Vafot etganingizdan keyin nimalar bo‘lishini tasavvur qilasizmi? Bir necha soat o‘tib, siz uchun yig‘layotgan odamlarning yig‘isi to‘xtaydi. Yaqin qarindoshlaringiz ham hayot tashvishlariga ovunadi.
Ko‘p o‘tmay, rahbaringiz o‘rningizga boshqa xodim topadi. Yaqinlaringiz, farzandlaringiz ishga, tirikchilik tashvishiga tushib ketadi.
Bir oy o‘tgandan so‘ng turmush o‘rtog‘ingiz ham sizni kamroq eslay boshlaydi. Ha, odam o‘zi o‘ylaganidan ko‘ra tezroq unutiladi.
Modomiki, odamlar sizni shunchalar tez esdan chiqarar ekan, bu o‘lchovli umringizni kim yoki nima uchun sarflamoqdasiz? Bir umr “Odamlar nima derkin?” deb yashab o‘tmayapsizmi? Yashashdan maqsadingiz nima o‘zi?
Bir lahza tin olib, shular haqda o‘ylab ko‘ring. Bu olamga keltirilish sababingiz haqida mulohaza yuriting. Yaqinlaringizni hayotlik chog‘ida qadrlangki, vaqti yetganda qadr topasiz. Alloh taolo O‘zi rozi bo‘ladigan hammamizga mazmunli hayot, xayrli oqibat nasib etsin!
Akbarshoh Rasulov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati tomonidan aholi bilan o‘tkazilayotgan ochiq muloqotlar fuqarolar masalalarini joyida va ijobiy hal etishda muhim omil bo‘lmoqda.
Xususan, bugun, 9 sentyabr kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazdi.
Unda masjidlar ochilishi, diniy ta’lim, xayriya, ishga joylashish, oilaviy va uy-joy masalalari hamda moddiy yordam so‘rab qilingan murojaatlar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Muloqotlar jarayonida oilaviy masalalar yuzasidan shar’iy yechim va zarur maslahatlar berilgan bo‘lsa, moddiy ko‘makka muhtoj yurtdoshlarimizga belgilangan tartibda amaliy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, boshqa masalalar ham vakolat doirasida ko‘rib chiqilib, mas’ullar tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar olishdi.
Bu kabi qabullar aholining diniy va ijtimoiy muammolarini tezkor hamda manzilli hal etishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati