Bugun, 13 may kuni muborak haj safarini niyat qilgan hojilarimizning dastlabki guruhi muqaddas zamin tomon yo‘lga chiqishdi.
Bo‘lg‘usi hojilarni kuzatish uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, shuningdek, taniqli ulamolar, imom-domlalar, mutasaddilar va OAV vakillari Toshkent xalqaro aeroportida jam bo‘lishdi.
Muborak safar oldi Muftiy hazratlari Alloh taoloning bayti sari yo‘l olayotgan ziyoratchilar eson-omon Haj amallarini bajarib, yurtimizga sog‘-salomat qaytib kelishlarini so‘rab xayrli duolar qildilar.
Shunday qilib, orzulari ro‘yobidan his-hayajonga to‘lgan “Haj – 2025” mavsumining ilk ziyoratchilari Toshkent xalqaro aeroportidan Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdilar.
Alloh taolo Haj amalini ado etishga otlangan yurtdoshlarimizning safarlarini xayrli va barakali qilsin!
O‘monning “Oman Daily” nashrida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Nashrda yozilishicha, anjumanda dunyoning 50 dan ortiq davlatidan 300 nafarga yaqin jurnalist, tadqiqotchi, noshir, kinorejissyor va texnologiya sohasi mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbir qatnashchilari Islom sivilizatsiyasining tarixiy-madaniy merosini zamonaviy media vositalari orqali xalqaro auditoriyaga keng targ‘ib qilish masalalarini atroflicha muhokama qildi.
Maqolada O‘zbekistonning Islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi, xususan, Al-Xorazmiy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Mirzo Ulug‘bek va Amir Temur kabi buyuk tarixiy shaxslarning boy ilmiy va madaniy merosi alohida e’tirof etilgan.
Shuningdek, Toshkent shahrida qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazining ushbu tarixiy boylikni atroflicha o‘rganish, asrab-avaylash va xalqaro maydonda tizimli targ‘ib qilishdagi strategik ahamiyatiga alohida e’tibor qaratilgan.
Forum doirasida qadimiy Qur’on qo‘lyozmalari, tarixiy xaritalar, hujjatli filmlar hamda innovatsion raqamli loyihalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Anjuman ishtirokchilari Islom sivilizatsiyasi haqidagi xalqaro media kontentida mavjud bo‘lgan muayyan stereotiplarni bartaraf etish, uning jahon ilm-fani, madaniyati va umuminsoniy taraqqiyotga qo‘shgan bebaho hissasini xolis hamda keng qamrovli yoritish zarurligini bir ovozdan ta’kidladi.
Gazetada O‘zbekistonning madaniy diplomatiya mexanizmlaridan unumli foydalangan holda mamlakatning boy tarixiy merosi va Islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini jahon jamoatchiligiga keng yetkazish borasidagi sa’y-harakatlariga yuqori baho berilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati