Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ashraf Aliy Tahonaviy rahmatullohi alayhning bir shogirdi bo‘lib, u zot unga tazkiya va talqinga ijozat bergan edi. Bir kuni u o‘g‘ilchasini yetaklab ustozi ziyoratiga keldi. Salom-alikdan so‘ng o‘g‘lini tanishtirib, uning haqqiga duo qilishlarini so‘radi. Hazrat bolaning haqqiga duo qildilar. Gap orasida ustoz bolaning yoshini ham so‘rab qoldilar. Shogird «Bolam o‘n uch yoshda», dedi. Mamlakatdagi qonun bo‘yicha bolalarga o‘n uch yoshgacha chipta narxining yarmi to‘lanar, o‘n uchga to‘lgan kunidan boshlab ularning chiptasi ham kattalar kabi to‘la bahosiga xarid qilinar edi.
Hazrat bolaga chiptaning qaysi narxda olinganini so‘rab qoldilar. Shogirdi «Jussasi kichkina bo‘lgani uchun yarim narx to‘ladik», deb javob berdi. Shunda ustozning avzoyi birdan o‘zgarib, shunday dedilar: «Inna lillaahi va inna ilayhi roji’un! Sizga tasavvuf va tariqatning changi ham yetib kelmagan ekan. Siz haligacha harom-halolni ajratmabsiz. Bolani safarga olib chiqibsiz-u, lekin unga yo‘lkira to‘lashda harom ishga qo‘l uribsiz. Kattalar maqomiga yetgan bolaga yosh bolalarning chiptasini olib, yo‘l xizmati idorasining haqqini o‘g‘irlabsiz. O‘g‘rilik qiladigan. birovning haqqini tortib oladigan shaxs tasavvuf va tariqatda biror maqomga ega bo‘lmaydi. Shuning uchun sizga bergan ijozatimni bekor qilaman».
O‘sha shogird ibodatda mukammal kishi edi. Lekin ustoz chipta olishda, ya’ni muomalotda haromga yo‘l qo‘ygani tufayli unga bergan vakolatini bekor qildi.
Abdulmannon Andijoniy
Ispaniyaning “El Mundo Financiero” nashrida O‘zbekistonning xalqaro turizm bozoridagi o‘rniga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada qayd etilishicha, “Global Terrorism Index 2026” reytingida O‘zbekiston yana dunyodagi eng xavfsiz davlatlar qatoriga kirgan. Iqtisodiyot va tinchlik instituti tomonidan tayyorlangan mazkur reyting 163 mamlakatni qamrab olgan bo‘lib, 2026 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston 0,014 ball bilan eng xavfsiz davlatlar guruhidan joy olgan.
Nashr bu natijani mamlakatda jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquq-tartibot tizimini takomillashtirish hamda huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar samarasi sifatida baholagan.
Materialda xorijlik sayyohlar O‘zbekiston bo‘ylab sayohat davomida o‘zini xavfsiz his qilishiga alohida e’tibor qaratilgan. Aeroportlar, temir yo‘l vokzallari, metro, turistik obyektlar, markaziy ko‘chalar va boshqa jamoat joylarida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha yaratilgan tizim mamlakatning ijobiy imijini mustahkamlashga xizmat qilayotgani ta’kidlangan.
Shuningdek, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi Buyuk Ipak yo‘li shaharlari, shuningdek, zamonaviy Toshkentning boy tarixiy-madaniy merosi hamda mehmondo‘stlik an’analari xorijlik sayyohlarni tobora ko‘proq o‘ziga jalb etayotgani alohida e’tirof etilgan.
“Global Terrorism Index 2026” natijalari O‘zbekistonning turizm, biznes va xalqaro almashinuvlar uchun ishonchli, barqaror hamda xavfsiz mamlakat sifatidagi imijini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi”, deya xulosa qilgan “El Mundo Financiero”.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati