Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Avgust, 2026   |   7 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:10
Quyosh
05:37
Peshin
12:26
Asr
17:15
Shom
19:19
Xufton
20:41
Bismillah
20 Avgust, 2026, 7 Rabi`ul avval, 1448

Harom-halolni ajratmabsiz!

28.05.2025   11622   1 min.
Harom-halolni ajratmabsiz!

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Ashraf Aliy Tahonaviy rahmatullohi alayhning bir shogirdi bo‘lib, u zot unga tazkiya va talqinga ijozat bergan edi. Bir kuni u o‘g‘ilchasini yetaklab ustozi ziyoratiga keldi. Salom-alikdan so‘ng o‘g‘lini tanishtirib, uning haqqiga duo qilishlarini so‘radi. Hazrat bolaning haqqiga duo qildilar. Gap orasida ustoz bolaning yoshini ham so‘rab qoldilar. Shogird «Bolam o‘n uch yoshda», dedi. Mamlakatdagi qonun bo‘yicha bolalarga o‘n uch yoshgacha chipta narxining yarmi to‘lanar, o‘n uchga to‘lgan kunidan boshlab ularning chiptasi ham kattalar kabi to‘la bahosiga xarid qilinar edi.

Hazrat bolaga chiptaning qaysi narxda olinganini so‘rab qoldilar. Shogirdi «Jussasi kichkina bo‘lgani uchun yarim narx to‘ladik», deb javob berdi. Shunda ustozning avzoyi birdan o‘zgarib, shunday dedilar: «Inna lillaahi va inna ilayhi roji’un! Sizga tasavvuf va tariqatning changi ham yetib kelmagan ekan. Siz haligacha harom-halolni ajratmabsiz. Bolani safarga olib chiqibsiz-u, lekin unga yo‘lkira to‘lashda harom ishga qo‘l uribsiz. Kattalar maqomiga yetgan bolaga yosh bolalarning chiptasini olib, yo‘l xizmati idorasining haqqini o‘g‘irlabsiz. O‘g‘rilik qiladigan. birovning haqqini tortib oladigan shaxs tasavvuf va tariqatda biror maqomga ega bo‘lmaydi. Shuning uchun sizga bergan ijozatimni bekor qilaman».

O‘sha shogird ibodatda mukammal kishi edi. Lekin ustoz chipta olishda, ya’ni muomalotda haromga yo‘l qo‘ygani tufayli unga bergan vakolatini bekor qildi.

Abdulmannon Andijoniy

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro nufuzi yana bir bor yuksak e’tirof etildi

07.08.2026   50464   4 min.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro nufuzi yana bir bor yuksak e’tirof etildi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nomiga xorijiy davlatlar rahbarlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar, ilmiy muassasalar hamda xalqaro anjumanlar ishtirokchilari tomonidan yo‘llanayotgan minnatdorlik va hamkorlik maktublari Markazning xalqaro maydondagi yuksak nufuzi tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat bermoqda.

Xususan, Malayziya Qirolichasi Raja Zarit Sofiya Zoti Oliyalari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov nomiga yo‘llagan minnatdorlik maktubida O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davomida ko‘rsatilgan yuksak mehmondo‘stlik va samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirgan. Shuningdek, Qirolicha O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif unda unutilmas taassurot qoldirganini ta’kidlab, Markaz ekspozitsiyalari Markaziy Osiyoning boy tarixi, madaniy merosi hamda Islom sivilizatsiyasi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalarning ilmiy-ma’naviy merosini zamonaviy muzey yechimlari orqali keng va ta’sirchan tarzda namoyon etayotganini yuqori baholagan. Ayniqsa, Qur’on zalidagi ma’naviy muhit va noyob meros namunalari unda katta hurmat va hayrat tuyg‘ularini uyg‘otgani qayd etilgan.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda 2026 yil 7–11 iyul kunlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida bo‘lib o‘tgan I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi yuksak xalqaro e’tirofga sazovor bo‘lmoqda. Forum yakunlaridan so‘ng nufuzli xalqaro tashkilotlar, ilmiy muassasalar va jamoat arboblari tomonidan minnatdorlik hamda hamkorlikni rivojlantirishga oid qator maktublar kelib tushdi.

Malayziya Xalqaro Islom universiteti (International Islamic University Malaysia – IIUM) huzuridagi Office of Strategic Institution Transformation rahbari, professor Shukron bin Abd Rahmon o‘z maktubida I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumining xalqaro ahamiyatiga alohida to‘xtalgan. Uning qayd etishicha, 40 dan ortiq mamlakatdan olimlar, davlat arboblari va xalqaro tashkilotlar vakillarini birlashtirgan mazkur anjuman islom sivilizatsiyasining tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat g‘oyalarini targ‘ib etish, davlatlar o‘rtasidagi ilmiy muloqot va akademik hamkorlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutdi. Shuningdek, forumning yuqori saviyada tashkil etilgani, ishtirokchilar uchun yaratilgan sharoitlar hamda O‘zbekistonning boy ilmiy va ma’naviy merosi xalqaro jamoatchilikka munosib tarzda namoyon etilgani e’tirof etildi.

Rossiyaning “Rossiya – Islom dunyosi” strategik qarash guruhi tomonidan yuborilgan ikki alohida maktubda ham Forum va Markaz faoliyatiga yuksak baho berildi. Xususan, mazkur maktublarda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi XXI asr islom olamidagi eng yirik gumanitar va madaniy-ma’rifiy loyihalardan biri sifatida baholanib, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ushbu tashabbusni amalga oshirishdagi yetakchi o‘rni va Markazni ilm-fan, tinchlik, ma’rifat, gumanizm hamda bunyodkorlik maskani sifatida shakllantirishga qaratilgan sa’y-harakatlari alohida e’tirof etilgan.

Shu bilan birga, Markazning kelgusida dunyo olimlari, tadqiqotchilari va talabalari uchun nufuzli ilmiy-ma’rifiy markazga aylanishiga ishonch bildirilib, muzeyshunoslik, tarix, arxeologiya, ta’lim, kitobshunoslik va nashriyotchilik sohalarida qo‘shma ilmiy va madaniy loyihalarni amalga oshirishga tayyorlik bildirilgan.

Iordaniya Hoshimiylar Qirolligi Madaniyat vazirligi Bosh kotibi professor Nidal Al-Ahmad ham o‘z maktubida I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi yuksak saviyada tashkil etilganini ta’kidlab, anjuman Islom sivilizatsiyasining insoniyat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasini xalqaro maydonda yana bir bor namoyon etganini qayd etgan. Shuningdek, turli mamlakatlardan tashrif buyurgan olimlar, davlat va din arboblarini bir maydonga jamlagan mazkur forum tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat g‘oyalarini ilgari surishga xizmat qiluvchi muhim xalqaro muloqot platformasiga aylangani ta’kidlangan.

Markazning xalqaro maydondagi faoliyatiga bildirilayotgan yuksak ishonchning yana bir amaliy ifodasi sifatida ICESCO ning Boku shahridagi mintaqaviy ofisi tomonidan Markaz rahbariyatiga 2026 yil 27–28 iyul kunlari bo‘lib o‘tgan Global Foresight Focal Points Initiative xalqaro tadbirida ishtirok etish uchun rasmiy taklifnoma yuborildi. Taklifda ICESCOga a’zo davlatlarda strategik prognozlash, davlat boshqaruvida innovatsion yondashuvlarni joriy etish va kelajakni rejalashtirish sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgani qayd etilgan.

Xorijiy davlatlar rahbarlari, nufuzli olimlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan bildirilgan mazkur e’tiroflar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining qisqa vaqt ichida xalqaro ilmiy-ma’rifiy hamkorlikning muhim platformalaridan biriga aylanganini yana bir bor tasdiqlaydi. Bu esa Markaz tomonidan islom sivilizatsiyasining boy ilmiy va madaniy merosini o‘rganish, asrab-avaylash va jahon hamjamiyatiga keng targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro darajada yuksak baholanayotganining yorqin ifodasidir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari