Vafot etganingizdan keyin nimalar bo‘lishini tasavvur qilasizmi? Bir necha soat o‘tib, siz uchun yig‘layotgan odamlarning yig‘isi to‘xtaydi. Yaqin qarindoshlaringiz ham hayot tashvishlariga ovunadi.
Ko‘p o‘tmay, rahbaringiz o‘rningizga boshqa xodim topadi. Yaqinlaringiz, farzandlaringiz ishga, tirikchilik tashvishiga tushib ketadi.
Bir oy o‘tgandan so‘ng turmush o‘rtog‘ingiz ham sizni kamroq eslay boshlaydi. Ha, odam o‘zi o‘ylaganidan ko‘ra tezroq unutiladi.
Modomiki, odamlar sizni shunchalar tez esdan chiqarar ekan, bu o‘lchovli umringizni kim yoki nima uchun sarflamoqdasiz? Bir umr “Odamlar nima derkin?” deb yashab o‘tmayapsizmi? Yashashdan maqsadingiz nima o‘zi?
Bir lahza tin olib, shular haqda o‘ylab ko‘ring. Bu olamga keltirilish sababingiz haqida mulohaza yuriting. Yaqinlaringizni hayotlik chog‘ida qadrlangki, vaqti yetganda qadr topasiz. Alloh taolo O‘zi rozi bo‘ladigan hammamizga mazmunli hayot, xayrli oqibat nasib etsin!
Akbarshoh Rasulov
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bir tanishimning jarohat sababli oyoqlari kesildi, unga hamdardlik bildirish uchun yoniga bordim. U aqlli va olim kishi edi, uni ziyorat qilishga borgan paytimda: “Ummat sendan tez yuguradigan sportchi yoki doim g‘olib bo‘ladigan kurashchi bo‘lishingni kutayotgani yo‘q, ular sendan nurli va to‘g‘ri fikrlaringni kutishadi. Bu narsa esa senda bor, alhamdulillah”, deb hamdardlik bildiraman deya niyat qildim. Yoniga yetib borganimda u menga: “Alhamdulillah, bu oyog‘im uzoq yillar menga go‘zal hamroh bo‘ldi. Qalb rozi bo‘ladigan narsa aslida dinning salomatligidadir”, dedi.
Hakimlardan biri aytadi: “Qalb xotirjamligi boshga tushgan eng yomon narsalarga ham rozi bo‘la olish bilan hosil bo‘ladi. Bunday holatlarga rozi bo‘lish insonning kishanlangan shijoatini ozod etadi. Shunga qaramay juda ko‘pchilik insonlar hayotlarini g‘azab olovida barbod etishadi. Chunki ular achchiq haqiqatga taslim va xalos bo‘lish mumkin bo‘lgan narsadan qutulishdan bosh tortadilar. Orzularini yangidan bunyod etish o‘rniga moziy bilan oxiri yo‘q jangga kirishadilar va iztiroblarni befoyda malomat qiladilar. Aslida esa o‘tib ketgan narsaga afsus-nadomat chekish muvaffaqiyatsizlikka olib boradi. Shuning uchun bunday narsalardan saqlanishga urinish lozim”.
Shu’la: Yiqilganingizni tan olish eng katta dushmaniningizdir. U sizning xotirjamligingizni yo‘qotadi.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan