ergashing! Chunki Alloh taolo kalomida u zotda go‘zal o‘rnak borligini aytib qo‘ygan.
Usul kitoblarimizda: “Olimning bir harom ishni qilishi uni halolga aylantirib qo‘ymaydi”, deyilgan.
Ravshanbek O‘RINBOYEV