Bismillahir Rohmanir Rohiym
Sahl ibn Mu’oz otasidan rivoyat qiladi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim ota-onasiga yaxshilik qilsa, unga Tubo bo‘lsin, Alloh azza va jalla uning umrini ziyoda qilsin», dedilar».
Sharh: Bu hadisi sharifda ota-onasiga yaxshilik qilgan farzandlarga katta mukofot va barakotlar va’da qilinmoqda.
Kim ota-onasiga yaxshilik qilsa, unga Tubo bo‘lar ekan. Tubo jannatning nomlaridan biri yoki jannatdagi daraxtning ismi yoxud saodat va yaxshilik ma’nolarini anglatadi. Shularning hammasi va’da qilinmoqda desak, yana ham ma’qul bo‘ladi.
«Umrini ziyoda qilsin» deganda, umrini barakali qilish ma’nosi tushuniladi. Belgilangan umrini yashaydi, lekin Alloh taolo uning umrini barakali qilib qo‘yadi.
Ba’zi ulamolar: «Alloh taoloning O‘ziga oson, belgilangan umrni uzaytirsa ham O‘zining ishi, bunga birov aralasha olmaydi. Allohning irodasini hech kim qaytara olmaydi, xohlasa, shunday bo‘laveradi», deyishadi.
Demak, kim umrim barakali, uzun bo‘lsin desa, ota-onasiga yaxshilik qilishi kerak ekan.
«Odoblar xazinasi» kitobi 1-juz