O'tgan haftada O'zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan Qozog'iston, Qirg'iziston, Turkiya va Ozarbayjon kabi turkiy davlatlar Fatvo hay'atlarining onlayn majlisi bo'lib o'tdi.
Yig'ilishda ulamolar va soha mutaxassislari tomonidan Ramazon oyi hilolini kuzatish bo'yicha qilinayotgan ishlar, falakiy hisob-kitoblar, astronomik ma'lumotlar atroflicha tahlil qilindi. Shuningdek, dunyodagi yirik fatvo idoralari va nufuzli astronomiya institutlari axborotlari batafsil ko'rib chiqildi.
Turkiy davlatlar ulamolari fiqhiy qoidalarga tayangan holda falakiy hisob-kitob va astronomik kuzatuvlarni e'tiborga olib, hijriy 1445 yil Ramazon oyining birinchi kuni milodiy 2024 yil 11 mart, dushanba kuniga to'g'ri kelishi haqida yakdil fikrga keldilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugun, 14 sentyabr kuni Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi o‘z ishini boshladi.
Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Allohshukur Poshshozoda, Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Safi Arpagush, Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay hoji Tag‘anuli, Qirg‘iziston musulmonlari diniy nazorati raisi, muftiy Abdulaziz qori Zakirov hamda boshqa qardosh va xorijiy davlatlar ulamolaridan iborat nufuzli delegatsiyalar ishtirok etmoqda.
Yalpi majlisda nutq so‘zlagan muftiylar o‘z ma’ruzalarida quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratmoqdalar:
– Kengash qoshidagi Fatvo hay’ati faoliyatini rivojlantirish, ummat uchun zarur qo‘shma fatvolar ishlab chiqish va zamonaviy masalalarga shar’iy yechim topish;
– diniy ta’lim muassasalarida ustoz va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ilmiy-uslubiy loyihalarni amalga oshirish;
– ekstremizm, terrorizm, takfirchilik, islomofobiya va mazhablararo nizo qo‘zg‘ash kabi tahdidlarga qarshi yakdil ma’rifiy kurashni kuchaytirish.
Shuningdek, Ulamolar diniy-ma’rifiy sohadagi ana shunday hamkorlik butun Turkiy dunyo birdamligini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Anjuman davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati