Bir o‘smir “ulg‘ayib, boy bo‘lsam hammaga yordam beraman” deb yurar edi. U boylik bo‘lsagina odamlarga yordam berish mumkin, degan fikrda ekan, bir kuni Payg‘ambar alayhissalomning bir xurmoni yarmini sadaqa qilib bo‘lsa ham do‘zaxdan saqlanish lozimligi haqidagi hadisini eshitib qoldi. Bir kichik xurmoning yarmi qancha bo‘lardi, deb tasavvur qilolmadi.
Ertasiga ko‘chaga chiqish oldidan bir xurmoni cho‘ntagiga solib oldi. Yo‘l bo‘yda tilanib turgan otaxonning yonidan o‘tarkan, cho‘ntagiga qo‘lini tiqib, beixtiyor kechagi hadisni esladi. Xurmoni olib, yarmini otaxonga uzatdi. Shunda otaxonning ko‘zlari quvonchdan porlab ketdi. O‘smir yigit o‘yladiki, “hatto ko‘p pul berilsa ham bu qadar xursand bo‘lmasdi”, deb o‘yladi. Qilgan ishidan o‘ziyam shodlandi. Angladiki, otaxon o‘ziga berilgan narsaning qiymatidan emas, o‘ziga berilgan e’tibor va baham ko‘rishdan nihoyatda shodlangandi.
Yigitcha bu ishidan keyin yuqoridagi hadisning hikmatini tushunib ketdi. Endi u bir ko‘ngilni obod qilish uchun boy bo‘lishni kutib yurmaslik kerakligini bildi. Zero, ko‘ngil Xudoning nazargohidir. Uni quvontirgan kishini Alloh quvontirishi shubhasizdir.
Akbarshoh Rasulov
Afv – o‘ch olishga qodir bo‘la turib, toyilish va xatolardan o‘tib kechirib yuborish demakdir. Buning yana bir ma’nosi adovat va nafrat kabi illatlarni qalbdan ketkazish bo‘lib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu borada: “Qiyomat kunida jarchi nido qilib: “Allohning zimmasida savobi borlar tursin va jannatga kirsin”, deyiladi, dedilar. Sahobalar: “Allohning zimmasida ajri borlar kimlar?” – deb so‘rashdi. Nabiy alayhissalom: “Odamlarni afv qilib yuboruvchilar” [1], deb javob berdilar.
Agarda siz ham Allohning zimmasida ajri borlar qatorida bo‘lishni istasangiz sizga yomonlik qilgan, sizning haqqingiz borasida xato qilgan kishining xato va kamchiliklarini kechirib yuboring. Axir Alloh taolo: «...Bas, kimki afv etib (o‘rtani) tuzatsa, bas, uning mukofoti Allohning zimmasidadir. Albatta, U zolim (tajovuzkor)larni sevmas»[2], deydi.
Sizga nisbatan xato qilgan kishilarga yumshoq munosabatda va sabrli bo‘lish, sizni ulushingizdan mahrum qilganlarga ham ziqnalik qilmaslik, siz bilan aloqani uzmoqchi bo‘lganlar bilan ham aloqani ushlab qolish, uzilganlarini tezlik bilan qayta yo‘lga qo‘yish – bularning bari qandayin axloq ekanini ko‘ringki, ular o‘z sohibini qiyomat kunida yuksak martaba va maqomlarga erishtiradi.
Rivoyatlarda kelishicha, bir a’robiyni tuhmat qilgani sababli sultonning huzuriga keltirishibdi. U yo‘l-yo‘lakay «Mana mening kitobimni o‘qinglar» degan oyati karimani tilovat qilib boribdi. Atrofdagilardan biri unga qarata: “Bu qiyomat kuni aytiladi, bugun emas”, debdi. A’robiy javob berib: “Xudo haqqi, bu kun qiyomat kunidan-da yomonroq. Chunki qiyomat kunida mening yomonliklarim bilan birga yaxshiliklarim ham ko‘rsatiladi va hisobga olinadi. Bugun mening yomonliklarimni e’tiborga olyapsizlar-u, yaxshiliklarimni inobatga olarmidingiz?!” – debdi.
Siz otasiz! Farzandingiz bir marotaba xatoga yo‘l qo‘ydimi, bunday vaziyatda uning barcha yaxshiliklarini unutib yubormang.
Mabodo do‘stingiz sizga nisbatan bir gal xato ish qilib qo‘ysa, siz u bilan birga yelkama-yelka turib o‘tkazgan yaxshi kunlaringiz va uning chiroyli do‘stligi va sadoqatini esdan chiqarmang.
Muhammad ibn Abu Bakr rahmatullohi alayh bunday deydilar: “Ey inson! Sen va Robbing o‘rtasida O‘zidan boshqasi bilmaydigan xato va kamchiliklaring bor. Alloh ularni kechirib yuborishini xohlaysan. Agar rostdan ham shu gunohlaring afv etilishi ishtiyoqida bo‘lsang, u holda U Zotning bandalaridan o‘tgan xatolarni kechir va afv et. Alloh sening xatolaringdan kechishini istasang, sen ham bandalarining xatolarini o‘tib yubor”.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Tabaroniy hasan sanad bilan rivoyat qilgan.
[2] Shuro surasi, 40-oyat.