Sayt test holatida ishlamoqda!
30 May, 2025   |   3 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:12
Quyosh
04:53
Peshin
12:26
Asr
17:32
Shom
19:51
Xufton
21:26
Bismillah
30 May, 2025, 3 Zulhijja, 1446
Yangiliklar

Tavakkul qanday qilinadi?

21.05.2025   5682   2 min.
Tavakkul qanday qilinadi?

Musulmon kishi har bir ishida Alloh taologa tavakkul qiladi. Zero, Alloh taolo tavakkal qiluvchilarni yaxshi ko‘radi. Bu haqda Alloh taolo bunday marhamat qiladi:“(Biror ishga) azmu qaror qilsangiz, Allohga tavakkul qiling. Zero, Alloh tavakkul qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Oli Imron surasi, 159-oyat). Ushbu oyat tafsirida: “Allohga tavakkul qilish ulug‘ fazilat. Ammo tavakkul, Alloh iroda qilganidek, to‘g‘ri holda bo‘lishi kerak. Ba’zi kishilar tavakkulni yaxshi anglashmaydi. O‘ylamay, urinmay, chora-tadbir ko‘rmay, sabablarini axtarmay, ko‘r-ko‘rona turishni tavakkul deb tushunuvchilar bor.
 

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning Uhud urushida qilgan tavakkullarini olaylik. U zot mushriklar askar tortib Uhudga yetib kelganlarini eshitib, tezda musulmonlarni yig‘ib, kengash o‘tkazdilar. O‘zlari birinchi bo‘lib Hujrai saodatga kirib, ustma-ust ikkita sovut kiyib chiqdilar. E’tibor bering – Allohga tavakkul qiluvchilarning eng ulug‘i, peshvosi bo‘lgan zot urushga ketayotib bir emas ikkita sovut kiyib chiqdilar! Odamlarni jihodga targ‘ib qildilar. Manzilga tezroq, osonroq va tinchroq eltuvchi yo‘lni biladigan odamni topib, unga yo‘l boshlashni topshirdilar. Yetib borganlaridan keyin dushmanning kuch-quvvatini yaxshilab hisob-kitob qildilar. So‘ng o‘z jangchilari bilan birma-bir tanishib, hammani joy-joyiga qo‘ydilar. O‘ng qanot va chap qanotlarda kimlar bo‘lishini belgilab, reja tuzdilar. Xullas, urushga zarur bo‘lgan chora-tadbirlarni ko‘rdilar. Ammo Allohga tavakkul qilishlari bu ishlardan ayri emasdi.


Tavakkul bularning barchasini bog‘lab turadigan bir ip misoli. U har bir ishda, chora-tadbirda Allohni vakil deb e’tiqod qilishdir. Afsuski, ko‘pchilik tavakkulni harakatsizlik, urinib ko‘rmaslik bilan bog‘liq holda tushunadi. Ba’zilar Allohga tavakkul qildim, deb harakat qilishlari kerak bo‘lgan ishlarni ham qilishmaydi. Bu esa dangasalik, xolos.


Payg‘ambar alahissalom davrlarida bir kishi kelib: “Yo Rasululloh! Tuyamni bog‘laymi yoki erkin qo‘yib, tavakkul qilaymi?” deb so‘radi.  Payg‘ambar alayhissalom: “Bog‘lab qo‘yib, undan keyin tavakkul qil” dedilar (Imom Termiziy rivoyati).


Alloh taolo barchamizni O‘ziga tavakkal qiladigan bandalari qatorida qilib, ikki dunyo saodatiga musharraf etsin!


Ruhiddin Akbarov,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Qashqadaryo viloyati vakilligi xodimi

 

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Janoza va ikki haramda juma namozining o‘qish tartibi

26.05.2025   3828   3 min.
Janoza va ikki haramda juma namozining o‘qish tartibi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Janoza namozi tik turgan holda, quyidagi tartibda o‘qiladi:

1. Niyat qilinadi (Niyat qildim 4 takbirli janoza namozini imomga iqtido qilib o‘qimoqlikka, qiblam bo‘lmish muqaddas Ka’ba tomon yuzlandim, xolis Alloh uchun);

2. Faqat birinchi takbirdagina quloq qoqiladi (Allohu akbar);

3. Sano o‘qiladi:

“Subhanakallohumma va bihamdika va tabarokasmuka va ta’ala jadduka va laa ilaha g‘oyruk” (Allohim! Senga hamd aytgan holda Seni poklab yod etaman. Isming muborakdir. Ulug‘liging yuksakdir. Sendan o‘zga iloh yo‘q).

4. Ikkinchi bor takbir aytiladi (Allohu akbar);

5. Nabiy alayhissalomga salavot aytiladi:

“Allohumma solli ’ala Muhammadin va ’ala aali Muhammad. Kama sollayta ’ala Ibrohiyma va ’ala aali Ibrohiym. Innaka hamidum majiyd.

Allohumma barik ’ala Muhammadin va ’ala aali Muhammad. Kama barokta ’ala Ibrohiyma va ’ala aali Ibrohiym. Innaka hamidum majiyd(Allohim! Ibrohim va uning oilasiga salavot yo‘llaganingdek, Muhammad va uning oilasiga salavot yo‘llagin! Albatta, Sen Hamiyd (barcha maqtovlar ila maqtalgan), Majiyd (shon-sharafi va qadri balandligi cheksiz) Zotsan. Allohim! Ibrohim va uning oilasiga barakot berganingdek, Muhammad va uning oilasiga barakot bergin!).

6. Uchinchi bor takbir aytiladi (Allohu akbar)

7. Duo o‘qiladi:

Allohummag‘fir lihayyina va mayyitina va shahidina va g‘oibina va sog‘iyrina va kabiyrina va zakarina va unsana. Allohumma man ahyaytahu minna faahyihi ’alal Islam va man tavaffaytahu minna fatavaffahu ’alal iyman(Allohim tirigimizni va o‘ligimizni, hozirimizni va g‘oyibimizni, kichigimizni va kattamizni, erkagimizni va ayolimizni mag‘firat qilgin. Allohim! Bizdan kimni yashatsang, Islomda yashatgin. Bizdan kimni vafot ettirsang, iymonda vafot ettirgin).

8. To‘rtinchi marta takbir aytiladi (Allohu akbar);

9. Ikki tarafga salom beriladi (Assalamu alaykum va rohmatulloh);

Janoza namozida qiroat ham, tashahhud ham bo‘lmaydi. Imom salom bergunicha kutib turiladi va u bilan birga salom beriladi.


Ikki haramda juma namozi o‘qilish tartibi:

4 rakat sunnat;

2 rakat farz;

4 rakat sunnat.

Ikki haramda juma kuni 2 azon va 1 takbir aytiladi:

Birinchi azon – bugun juma kuni ekani va juma namozi haqida eslatma uchun chaqiriq.

Ikkinchi azon – juma namozi azoni. Azon aytilishi bilan imom xutba o‘qishni boshlaydi.

Takbir – juma namozi o‘qish uchun aytiladi. 2 rakat farz namozi o‘qiladi.

Ikki haramda juma kungi farzdan oldingi va farz namozidan keyingi 4 rakatdan o‘qiladigan sunnat namozlarini 2 rakatli farz namozidan keyin 4 rakatdan 8 rakat qilib o‘qib olinadi. Shu tartibda juma namozi ado etiladi.

 

Mohira BAHODIR