Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Sentabr, 2026   |   26 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:35
Quyosh
05:56
Peshin
12:21
Asr
16:52
Shom
18:49
Xufton
20:06
Bismillah
08 Sentabr, 2026, 26 Rabi`ul avval, 1448

21.05.2025   7320   1 min.

Shu yil 19 may kuni mamlakatimizga kelgan Qatar vaqf va islom ishlari vaziri o‘rinbosari Muhammad al-Kavvariy boshchiligidagi delegatsiyani Diniy idora raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov qabul qildi. 

Muloqotda O‘zbekiston va Qatar aloqalari rivojlanayotganiga to‘xtalish barobarida yurtimizdagi diniy-ma’rifiy sohadagi so‘nggi islohotlar, ilmiy-tadqiqot markazlari, masjid-madrasalar, Fatvo markazi, Qur’oni karim va tajvid o‘quv kurslari, nashriyot-matbaa ishlariga oid ma’lumotlarga delegatsiya vakillari qiziqish bildirdi. 

Muhammad al-Kavvariy bu zamin dunyo tamadduni markazlaridan biri ekani, ulug‘ mutafakkirlarimiz bashariyat taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgani, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy kabi allomalar dinimiz rivojiga katta hissa qo‘shish barobarida butun olamga mashhurligini e’tirof etdi. 

Uchrashuv davomida ikki davlat mutaxassislari ishtirokida qo‘lyozmalarni o‘rganish, tadqiq etish va ularni chop etish, diniy ta’lim, ziyorat turizmi yo‘nalishida hamkorlik qilish  va boshqa masalalar muhokama etildi.

Yuqorida bildirilgan taklif va fikr-mulohazalar asosida amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan o‘zaro kelishib olindi. 

Mehmonlar Diniy idora Kutubxona fondidagi noyob va nodir asarlar bilan tanishish asnosida Mo‘yi muborak madrasasida joylashgan hazrati Usmon Mus'hafini ham ziyorat qilishdi. 

Ma’lumot o‘rnida bundan bir oy muqaddam mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Qatar vaqf va islom ishlari vaziri G‘anim bin Shahin al-G‘anim bilan yurtimizning diniy soha rahbarlari uchrashuv o‘tkazgan edi. https://t.me/muslimuzportal/41058

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Rossiya OAV: O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganish va raqamlashtirishda yangi bosqichni boshlamoqda

07.09.2026   16386   1 min.
Rossiya OAV: O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganish va raqamlashtirishda yangi bosqichni boshlamoqda

Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforum Rossiyaning yetakchi ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xususan, “MIR 24”, “Sputnik Uzbekistan”, “Islam News”, “Daydjest Moskva-Baku”, “TRT na russkom”, “CGTN-Russkiy” kabi yirik ommaviy axborot vositalarida mediaforum haqida turkum materiallar e’lon qilindi.

Manbalarda forumning ahamiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tilgan. Tadbirlarda 50 ga yaqin mamlakatdan 300 nafarga yaqin soha mutaxassislari va xalqaro media yetakchilari ishtirok etdi. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining tarixiy manbalarni raqamlashtirish va sun’iy intellekt imkoniyatlarini joriy etishdagi innovatsion o‘rni yuqori baholangan.

Rossiya media olamida O‘zbekistondagi o‘zgarishlar faqat tarixiy yodgorliklar va sayyohlik salohiyati bilan cheklanib qolmay, balki IT sohasi, qurilish, tibbiyot va iqtisodiy taraqqiyotdagi muvaffaqiyatlar orqali yangicha talqinda namoyon bo‘layotgani alohida ta’kidlangan.

Anjuman doirasida Rossiya, O‘zbekiston va Ozarbayjon hamkorligida “Shamoyili nabaviyya” qo‘lyozmasini nashr etish va Katta Langar Qur’onini atroflicha tadqiq qilish kabi aniq amaliy loyihalarga start berilgani e’tirof etildi.

Shuningdek, Rossiyaning “Rossiya” milliy markazi va Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi o‘rtasida o‘zaro “Rossiya va O‘zbekiston kunlari”ni o‘tkazish bo‘yicha muhim kelishuvga erishilgani xabar qilindi.

Rossiya axborot maydonida O‘zbekiston boy qo‘lyozma va ilmiy meros sohibi, tarixiy manbalarni raqamlashtiruvchi markaz hamda gumanitar-madaniy sohada ishonchli va tashabbuskor hamkor sifatida gavdalandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari